Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TAMAKI BARGI XARID QILIShNI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq xoʻjaligida tamaki bargi yetishtiruvchilarni yanada ragʻbatlantirish va xoʻjaliklarning tayyorlov tashkilotlari bilan iqtisodiy munosabatlarini erkinlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tovar yetishtiruvchi tamakichilik xoʻjaliklaridan “Dyubek” navli tamaki bargi xarid qilish boʻyicha har yilgi kvota 2000—2004-yillar hosilidan “OʻzBAT A.J.” qoʻshma korxonasi uchun 15 ming tonna va “Oziqovqatsanoat” uyushmasi uchun 4,6 ming tonna hajmida belgilansin.
Samarqand viloyati hokimligi “OʻzBAT A.J.” qoʻshma korxonasi va “Oziqovqatsanoat” uyushmasi tomonidan tamaki bargi xarid qilish hajmlarining tamakichilik xoʻjaliklari oʻrtasida teng miqdorda taqsimlanishini taʼminlasin.
2. Tamakichilik xoʻjaliklariga, “OʻzBAT A.J.” qoʻshma korxonasi va “Oziqovqatsanoat” uyushmasi bilan kontraktatsiya shartnomalari bajarilgandan keyin, yuqorida qayd etilgan hajmdan ortiqcha yetishtirilgan tamaki bargini (fermentlangan tamakini) belgilangan tartibda birjalar orqali sotishiga ruxsat berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda yilning har choragida, hisobot oyidan keyingi oyning 20-kunigacha Vazirlar Mahkamasiga mahsulot yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar boʻyicha tamaki bargi xaridi va uni sotish hajmi toʻgʻrisida hisobot taqdim etsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
4. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 26-yanvardagi 40-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 11-dekabrdagi 515-f-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 21-sentabr,
363-son