Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YAPONIYA HUKUMATINING BEGʻARAZ YORDAMIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi oʻqituvchilarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish loyihasini amalga oshirish uchun Yaponiya Hukumatining 707 mln. Yaponiya yeni miqdoridagi begʻaraz yordamidan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev Ayirboshlash notasini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
2. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligiga Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda begʻaraz yordam mablagʻlarini olish va ularga xizmat koʻrsatish uchun barcha tartib-qoidalarni rasmiylashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga yuqorida koʻrsatilgan begʻaraz yordamga hisob-kitob yuzasidan xizmat koʻrsatish yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi yuqorida koʻrsatilgan begʻaraz yordamga hisob-kitob yuzasidan xizmat koʻrsatganlik uchun Yaponiya tomoniga vositachilik haqini 2004-yilga budjet parametrlariga muvofiq Markaz uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobiga toʻlasin.
4. Koʻrsatib oʻtilgan begʻaraz yordam doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelinayotgan asbob-uskunalar va materiallar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi buyurtmanomalari boʻyicha loyihaning chet ellik qatnashchilariga davlat boji undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va vizalarning amal qilish muddati uzaytirilishini hamda ular vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari E.M. Gʻaniyev va A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 8-yanvar,
6-son