Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“BUXORO SHAHRI AEROPORTIDA YOʻLOVCHILARGA MOʻLJALLANGAN YANGI TERMINAL QURILISHINI NIHOYASIGA YETKAZISH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi transport infrotuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek Buxoro shahri aeroportida yoʻlovchilarga moʻljallangan yangi terminal qurilishini nihoyasiga yetkazishni taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Dubay Amirligi Hukumati (Birlashgan Arab Amirliklari) Buxoro shahri aeroportida yoʻlovchilarga moʻljallangan yangi terminal qurilishini nihoyasiga yetkazish ishlarini moliyalash uchun 15 mln. AQSH dollarigacha miqdorda begʻaraz yordam koʻrsatish toʻgʻrisida qaror qabul qildi;
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK tomonidan “Buxoro shahri aeroportida yoʻlovchilarga moʻljallangan yangi terminal qurilishini nihoyasiga yetkazish” loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitobi belgilangan tartibda ishlab chiqildi.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi mazkur loyihani amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan muzokaralar olib borish uchun vakil organ etib;
Buxoro viloyati hokimligi — mablagʻlarni oluvchi va taqsimlovchi, ulardan maqsadli foydalanish uchun masʼul etib;
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK — loyiha qurilish buyurtmachisi etib belgilansin.
3. Vazirlar Mahkamasi, Amirlik tomoni bilan oʻtkazilgan muzokaralarning yakunlari boʻyicha ushbu loyihani amalga oshirishda bosh loyihachi va pudratchi tashkilotlarni belgilasin.
4. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK ikki hafta muddatda loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari belgilangan tartibda ekspertiza qilinishi va vakolatli organlarda kelishib olinishini taʼminlasin hamda uni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. 2009-yilning 1-sentabrigacha bir vaqtning oʻzida loyiha va ish hujjatlarini ishlab chiqish bilan birga Buxoro shahri aeroportida yoʻlovchilarga moʻljallangan yangi terminal qurishni amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazishni belgilangan tartibda taʼminlasin hamda loyiha va qurilish-montaj ishlari sifati ustidan davlat nazoratini oʻrnatsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha mazkur loyiha doirasida olib kelinadigan texnologiya uskunalari, metall konstruksiyalar va qurilish materiallarining ayrim turlari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Buxoro viloyati hokimligining talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarning koʻp martalik kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish, ularning muddatini uzaytirish, shuningdek vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda taʼminlasin.
10. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 9-fevral,
PQ-1054-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 2-son, 39-modda)