Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Taʼlim muassasalarida chet tillarini oʻqitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Uzluksiz taʼlim tizimining barcha bosqichlarida oʻsib kelayotgan yosh avlodni chet tillariga oʻqitish sifatini taʼminlash, chet tillarida erkin soʻzlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, ushbu yoʻnalishdagi oʻquv dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash, chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish asosida malaka sertifikatiga ega boʻlgan oʻquvchilar, talabalar va pedagoglarga imtiyozlar berish hamda ularni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga:
2017-2018 oʻquv yilidan boshlab uzluksiz taʼlim tizimining barcha bosqichlarida chet tilini oʻzlashtirish darajasini davlat taʼlim standartlarida belgilangan “Tinglab tushunish” (Listening), “Oʻqish” (Reading), “Yozish” (Writing), “Gapirish” (Speaking) koʻnikmalari asosida baholab borish mexanizmini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish;
2018-yil 1-yanvardan boshlab chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan oʻquvchi, talaba va pedagoglarga yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarida til oʻrganish amaliyotlarini tashkil etish;
2018-yil 1-sentabrga qadar chet tillarini oʻqitishning asosiy bosqichlari umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va akademik litseylarda taʼminlanishini nazarda tutgan holda uzluksiz taʼlim tizimining barcha bosqichlarida oʻzaro uzviylik va uzluksizlik tamoyillariga asosan oʻquv dasturlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish vazifalari yuklansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2017-yil 1-oktabrdan boshlab tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
oliy taʼlim muassasalarining chet tili kafedralari bazasida professor-oʻqituvchilar uchun darsdan tashqari vaqtda tegishli mutaxassislik fanlarini chet tilida oʻqitish boʻyicha xizmat koʻrsatadigan kurslarning tashkil etilishini;
til oʻrganishni xohlovchi talabalar uchun oliy taʼlim muassasalarida muloqot darajasida til oʻrgatish boʻyicha intensiv kurslar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, mutaxassisliklar boʻyicha atamalar lugʻatlarini yaratish, chet tillarda turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazish, chet ellik yetakchi mutaxassislarni oʻquv jarayoniga jalb etish, mutaxassislik fanlari boʻyicha chet tillarida maʼruzalar tashkil etish choralari koʻrilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda mutaxassislik fanlaridan chet tilida dars beradigan, B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega boʻlgan taʼlim muassasalari pedagoglarining ish haqlariga 100 foizgacha ustamalar belgilash tartibi ishlab chiqilishini amaliyotga joriy etilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda chet tilini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini keng qoʻllagan holda 2018-yil 1-yanvardan boshlab malaka sertifikatiga ega boʻlgan talabgorlarga sertifikatni olgandan boshlab 2 yilgacha quyidagi imtiyozlar berish tartibini joriy etsin:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 395-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2019-y., 09/19/395/3115-son)
chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi A2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilariga oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining saralash test sinovlari roʻyxatiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani kiritilgan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga kirishda chet tili fanidan maksimal ball berish va ularni chet tili fanidan test sinovidan ozod etish;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 395-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2019-y., 09/19/395/3115-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2021-y., 09/21/572/0891-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda sertifikat olish istagini bildirgan talabgorlar uchun talab hajmidan kelib chiqqan holda tizimli ravishda hududlarda test sinovlarining oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasiga ommaviy axborot vositalarida chet tillarida tashkil etilayotgan dasturlar hajmini va taʼsirchanligini oshirish, ayniqsa bolalar va yoshlar uchun qiziqarli mavzularda maqolalar chop etish hamda teleradiodasturlar tayyorlash tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri U.I. Inoyatov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-avgust,
610-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 32-son, 820-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2019-y., 09/19/395/3115-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2021-y., 09/21/572/0891-son)