O‘zbekiston Respublikasining qonuni
TOVAR IShLAB ChIQARUVChILAR VA TADBIRKORLAR PALATALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2004-yil 3-dekabrdagi 713-II-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi tushunchasi
Oldingi tahrirga qarang.
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi (bundan buyon matnda palata deb yuritiladi) tarmoq xo‘jalik birlashmalari tarkibiga kirmaydigan kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini a’zolik shart bo‘lgan holda shartnoma asosida birlashtiruvchi davlatga qarashli bo‘lmagan notijorat tashkilotdir.
(1-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq so‘zi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
“Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi” nomidan faqat ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq foydalanish mumkin. Boshqa tashkilotlar o‘z nomlarida bu so‘z birikmasidan foydalanishga haqli emas.
2-modda. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ushbu Qonundan hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
3-modda. Palataning maqsadlari va vazifalari
Palata O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishga, uning jahon xo‘jalik tizimiga qo‘shilishiga ko‘maklashish, bozor infrastrukturasining yaxlit tizimini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish, tadbirkorlikning barcha turlarini, O‘zbekiston tadbirkorlarining boshqa mamlakatlar tadbirkorlari bilan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy aloqalarini rivojlantirish maqsadida tuziladi.
Palata quyidagi vazifalarni bajaradi:
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, jamoat va xalqaro tashkilotlarda, shu jumladan boshqa mamlakatlarda tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarning manfaatlarini ifodalaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etadi;
(3-moddaning ikkinchi qismi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq so‘zi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
Oldingi tahrirga qarang.
korxonalar va tashkilotlarning davlat registri asosida kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarining reyestrini yuritadi;
(3-moddaning ikkinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq so‘zi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
uch tomonlama hamkorlik (yollanma ishchilar ittifoqi, ish beruvchilar ittifoqi va hukumat) tizimini vujudga keltirishda, milliy iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni ishlab chiqish va olib borishda ishtirok etadi;
tadbirkorlik faoliyati uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash ishini uyushtiradi;
tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqlaydi, tadbirkorlikni rivojlantirishga hamda tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarning faoliyat yuritish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirishda belgilangan tartibda ishtirok etadi;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi nizolarni hal etishga ko‘maklashadi;
moliyaviy yordamga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashda, buxgalteriya hisobi va hisobotini, auditorlik tekshiruvlarini tashkil etish va yuritishda palata a’zolariga yordam beradi;
xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarni, O‘zbekistonda va boshqa davlatlarda firmalarning taqdimotlarini uyushtiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
tovarlar va xizmatlar eksportini rivojlantirishga ko‘maklashadi, tashqi bozorda operatsiyalar o‘tkazishda va iqtisodiy hamda ilmiy-texnikaviy hamkorlikning yangi shakllarini o‘zlashtirishda kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga yordam ko‘rsatadi.
(3-moddaning ikkinchi qismi o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq so‘zi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
Oldingi tahrirga qarang.
kichik biznes korxonalarini rivojlantirish uchun chet el investitsiyalarini jalb etish bo‘yicha faoliyatni tashkil etadi, investitsiya loyihalarining, shu jumladan chet el kredit liniyalari orqali jalb etiladigan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi samaradorligi monitoringini investitsiya siklining barcha bosqichlarida o‘tkazadi;
(3-moddaning ikkinchi qismi o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq so‘zi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
korxonalarning kattaligi, mulk shakli va qaysi tarmoqqa mansubligidan qat’i nazar, barcha tovar ishlab chiqaruvchilarga ular tomonidan boshlang‘ich hisobga olish va hisobotning yuritilishi, moliyaviy resurslardan samarali foydalanilishi, investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari, mahsulotning eksport qilinishi, kadrlarning kasbiy o‘quvi masalalarida ko‘maklashadi;
kichik va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha respublika muvofiqlashtirish kengashining qarorlarini amaliyotga tatbiq etish ishlarini tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
“Madad” sug‘urta agentligi, “O‘ztadbirkorbank” kichik biznes korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkazadigan tadbirlarni muvofiqlashtiradi.
(3-moddaning ikkinchi qismi o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 01.01.2004-y., 25-son, 287-modda)
Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajaradi.
4-modda. Palataning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlari
Palata o‘z vazifalarini bajarishda davlat organlari bilan hamkorlikni ushbu Qonun va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlari asosida olib boradi.
Davlat organlarining palata faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
5-modda. Palatalar tizimi
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari tizimini tuman (shahar) palatalari, hududiy palatalar hamda O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi tashkil etadi.
Tuman (shahar) palatasi, hududiy palata O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘linishiga mos ravishda tuziladi.
6-modda. Tuman (shahar) palatasi
Tuman (shahar) hududida bitta tuman (shahar) palatasi tuzilishi mumkin.
Tuman (shahar) palatasi ushbu tumandagi (shahardagi) kamida o‘n nafar tovar ishlab chiqaruvchi va tadbirkorning yig‘ilishida ta’sis etiladi.
7-modda. Hududiy palata
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida, tegishli ravishda, bitta hududiy palata tuzilishi mumkin.
Hududiy palata tuman (shahar) palatalarini birlashtiradi va tuman (shahar) palatalari vakillarining konferensiyasida ta’sis etiladi.
8-modda. O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi
O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hududiy palatalarni birlashtiradi.
O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hududiy palatalar vakillarining qurultoyida ta’sis etiladi.
9-modda. Palataga a’zolik
Palataga a’zolik xo‘jalik yurituvchi subyekt va palata o‘rtasida shartnoma tuzish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.
Palataga a’zolik yakka tartibda va (yoki) birlashgan (jamoa) tarzda bo‘lishi mumkin.
Palata a’zolarini hisobga olish xo‘jalik yurituvchi subyekt joylashgan manzil bo‘yicha yuritiladi.
Palataning a’zolari kirish va a’zolik badallarini palata ustavida belgilanadigan tartibda va miqdorda to‘laydilar.
Yuridik shaxsga aylanmagan holda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar uchun kirish va a’zolik badallari yuridik shaxslar uchun palata ustavida belgilangan badal miqdorining ko‘pi bilan ellik foizigacha belgilanishi mumkin.
10-modda. Palataning ustavi
Har bir palataning o‘z ustavi bo‘ladi.
Tuman (shahar) palatasining ustavi palata a’zolarining yig‘ilishida tasdiqlanadi.
Hududiy palataning ustavi tuman (shahar) palatalari vakillarining konferensiyasida tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining ustavi hududiy palatalar vakillarining qurultoyida tasdiqlanadi.
Ustavda quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim:
palataning nomi va manzili;
palataning maqsadlari va vazifalari;
palata a’zoligiga qabul qilish va undan chiqish shartlari, tartibi;
palata a’zolarining huquqlari va majburiyatlari;
palata rahbar organlarining vakolati va ularni tashkil etish tartibi, ularning vakolat muddati, ularning qarorlarni qabul qilish tartibi;
palata mol-mulki va mablag‘larini shakllantirish manbalari hamda bu mol-mulk va mablag‘lardan foydalanish tartibi;
palata ustaviga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish tartibi;
palata faoliyatini to‘xtatish tartibi.
Palataning ustavida qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.
Tuman (shahar), hududiy palataning ustavi tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining tipovoy ustavi asosida ishlab chiqiladi.
11-modda. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hududiy va tuman (shahar) palatalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(11-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq so‘zi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
Ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va muddatlari qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi.
Palata qay tartibda va qaysi muddatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, ustavga kiritiladigan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar ham xuddi shunday tartibda va muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
12-modda. Palataning boshqaruv organlari
Palataning boshqaruv organlari, ularning vakolatlari hamda palataning tuzilishi palataning ustavida qonun hujjatlariga muvofiq belgilab qo‘yiladi.
13-modda. Palataning huquqlari
Palata yuridik shaxsdir.
Palata quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari uchun patent olishda, tovar belgilarini va tovarlar mansub bo‘lgan joy nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashish;
(13-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq so‘zi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
O‘zbekiston Respublikasida va boshqa davlatlarda korxonalar, firmalar va tashkilotlar tuzish, o‘z vakolatxonalarini ochish, shuningdek chet el korxonalari va tashkilotlari bilan birgalikda aralash palatalar tuzish;
tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarning manfaatlariga daxldor qonunlar va boshqa normativ hujjatlarning loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish;
gazetalar, jurnallar va boshqa matbaa mahsulotlarini nashr etish;
tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun fondlar ta’sis etish;
qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
14-modda. Palataning mulki
Palata o‘ziga mulk huquqi asosida qarashli bo‘lgan mol-mulkka, shu jumladan binolar, inshootlar, uskunalarga, aksiyalarga, boshqa qimmatli qog‘ozlarga, pulga va boshqa mol-mulkka, shuningdek intellektual mulk obyektlariga ega bo‘ladi.
Palata tomonidan tashkil qilinadigan korxonalar, firmalar va tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud mol-mulkka ta’sis hujjatlarida belgilangan tartibda egalik qiladilar, ulardan foydalanadilar va ularni tasarruf etadilar.
Palata mablag‘larining manbai quyidagilardan iborat: a’zolik va kirish badallari; o‘z faoliyatidan keladigan daromadlar; korxonalarning ajratmalari; boshqa tushumlar.
Palataning mablag‘lari davlat tomonidan olib qo‘yilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Palataga a’zolik to‘xtatilgan taqdirda badallar qaytarilmaydi.
15-modda. Palataning javobgarligi
Palata o‘z majburiyatlari yuzasidan o‘ziga tegishli barcha mol-mulki bilan javobgar bo‘ladi. Palata o‘z a’zolarining majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi. Palata a’zolari palataning majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydilar.
16-modda. Palataning xalqaro aloqalari
O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xalqaro aloqalar o‘rnatadi, bitimlar tuzadi.
Tuman (shahar), hududiy palatalarning xalqaro aloqalarini O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi muvofiqlashtirib boradi.
17-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar nazarda tutilgan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 24-aprel,
404-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 112-modda; 1998-y., 9-son, 181-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 25-son, 287-modda)