Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muborak Ramazon hayitining xalqimiz maʼnaviy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Roʻza hayitini dam olish kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida” 1992-yil 27-martdagi PF-368-son Farmoniga muvofiq:
1. 2006-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 23-oktabrga toʻgʻri kelishi haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi murojaatini inobatga olib, 2006-yil 23-oktabr dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Mutasaddi idora va jamoat tashkilotlari Ramazon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-oktabr,
PQ-495-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 10-son, 569-modda)