Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA YoShLARGA OID DAVLAT SIYOSATINING ASOSLARI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI KUChGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-361-sonli “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni 1992-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiritilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga zid boʻlmasa, ushbu Qonunga moslashtirilgunga qadar qoʻllanaveradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga:
ikki oylik muddatda Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi davlat-jamoat xizmatini va yoshlar jamgʻarmalarini tuzish tartibini tasdiqlash;
1991-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar boʻgʻinlarida tegishli strukturalarni tuzish;
uch oylik muddatda:
yoshlarga imtiyozlar berish, yoshlar korxonalarini barpo etish va ularga soliq solish hamda yoshlar jamoat birlashmalari faoliyatining ijtimoiy yoʻnalishini hisobga olgan holda bu birlashmalarga soliq sohasida imtiyozlar berish tartibini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Qonun hujjatlariga “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunidan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarni kiritish haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga taklif taqdim etish;
vazirliklar davlat qoʻmitalari va idoralari ushbu Qonunga zid boʻlgan normativ hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlash;
davlat idoralari va jamoat tashkilotlarini jalb etgan holda Oʻzbekiston Respublikasi yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish dasturini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga taqdim etish topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1991-yil 20-noyabr,
430-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 81-modda)