Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DIPLOMATIYA XODIMLARI UChUN DIPLOMATIYA DARAJA VA MARTABALARI BELGILASh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Qonun “Diplomatiya munosabatlari toʻgʻrisida”gi 1961-yilgi Vena Konvensiyasi hamda xalqaro huquq normalari va qoidalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining diplomatiya xodimlari uchun diplomatiya darajalari va martabalarini belgilab beradi.
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonalari boshliqlarining 3 darajasi belgilanadi:
chet davlat boshligʻi huzurida akkreditatsiya qilinadigan Favqulodda va Muxtor Elchi;
chet davlat boshligʻi huzurida akkreditatsiya qilinadigan Favqulodda va Muxtor Vakil;
chet davlat tashqi ishlar vaziri huzurida akkreditatsiya qilinadigan Ishonchli Vakil.
Oʻzbekiston Respublikasi vakolatxonalarining boshliqlari mansub boʻlishi loyiq koʻrilgan daraja diplomatiya munosabatlari oʻrnatayotgan davlatlar oʻrtasidagi ahdlashuvdan belgilab qoʻyiladi.
2-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi diplomatiya martabalari — Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi vakolatxonalari diplomatiya xodimlariga beriladigan alohida xizmat unvonlari belgilanadi:
Favqulodda va Muxtor Elchi;
Birinchi darajali Favqulodda va Muxtor Vakil;
Ikkinchi darajali Favqulodda va Muxtor Vakil;
Birinchi darajali maslahatchi;
Ikkinchi darajali maslahatchi;
Birinchi darajali birinchi kotib;
Ikkinchi darajali birinchi kotib;
Birinchi darajali ikkinchi kotib;
Ikkinchi darajali ikkinchi kotib;
Uchinchi kotib;
Attashe.
3-modda.
Favqulodda va Muxtor Elchi, birinchi va ikkinchi darajali Favqulodda va Muxtor Vakil martabalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan beriladi.
Ana shu masalalar yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri kiritadi.
Boshqa diplomatiya martabalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining buyrugʻi bilan beriladi.
Bu martabalarni berish haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining malaka komissiyasi kiritadi.
Malaka komissiyasining tarkibi va u haqdagi nizomni Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vaziri tasdiqlaydi.
Diplomatiya martabalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rahbar va masʼul xodimlariga ham berilishi mumkin.
4-modda.
Birlamchi diplomatiya martabasi — attashe diplomatiya xizmatida kamida bir yil ishlagan kishiga beriladi.
Diplomatiya vakolatxonalarining xodimlariga navbatdagi uchinchi kotib, ikkinchi kotib martabalari malakasiga hamda xoh markaziy devonda, xoh Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi muassasalarida kamida 2-3 yil, birinchi kotib, maslahatchi martabalari esa kamida 3-4 yil xizmatni muvaffaqiyatli oʻtaganligiga qarab beriladi.
Ishdagi katta yutuqlari uchun diplomatiya vakolatxonasining xodimi belgilangan muddatdan oldin yuqoriroq diplomatiya martabasi berishga tavsiya etilishi mumkin.
5-modda.
Favqulodda va Muxtor Elchi, Favqulodda va Muxtor Vakil martabalari bir umrga beriladi.
Boshka diplomatiya martabasiga ega boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidan pensiyaga chiqqanlari taqdirda ularning bu martabalari saqlanib qoladi.
6-modda.
Favqulodda va Muxtor Elchi, Favqulodda va Muxtor Vakil, diplomatiya martabalaridan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan mahrum etiladi.
Diplomatiya vakolatxonalarining boshqa aʼzolari xususida bu masala yuzasidan qarorni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining malaka komissiyasi taqdimiga koʻra Tashqi ishlar vaziri qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Tashkent sh.,
1992-yil 3-iyul,
650-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 350-modda)