Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
JAHON IQTISODIYOTI VA DIPLOMATIYA UNIVERSITETI TAShKIL qilish TOʻGʻRISIDA
Jahon iqtisodiy aloqalari, davlatlararo munosabatlar va diplomatiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash zarurligini eʼtiborga olib Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyatga kirishi, xorijiy mamlakatlar bilan diplomatik, iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalar oʻrnatilishi natijasida paydo boʻlgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Siyosiy ijroiya komiteti bilan Respublika Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahridagi Siyosatshunoslik va boshqaruv institutini tugatish hamda uning moddiy negizida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2 Quyidagilar universitetning asosiy vazifalari qilib belgilansin:
— jahon iqtisodiyoti, davlatlararo munosabatlar, diplomatiya, huquq va xalqaro jurnalistika sohasida yuqori malakali mutaxassis tayyorlash;
— xuddi shunday yoʻnalishdagi chet mamlakatlarning universitetlari bilan ilmiy, madaniy hamda boshqa amaliy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, ular bilan hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida uzoq muddatli shartnomalar tuzish;
— mazkur ixtisoslar boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash boshqa mamlakatlarning oʻquv yurtlari, davlat, jamoat va xususiy tuzilmalari, firmalari, banklari bilan hamkorlik qilish;
— talabalar va xodimlarning chet ellarda malaka oshirishlarini taʼminlash;
— xorijiy mamlakatlarning elchixonalari, konsulxonalari, boshqa vakolatxonalari hamda tashkilotlari bilan amaliy aloqalar asosida xalqaro munosabatlar sohasida keng ixtisosli mutaxassislar tayyorlash, jahon tajribasini oʻrganish va undan foydalanish,;
— ajnabiy olimlar, mutaxassislar, ishbilarmon kishilarni keng koʻlamda jalb etib, universitet ixtisosi boʻyicha shartnoma asosida turli maktablar, kurslar, seminarlar, uslubiy va maslahat punktlarini tashkil qilish;
— jahon iqtisodiyoti va biznes, davlatlararo munosabatlar, diplomatiya, xalqaro huquq va jurnalistika sohasida koʻp tomonlama tadqiqotlar va ishlanmalar boʻyicha ilmiy markazlar, kengashlar, laboratoriya tashkil qilish shu jumladan shartnoma asosida barpo etish.
3. Oʻzining valyuta jamgʻarmasini vujudga keltirish, shu asosda universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va mulkini koʻpaytirish uchun universitetning aqliy imkoniyatidan faol foydalanilsin.
Shu maqsadda tegishli bank muassasalarida soʻm hisobi bilan bir valyuta hisob raqamlari ochilsin, universitet tashkil etilgan kundan dastlabki besh yil mobaynida u barcha turdagi soliqlardan ozod qilinsin.
4. Universitet rahbariyatiga pul mablagʻlarini sarflash borasida toʻla mustaqillik berilsin.
Professor oʻqituvchilar tarkibi va xodimlarning kasb malakasi va mahorati oʻsib borishini eʼtiborga olgan holda ularning mehnatiga haq toʻlashni takomillashtirish boʻyicha tajribalar oʻtkazishga ruxsat berilsin.
5. Universitetni rivojlantirish jamgʻarmasi ochilsin. Uning daromadlari turli manbalar hisobidan, shu jumladan ajnabiy fuqarolar va shaxslarning ixtiyoriy ionalari, shuningdek tijorat faoliyati hisobidan hosil qilinsin.
Vazirliklar, idoralar, konsernlar va hokimliklar universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga har jihatdan koʻmaklashsinlar. Universitet mustaqil Oʻzbekistonni siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada taraqqiy ettirish uchun zarur boʻlgan yangi tip va avlodga mansub kadrlar tayyorlash jarayonida muhim ahamiyat kasb etishi lozim.
6. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida shartnoma asosida ishlovchi Boshqaruv instituti ochilsin.
7. Quyidagilar Institut ishining asosiy yoʻnalishlari deb hisoblansin:
— davlat va tijorat tuzilmalari sohasida jahon tajribasini hisobga olib hamda siyosiy va iqtisodiy islohotlarning talablariga, shuningdek Oʻzbekistonning kengayib borayotgan tashqi aloqalariga asoslanib ana shu tuzilmalardagi boshqaruv kadrlarini koʻp bosqichli tarzda tayyorlash va qayta tayyorlash;
— valyuta-kredit va moliya munosabatlari, menejment, marketing va savdo reklamasi, tashqi iqtisodiy faoliyat, jumladan investitsiya asosidagi hamkorlik, xalqaro savdo, bojxona va maʼmuriy huquq sohalarida, shuningdek hozirgi zamon siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotining boshqa muhim yoʻnalishlarida boshqaruv kadrlarini qaytadan oʻqitish hamda ularning mutaxassisligini oʻzgartirish;
— xilma-xil mashgʻulot shakllaridan, munozaralar, uchrashuvlar, joylarga borish, amaliy oʻyinlar hamda boshqa shakllardan foydalanib taʼlimning yuksak samaradorligi va amaliy yoʻnalishini taʼminlash;
— kompyuterlar bilan hamda boshqa zamonaviy axborot texnikasi va aloqalari bilan ishlash koʻnikmalariga oʻrgatish.
8. Diplomatiya va konsullik xizmatlari uchun oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar rezervini jadal tayyorlash maqsadida universitet huzurida Diplomatiya kurslari tashkil etilsin.
9. Kompyuter texnikasi va audiovizual vositalarini qoʻllab, mashgʻulotlarning, ilgʻor shakllari, shuningdek bilimlarga baho berishda test sinovi amaliyoti oʻquv jarayoniga tatbiq etilishi taʼminlansin.
10. Ilmiy-pedagogik ishga yuqori malakali olimlar va mutaxassislar shartnoma asosida qabul qilinsin. Universitetga yetakchi oʻquv markazlarining vakillarini, jumladan xorijiy mamlakatlardagi shunday markazlarning vakillarini, shuningdek respublika davlat va jamoat tashkilotlarining xodimlarini oʻrindoshlik hamda yakka-yakka shartnomalar tuzish sharti bilan jalb etish huquqi berilsin.
11. Universitetga oliy oʻquv yurtlarining talabalari va oʻqituvchilariga yordam tariqasida oʻquv, uslubiy va ilmiy adabiyotlar, mavzular boʻyicha toʻplamlar chiqarishga ruxsat berilsin.
12. Vazirlar Mahkamasi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti shartlari va toʻlanadigan haq miqdorlari toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasin. Nizomda xarajatlarni tabaqalashtirilgan tarzda oʻqishdagi yuqori koʻrsatkichlarni eʼtiborga olib, berilgan kreditlarni respublika budjeti hisobidan toʻla-toʻkis toʻlashgacha koʻzda tutilsin.
13. Universitet rahbariyati oʻquv guruhlarini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan talabalar orasidan test tanlov yoʻli bilan jamlasin. Boshqa mamlakatlardan talabalar shartnoma asosida qabul qilinsin.
14. Universitetning ishlashiga doir tashkiliy tadbirlar 1993-yilning yanvarigacha nihoyasiga yetkazilsin.
15. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga umumiy rahbarlik Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklansin.
16. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida ushbu Farmonni roʻyobga chiqarishga oid tashkiliy chora-tadbirlarni koʻzda tutuvchi tegishli qaror qabul qilib, zarur valyuta xarajatlarini nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 23-sentabr,
PF-474-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 11-son, 440-modda)