OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDA DAVLAT MODDIY REZERVLAR BOSh BOShQARMASI (“OʻZDAVREZERV”)NI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xalq xoʻjaligi va aholining davlat, safarbarlik va kechiktirib boʻlmaydigan ehtiyojlarini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barqaror faoliyat koʻrsatishi, tabiiy ofatlar, halokatlar, avariyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy boyliklarning maxsus fondini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. SSSR Moddiy rezervlar davlat qoʻmitasining Oʻrta Osiyo hududiy boshqarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat moddiy rezervlar Bosh boshqarmasi (“Oʻzdavrezerv”) tashkil etilsin.
SSSR Moddiy rezervlar davlat qoʻmitasi Oʻrta Osiyo hududiy boshqarmasining Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan asosiy mablagʻlari, shu jumladan, binolari va inshootlari, korxonalari va tashkilotlari, 1-ilovaga muvofiq, “Oʻzdavrezerv”ga berilsin.
2. “Oʻzdavrezerv” zimmasiga quyidagilar yuklatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining moddiy boyliklarning davlat va safarbarlik rezervlarini yaratish va ularni berish, “qaytarish, yangilash va almashtirish boʻyicha topshiriqlarini hamda alohida qarorlarini bajarishni taʼminlash;
respublika hududida joylashgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning (ularning idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar) safarbarlik rezervlari bilan bogʻliq faoliyatini nazorat qilish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi har yili yillik topshiriqlarni va budjetni tuzishda “Oʻzdavrezerv” apparati va unga qarashli korxonalarning normal ishlashini taʼminlash, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun unga tegishli hajmda kapital mablagʻlar, moddiy va moliyaviy resurslar, shuningdek, davlat va safarbarlik rezervlarida toʻplanadigan moddiy boyliklar haqini toʻlash uchun mablagʻlar ajratishni nazarda tutsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qoʻmitasi Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi, “Oʻzdavrezerv”, Mudofaa ishlari vazirligi, Savdo vazirligi, Vazirlar Mahkamasining Favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda har yili davlat va safarbarlik rezervlarining moddiy boyliklarini jamgʻarish, brondan chiqarish, yangilash, qaytarish va almashtirish rejalari loyihalarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi davlat moddiy va safarbarlik rezervlari daxlsizdir.
Davlat va safarbarlik rezervlaridan moddiy boyliklarni berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan brondan chiqarish, yangilash va almashtirish yillik rejalariga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari asosida amalga oshiriladi.
Davlat va safarbarlik rezervlarining moddiy boyliklarini oʻzboshimchalik bilan sarflashda hamda uning daxlsizligini boshqacha buzishlarda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
6. “Oʻzdavravrezerv”ga boʻsh ombor maydonlarini respublika korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga ijaraga berishga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tashkil etilayotgan respublika tovar ayirboshlash fondini saqlash va berish aʼmollarini amalga oshirishga ruxsat berilsin.
7. “Oʻzdavrezerv”ning markaziy apparati tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Oʻzdavrezerv” markaziy apparati xodimlarining eng koʻp soni 47 kishidan (maʼmuriy binoni qoʻriqlovchi va unga xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) va yillik mehnat haqi fondi 275 ming soʻmdan iborat qilib belgilansin.
“Oʻzdavrezerv”ga bir nafar boshliq oʻrinbosariga ega boʻlishga ruxsat etilsin. “Oʻzdavrezerv”da 5 kishidan iborat Kengash tashkil etiladi.
8. “Oʻzdavrezerv”ning rahbar xodimlari va mutaxassislari mehnat haqi toʻlash, shuningdek, tibbiy va maishiy xizmat koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari markaziy apparati xodimlarining tegishli toifalariga tenglashtirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat moddiy rezervlar Bosh boshqarmasining ilova qilinayotgan Nizomi tasdiqlansin. “Oʻzdavrezerv” ikki oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qoʻmitasi, Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan davlat va safarbarlik rezervlari toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun taqdim etsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzdavrezerv” va Davlat banki bilan birgalikda davlat va safarbarlik rezervlarining material va tovarlari uchun hisob-kitoblar tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 4-fevral,
43-son
SSSR Moddiy rezervlar Davlat qoʻmitasi Oʻrta Osiyo hududiy boshqarmasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat moddiy rezervlar Bosh boshqarmasiga beriladigan korxonalari
ROʻYXATI
“Sentralniy” kombinati, Toshkent sh.
“Magnit” kombinati, Toshkent viloyatidagi Ohangaron sh.
“Peredovik” kombinati, Samarqand viloyatidagi Juma sh.
“Svoboda” kombinati, Samarqand viloyatidagi Krasnogvardeysk sh.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat moddiy rezervlar Bosh boshqarmasi markaziy apparatining
TUZILIShI
Rahbariyat
Birinchi boʻlim
Ikkinchi boʻlim (oziq-ovqat)
Uchinchi boʻlim (reja-iqtisodiyot)
Ettinchi boʻlim (sanoat-xomashyo va yonilgʻi)
Toʻqqizinchi boʻlim (ekspluatatsiya va qurilish)
Oʻninchi boʻlim (tovar ayirboshlash)
Oʻn birinchi boʻlim (harbiy-safarbarlik)
Oʻn ikkinchi boʻlim (favqulodda vaziyatlar boʻyicha)
Buxgalteriya
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat moddiy rezervlar Bosh boshqarmasi (“Oʻzdavrezerv”) toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat moddiy rezervlar Bosh boshqarmasi (“Oʻzdavrezerv”) respublika rezerv fondlarini tashkil etish sohasida respublika davlat boshqaruv organi boʻlib, boshqa mintaqalar bilan oʻzaro foydali almashuv operatsiyalarini amalga oshirish uchun davlat moddiy rezervini, moddiy-texnika va oziq-ovqat resurslarining respublika tovar ayirboshlash fondini jamgʻarishni amalga oshiradi va ularni saqlashni taʼminlaydi, shuningdek, ularning idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalarda tashkilotlarda va muassasalarda safarbarlik rezervi moddiy boyliklarining jamgʻarilishini hamda saqlanishini nazorat qiladi.
2. Quyidagilar “Oʻzdavrezerv”ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat rezervidagi moddiy boyliklarni jamgʻarish va ularni berish boʻyicha davlat rejalarining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari va alohida qarorlarining bajarilishini taʼminlash;
korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning (ularning idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar), shuningdek, ularning yuqori organlarining safarbarlik rezervi bilan bogʻliq faoliyatini nazorat qilishni amalga oshirish;
tasarrufidagi korxonalarda asosiy fondlarning oʻz vaqtida ishga tushirilishini va ulardan, shuningdek, “Oʻzdavrezerv” tizimini saqlash uchun ajratiladigan budjet ajratmalaridan hamda korxonalarni, tabiatni muhofaza qilish inshootlarini, uy-joylarni va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini qurishga, texnikaviy qayta jihozlashga, kengaytirishga va qayta qurishga moʻljallangan kapital mablagʻlardan samarali foydalanishni taʼminlash;
davlat rezervi moddiy boyliklarining, shuningdek, respublika tovar ayirboshlash fondining sifat va miqdor jihatidan saqlanishini taʼminlash;
yagona texnika siyosati oʻtkazish, korxonalarni qurishda va ulardan foydalanishda fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini, ilgʻor tajribani joriy etish;
“Oʻzdavrezerv” apparatini va uning korxonalarini kadrlar bilan taʼminlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, yuqori malakali mutaxassislarni, mohir tashkilotchilarni, oʻz ishini yaxshi biladiganlarni hamda jamoada obroʻ-eʼtibor va ishonch qozonganlarni rahbarlik ishlariga koʻtarish;
xavf-xatarsiz mehnat sharoitlari yaratish, ishlab chiqarishda shikastlanishlarning oldini olishning yangi vosita va usullarini joriy etish, ishchi va xizmatchilarning ijtimoiy-maishiy turmush sharoitlarini yaxshilash.
3. “Oʻzdavrezerv” oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Iqtisodiyot qoʻmitasi, Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi, Mudofaa ishlari vazirligi; Savdo vazirligi va respublikaning boshqa manfaatdor tashkilotlari bilan birgalikda:
davlat va safarbarlik rezervlari tarkibiga kiritiladigan, shuningdek, respublika tovar ayirboshlash fondini tashkil etish uchun moddiy boyliklar nomenklaturasi va ularni jamgʻarish normalari;
davlat va safarbarlik rezervlari moddiy boyliklarini, respublika ayirboshlash fondini tashkil etish uchun moddiy boyliklarni jamgʻarish, brondan chiqarish, yangilash, almashtirish, shuningdek, “Oʻzdavrezerv” tizimini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish rejalari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
davlat rezervini, respublika ayirboshlash fondini saqlash uchun moʻljallangan yangi korxonalar quriladigan joylarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qoʻmitasi, Mudofaa ishlari vazirligi mahalliy boshqaruv organlari bilan, Qurolli Kuchlar uchun moʻljallangan davlat rezervi moddiy boyliklarining kamaymaydigan zaxiralarini hududiy joylashtirishni Mudofaa ishlari vazirligi bilan kelishilgan holda belgilaydi va tasdiqlaydi;
davlat va safarbarlik rezervlari moddiy boyliklarini, shuningdek, respublika ayirboshlash fondining moddiy boyliklarini jamgʻarish, berish, qaytarish, yangilash va almashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan rejalar va topshiriqlarning bajarilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirigʻi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining rezervlarning moddiy boyliklarini olish va qaytarish muddatlarini koʻchirish haqidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli xulosalarni taqdim etadi;
davlat va safarbarlik rezervlari moddiy boyliklarini hamda respublika ayirboshlash fondi moddiy boyliklarini jamgʻarish boʻyicha xarajatlarni belgilangan tartibda mablagʻ bilan taʼminlashni va ular uchun hisob-kitoblarni amalga oshiradi;
tasarrufidagi korxonalarda buxgalteriya va statistika hisobini tashkil etadi, hisobga olish formalarini tasdiqlaydi, belgilangan tartibda buxgalteriya va statistika hisobotini oladi va taqdim etadi, hisobga olishning ilgʻor usullarini joriy qiladi;
davlat, safarbarlik rezervlari moddiy boyliklarining, shuningdek, respublika ayirboshlash fondi moddiy boyliklarining yagona hisobini tashkil etishni taʼminlaydi, ularning mavjud miqdori va harakatining yigʻma hisobini amalga oshiradi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va Iqtisodiyot qoʻmitasiga moddiy boyliklarni jamgʻarish hamda davlat va safarbarlik rezervlariga qaytarish boʻyicha rejalarning bajarilishi toʻgʻrisida, shuningdek, safarbarlik rezervidagi va respublika ayirboshlash fondidagi moddiy boyliklar miqdori toʻgʻrisida hisobotlar yuboradi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davlat rezervidagi moddiy boyliklar miqdori toʻgʻrisida yigʻma hisobotlar taqdim etadi, Qurolli Kuchlar uchun moʻljallangan davlat rezervidagi moddiy boyliklar miqdori toʻgʻrisida (nomenklatura, hajmlar va saqlash punktlari boʻyicha) Mudofaa ishlari vazirligiga har yili xabar qilib turadi;
tasarrufidagi korxonalarning butun xoʻjalik faoliyatiga rahbarlik qilishni taʼminlaydi, mehnatni tashkil etishni yaxshilash, tejamkorlik tartibini kuchaytirish va davlat rezervini saqlash xarajatlarini kamaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
davlat mulkini muhofaza qilishni taʼminlaydi hamda tasarrufidagi korxonalarda umumiy va yongʻindan saqlashni tashkil etish boʻyicha tadbirlarni amalga oshiradi;
tasarrufidagi korxonalarda safarbarlik tayyorgarligi va fuqaro mudofaasi boʻyicha tadbirlarni tashkil etadi va amalga oshiradi;
davlat rezervi moddiy boyliklarini uzoq vaqt saqlash bilan bogʻliq boʻlgan ilmiy-tadqiqot va tajriba ishlarini oʻtkazishni taʼminlaydi, ushbu moddiy boyliklarni uzoq vaqt saqlashni taʼminlashga doir tajribani umumlashtiradi va chora-tadbirlarni amalga oshiradi
4. “Oʻzdavrezerv” quyidagi huquqlarga egadir:
a) korxonalar, tashkilotlar va muassasalar (ularning idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar), shuningdek, ularning yuqori organlari tomonidan safarbarlik rezervi moddiy boyliklarini jamgʻarish, yangilash, almashtirish rejalarining bajarilishi, ularni olish va qaytarish tartibiga rioya qilinishi, shuningdek, ushbu boyliklarning tasdiqlangan nomenklaturaga, davlat standartlariga yoki texnikaviy shartlarga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
b) korxonalarda, tashkilotlarda (ularning idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar) saqlanayotgan davlat va safarbarlik rezervi moddiy boyliklarining hisobga olinishini, harakatini, miqdorini va sifatini taftish qilish va tekshirish kamchiliklarni bartaraf etish hamda davlat va safarbarlik rezervlarini saqlashni tartibga solish boʻyicha ular uchun bajarish shart boʻlgan koʻrsatmalar berish;
v) harbiy-safarbarlik organlari va boshqa organlarning, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning (ularning idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar), shuningdek, ularning yuqori organlarining davlat va safarbarlik rezervlari bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha ishlarini tekshirish;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qoʻmitasi, Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasidan davlat rezervidagi moddiy boyliklar nomenklaturasini va jamgʻarish normalarini ishlab chiqish uchun hamda ularni hududiy joylashtirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish;
d) davlat rezervi moddiy boyliklarini yetkazib berish, qabul qilib olish (saqlashga qoʻyish), saqlash, almashtirish, berish hamda ushbu moddiy boyliklar bilan boshqa operatsiyalarni oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlarini belgilovchi, koʻrsatib oʻtilgan moddiy boyliklarni yetkazib beruvchilar, masʼul saqlovchilar va oluvchi (isteʼmolchi)lar (ularning idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar), shuningdek, ularning yuqori organlari uchun bajarish majburiy boʻlgan yoʻriqnomalarni ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash;
e) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat banki bilan birgalikda davlat va safarbarlik rezervlari moddiy boyliklarini, respublika rezerv fondi moddiy boyliklarini mablagʻ, kredit bilan taʼminlash va buxgalteriya hisobi tartibi toʻgʻrisida korxonalar, tashkilotlar va muassasalar (ularning idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar), shuningdek, ularning yuqori organlari uchun bajarish majburiy boʻlgan yoʻriqnomalarni ishlab chiqishda va tasdiqlashda qatnashish;
j) davlat rezervining masʼul saqlovchilaridan va safarbarlik rezervi moddiy boyliklarini saqlovchilardan ular tomonidan belgilangan tartibda oʻtkazilgan davlat va safarbarlik rezervlari moddiy boyliklarini roʻyxatdan oʻtkazish yakunlari toʻgʻrisidagi hujjatli maʼlumotlarni taqdim etishni talab qilish;
z) “Oʻzdavrezerv” Kengashida korxonalar, tashkilotlar va muassasalar (ularning idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar), shuningdek, ularning yuqori organlari rahbar xodimlarining davlat va safarbarlik rezervlari bilan bogʻliq ishlarining ahvoli haqidagi hamda ushbu ishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar haqidagi hisobotlarini tinglash;
i) korxonalar, tashkilotlar va muassasalardan (ularning idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar), shuningdek, ularning yuqori organlaridan davlat va safarbarlik rezervlari bilan ishlashdagi qoida buzishlar haqida tushuntirish xatlari va boshqa materiallarni talab qilish;
k) davlat va safarbarlik rezervlari bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni va ishlanmalarni bajarish yuzasidan buyurtmachi sifatida belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
l) mahsulot yetkazib beruvchi korxonalardan va masʼul saqlovchilardan moddiy boyliklarni davlat rezerviga yetkazib berish (joʻnatish, saqlashga qoʻyish) hamda ular oʻrnining oʻzgarishi haqida hisobotlar olish.
5. “Oʻzdavrezerv” oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Davlat moddiy rezervi toʻgʻrisidagi Nizomga, Safarbarlik rezervi toʻgʻrisidagi Nizomga, ushbu Nizomga amal qiladi hamda tasarrufidagi korxonalarda amaldagi qonunlarga rioya etilishini taʼminlaydi.
6. “Oʻzdavrezerv”ga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat moddiy rezervlar Bosh boshqarmasi boshligʻi rahbarlik qiladi.
Bosh boshqarma boshligʻi va uning oʻrinbosarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydi.
7. Bosh boshqarma boshligʻi bosh boshqarmaga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, oʻz oʻrinbosarlari va tarkibiy boʻlinmalar boshliqlarining javobgarlik darajasini belgilaydi.
8. “Oʻzdavrezerv” amaldagi qonunlar asosida va uni bajarish maqsadida, oʻz vakolati doirasida, tasarrufidagi korxonalar uchun bajarish majburiy boʻlgan buyruqlar, yoʻriqnomalar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi, shuningdek, davlat va safarbarlik rezervlari masalalari boʻyicha barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar (ularning idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar) va ularning yuqori organlari uchun bajarish majburiy boʻlgan yoʻriqnomalar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi. Zarur hollarda “Oʻzdavrezerv” Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari bilan birga qarorlar va buyruqlar chiqaradi.
9. “Oʻzdavrezerv”da Bosh boshqarma boshligʻi (Kengash raisi) va lavozim boʻyicha uning oʻrinbosarlari, shuningdek, Bosh boshqarmaning boshqa rahbar xodimlaridan iborat tarkibda Kengash tuziladi. Kengash aʼzolarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
10. “Oʻzdavrezerv” Kengashi oʻz majlislarida Bosh boshqarma oldida turgan vazifalarning bajarilishini tashkil etish, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish va tarbiyalash, tasarrufidagi, korxonalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, oʻzining tarkibiy boʻlinmalari faoliyatiga doir muhim masalalarni, shuningdek, Bosh boshqarma vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
11. “Oʻzdavrezerv” apparati tarkibi va xodimlari soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
“Oʻzdavrezerv” apparati shtatlari roʻyxatini va uning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni Bosh boshqarma boshligʻi tasdiqlaydi.
12. “Oʻzdavrezerv” va uning tasarrufidagi korxonalar respublika budjeti mablagʻlari hisobiga saqlanadi.
13. “Oʻzdavrezerv” Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega boʻladi.