Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKA SAVDO-XARID UYuShMASI “OʻZTAYYORLOVSAVDO”NI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika aholisini meva-sabzavot mahsuloti bilan barqaror suratda taʼminlash, jamoa xoʻjaliklari, ijarachilar, dehqon, fermer xoʻjaliklari va aholi yetishtirayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarining ulgurji xarid tizimini rivojlantirish, savdo-xarid faoliyatida raqobatchilik muhitini vujudga keltirish maqsadida:
1. Respublika “Oʻzkooptayyorlovsavdo” kooperativ birlashmasi Kengashining mazkur birlashma negizida qishloq xoʻjalik mahsulotlari tayyorlash, saqlash, qayta ishlash va sotish boʻyicha Oʻzbekiston xususiy va jamoa korxonalarining respublika savdo-xarid uyushmasi (“Oʻztayyorlovsavdo”)ni tashkil kilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻztayyorlovsavdo” uyushmasi:
yuridik shaxs huquqlari berilgan xoʻjalik uyushmasi boʻlib, paychilik asoslarida jamoa korxonalarini va xususiy tadbirkorlarni ixtiyoriy ravishda birlashtiradi hamda oʻz faoliyatini iqtisodiy mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish prinsiplari asosida tashkil etadi;
oʻzining aylanma mablagʻlari, shuningdek banklarning qarzga beradigan mablagʻlari hisobidan ish yuritadi (mahsulot sotishdan tushadigan daromad, xususiylashtirishdan olingan mablagʻlar ana shu oʻz aylanma mablagʻlarining manbalari boʻladi).
3. Respublika savdo-xarid uyushmasi “Oʻztayyorlovsavdo” zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
respublika aholisiga avvalo dehqon bozorlari va yarmarkalarda qishloq xoʻjalik mahsulotlari uzluksiz sotilishini taʼminlash;
jamoa xoʻjaliklari, ijarachilar, dehqon xoʻjaliklari, bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari, fuqarolarning shaxsiy yordamchi xoʻjaliklari bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha qishloq xoʻjalik mahsulotlari va ikkilamchi xomashyo tayyorlash, shuningdek ularni saqlash, qayta ishlash va sotishni tashkil qilish;
ehtiyoj va taklifni hisobga olgan holda, mahsulot tayyorlovchilarning raqobatchiligi asosida qishloq xoʻjalik mahsulotlari sotib olish imkoniyatlarini yaratish.
4. Qorakalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Qoraqalpogʻiston “Kooptayyorlovsavdo” respublika birlashmasi, viloyat “Kooptayyorlovsavdo” birlashmalari va Toshkent shahar “Koopbozorsavdo” birlashmasi negizida hududiy savdo-xarid uyushmalarini tashkil etishni belgilangan tartibda amalga oshirsinlar.
Belgilab qoʻyilsinki, hududiy savdo-xarid uyushmalari oʻz faoliyatida tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisobot beradilar hamda “Oʻztayyorlovsavdo” uyushmasining muassasalari huquqi bilan uning tarkibiga kiradi.
5. Vazirlar Mahkamasi “Oʻzkooptayyorlovsavdo” birlashmasining korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 20-yanvardagi 44-son va 1993-yil 11-avgustdagi 402-son qarorlari bajarilishini tekshirish boʻyicha maxsus komissiya tashkil etib, mulkchilik shakllarini oʻzgartirish chogʻida rasmiyatchilik va suiisteʼmolchiliklarga yoʻl qoʻyib boʻlmaslikka alohida eʼtiborni qaratsin.
Komissiyalar xususiylashtirish natijalarini qayta koʻrib chiqib, obyektlar oʻzlari joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda asosan xususiy mulkka aylantirilishini koʻzda tutsinlar.
Komissiya ishining natijalari bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasining majlisida koʻrib chiqilsin.
6. Qishloq xoʻjalik mahsulotini tayyorlash, saqlash va sotish boʻyicha xususiylashtirilgan korxonalarning tashabbuskorligi va omilkorligini rivojlantirish maqsadida ularga iqtisodiy mustaqillik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va aksionerlik-tijorat banklari uyushma korxonalariga qonunda belgilangan tartibda tegishli kafolatlar yoki garov berish sharti bilan zarur kreditlar ajratib berilishida ularni butun choralar bilan qoʻllab-quvvatlasin.
7. Anʼanaviy bozor muhitini qayta tiklash maqsadida, xalqning turmush tarzini hisobga olib, 1994-1995-yillar davomida barcha dehqon bozorlari qayta qurilishi taʼminlansin. Ana shu maqsadlar uchun birinchi galda bozorlarning oʻz mablagʻlari sarflanib, ular 1996-yilning 1-yanvarigacha respublika va mahalliy budjetlarga soliq toʻlashdan ozod qilinsin.
Ushbu ish bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik respublika shahar va tumanlari hokimlarining zimmasiga yuklansin.
8. Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida mazkur Farmonni roʻyobga chiqarishga oid tashkiliy tadbirlarni koʻzda tutuvchi qaror qabul qilsin.
9. “Meva-sabzavot mahsulotini tayyorlash, saqlash va sotish boʻyicha respublika kooperativ birlashmasi (“Oʻzkooptayyorlovsavdo”)ni tashkil etish toʻgʻrisida” 1991-yil 8-maydagi Farmon oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 4-avgust,
PF-926-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 7-son, 219-modda)