Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻchmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish hamda koʻchmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining plastik shaklda tayyorlanadigan koʻchmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi namunasini (keyingi oʻrinlarda yangi namunadagi kadastr pasporti deb ataladi):
Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida — 2020-yil 1-martdan boshlab;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlarda esa — 2020 — 2022-yillarda bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilansinki, 2020-yil 1-martdan boshlab Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga oʻtgan, bekor boʻlgan yoki koʻchmas mulk obyektining huquqiy holati oʻzgarganligini tasdiqlash yuzasidan murojaat qilinganda, ariza beruvchiga davlat xizmatlari markazlari orqali yangi namunadagi kadastr pasporti beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi:
bir oy muddatda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yangi namunadagi kadastr pasporti shakli va uning tavsifini tasdiqlasin;
ikki oy muddatda chet el investorlarini jalb etgan holda yangi namunadagi kadastr pasportlarini yetarli miqdorda ishlab chiqarilishini hamda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan davlat xizmatlari markazlariga yetkazib berilishini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlarda esa — 2020 — 2022-yillarda bosqichma-bosqich, lekin yangi namunadagi kadastr pasporti berilishidan bir oy oldin davlat xizmatlari markazlariga yetkazib berilishini taʼminlasin;
bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A.X. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-dekabr,
987-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 09/19/987/4141-son)