Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“VIJDON ERKINLIGI VA DINIY TAShKILOTLAR TOʻGʻRISIDA”GI QONUNGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 5-iyuldagi OʻRQ-699-sonli “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasiniig 1991-yil 14-iyunidagi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-yil, № 8, 186-modda) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. 4-moddaning ikkinchi qismidan va 30-moddadan “SSJI va” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2. 8-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Diniy jamoalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar qoʻmitasi bilan kelishilgan holda roʻyxatga olinadilar”.
3. 13-moddaning sakkizinchi qismidan va 18-moddaning uchinchi qismidan “Prezidenti huzuridagi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
4. 17-moddaning:
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Joylardagi davlat hokimiyati organlari davlat mulki hisoblangan va ijtimoiy-madaniy maqsadlarda foydalanilmaydigan din bilan bogʻliq binolarni va boshqa mol-mulklarni diniy tashkilotlarga mulk qilib yoki haq toʻlamay tekin foydalanish uchun berishlari mumkin”;
oltinchi qismida “xalq deputatlari mahalliy Sovetining” degan soʻzlar “joylardagi davlat hokimiyati organlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. 20-moddaning ikkinchi qismida “fuqarolarning” soʻzidan keyin “xohishi bilan ularning” degan qoʻshimcha kiritilsin.
6. 23-moddaning ikkinchi qismida “taʼlim olish” soʻzlaridan keyin “malaka oshirish, tajriba oʻrganish va almashish” degan qoʻshimcha kiritilsin.
7. 28-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28-modda. Oʻzbekiston Respublikasida din masalalari boʻyicha davlat idoralari
Oʻzbekiston Respublikasida dinlar va diniy tashkilotlarga oid masalalar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar hokimlari shugʻullanadi. Ularning zimmasiga maslahat berish, mutaxassislar xulosasini chiqarish, nazorat qilish va axborot berib turish vazifalari yuklanadi.
Din masalalari boʻyicha davlat idoralari:
chet ellardagi diniy muassasalar bilan muloqot qilib turadi va muvofiqlashtiruvchi aloqalar bogʻlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi diniy tashkilotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplaydi hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunlarning ijrosi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi. Shu maqsadlarda diniy tashkilotlar rahbarlaridan kerak axborot talab qilishga va olishga hamda ularning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan marosimlarda ishtirok etishga haqlidir;
diniy tashkilotlarning iltimosiga muvofiq davlat idoralari bilan kelishuvga erishishda koʻmaklashadi va davlat idoralari hal etishini talab qiluvchi masalalar yuzasidan zarur yordam beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi ichidagi va chet ellardagi turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida hamjihatlik va hayrixohlikni mustahkamlashga koʻmaklashadi;
dinshunoslik boʻyicha ekspertiza oʻtkazish uchun diniy masalalar bilan shugʻullanuvchi boʻlinmalar huzurida dinshunoslar jamoatchi ekspert kengashlarini tuzadi, diniy tashkilotlar vakillari va inson huquqlari muammolari boʻyicha mutaxassislarni belgilaydi;
davlat boshqaruv va sud idoralarining soʻrovi boʻyicha rasmiy ekspert xulosasini taqdim etadi”.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-sentabr,
934-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)