Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy KEngashi Rayosati va
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
Oliy KEngashi Rayosati va
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NARXLARNING LIBERALLAShTIRILIShI MUNOSABATI BILAN RESPUBLIKA VA UNING AHOLISI MANFAATLARINI HIMOYA QILISh BILAN BOGʻLIQ ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Inflatsiyaning chuqurlashib borishi va yaqin orada narxlarning liberallashtirilishi sharoitlarida respublika va uning aholisi manfaatlarini himoya qilish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni taʼminlash, isteʼmol bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati va Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasining mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, birjalar, korxonalarning sinishi, aksionerlik jamiyatlari va qimmatbaho qogʻozlar haqidagi, monopoliyaga, emissiyaga qarshi kurash, kredit-pul siyosati, aholining pul daromadlarini indeksatsiyalash, ish bilan bandlik toʻgʻrisidagi qonunlar loyihalarini, bojxona kodeksi va iqtisodiyotning bozor infrastrukturasini shakllantirish va mavjud boʻlishi bilan bogʻliq boshqa qonun loyihalarini va ularni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqishni tezlashtirsinlar hamda ularni Oliy Kengashning navbatdagi sessiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritsinlar.
2. Vazirlar Mahkamasi komplekslari Oʻzbekiston Respublikasining “Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilingandan keyin bir hafta muddat ichida uy-joylarni, moddiy-ishlab chiqarish sohasidagi davlat korxonalarini, xizmatlarni va boshqa sohalarni xususiylashlashtirish mexanizmini, davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish shakllarini, tartiblari va bosqichlarini belgilab beradigan qonunni talqin qiluvchi va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlashga taqdim etsinlar.
Bunda xususiylashtirishni birinchi navbatda savdoda, maishiy xizmat koʻrsatish va mahalliy sanoatda amalga oshirish, davlat idoraviy uy-joy fondini sotish huquqisiz fuqarolarning shaxsiy mulki qilib berish, koʻproq davlat korxonalarini jamoa aksionerlik korxonalariga ustun darajada aylantirish nazarda tutilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining agrar masalalar qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasining dehqonchilik-sanoat kompleksi (oʻrtoq Joʻrabekov), shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar egalari uyushmasi respublikaning manfaatdor iqtisodiyot organlari bilan birgalikda 10 kun muddat ichida past rentabelli zarar koʻruvchi sovxozlarni jamoa va kooperativ mulkka aylantirish, ular negizida fermerlik (dehqon) xoʻjaliklari tashkil etish hisobiga, ularni tubdan qisqartirish toʻgʻrisida takliflar kiritsinlar,
4. Vazirlar Mahkamasining komplekslari ikki hafta muddat ichida respublikaning bir qator moddiy-ishlab chiqarish tarmoq vazirliklarini uyushmalar yoki konsernlarga aylantirish toʻgʻrisida Hukumat qarorlarini tayyorlasinlar, shuningdek, zarar koʻruvchi korxonalarni tubdan qisqartirish hamda xoʻjalik yuritishning ijara va aksionerlik shakllarini rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritsinlar.
5. Respublika aholisini eng zarur mollar bilan kafolatlangan tarzda taʼminlash va ularning manfaatlarini himoya qilish uchun asosiy oziq-ovqat turlarini va nooziq-ovqat mollarini tasdiqlangan turlar va belgilangan narxlarda talonlar boʻyicha sotishning amaldagi tartibi saqlab qolinsin.
6. Xalq isteʼmoli mollari, savdo va pulli xizmatlar kompleksi (oʻrtoq Mutalov), Iqtisodiyot qoʻmitasi (oʻrtoq Mahmudov), Savdo vazirligi (oʻrtoq Usmonov), Oʻzbekbirlashuv (oʻrtoq Volkov)ga:
shu yilning 1-dekabriga qadar talonlar boʻyicha sotiladigan xalq isteʼmoli mollarining bozor fondlarini toʻla roʻyxatga olish, davlat va kooperativ savdosi korxonalarini eng zarur mollar bilan belgilab qoʻyilgan nomenklaturaga muvofiq va mollarni sotish yuzasidan tasdiqlangan normalarga mos keladigan hajmlarda uzluksiz taʼminlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrish;
savdo tashkilotlariga ajratilayotgan eng zarur mollarning bozor fondlaridan aniq maqsad yoʻlida foydalanish ustidan qattiq nazorat oʻrnatish, ushbu mollarni sotish sohasida belgilangan tartibni buzayotgan, chayqovchilikka va olibsotarlikka yoʻl ochayotgan shaxslarni intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortish;
mollarni talonlar boʻyicha sotish hajmlarini toʻla-toʻkis qoplash uchun 1991-yil dekabr—1992-yil mart oylari davri uchun eng zarur mollarning talab qilinadigan hisob-kitoblarini tayyorlash, mollarni keltirish manbalarini aniqlash, oʻz vaqtida tegishli shartnomalar tuzish;
Toshkent shahrida eng zarur mollarni savdo tashkilotlari tomonidan talonlar boʻyicha aholiga sotish bilan bir vaqtda markazlashgan tartibda xarid qilib olinadigan ushbu va boshqa tovarlarni amalda boʻlgan shartnomaviy narxlar boʻyicha sotish tartibini tezda respublikaning barcha hududida joriy qilish;
vositachilik-tijorat magazinlari shaxobchalarini ancha kengaytirish topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qoʻmitalari eng zarur mollarni talonlar boʻyicha sotish qoidalariga rioya etilishi ustidan deputatlar nazoratini kuchaytirsinlar.
7. Ichki isteʼmol bozorini saqlash va muhofaza qilish manfaatlari yoʻlida 1991-yilning 15-dekabridan boshlab respublika davlat, kooperativ, tijorat va vositachilik savdosi tizimida barcha turdagi oziq-ovqatlarni va nooziq-ovqat mollarini kuponlar boʻyicha sotishni joriy qilish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
Iqtisodiyot qoʻmitasi Oʻzbekiston davlat banki, Oʻzbekiston jamgʻarma banki, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligi, Oʻzbekbirlashuv bilan birgalikda shu yilning 20-noyabrigacha boʻlgan muddat ichida kupon blanklarining namunaviy nusxasini, kuponlarni chiqarish va tarqatish, ular boʻyicha mollarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va ularni Vazirlar Mahkamasining koʻrib chiqishiga kiritsin.
8. Narxlar tizimi yanada isloh qilinishi munosabati bilan respublika aholisini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida:
Moliya vazirligi (oʻrtoq Boqiboyev) Iqtisodiyot qoʻmitasi (oʻrtoq Mahmudov), Mehnat vazirligi (oʻrtoq Otajonov), Oʻzbekiston davlat banki (oʻrtoq Mullajonov) bilan birgalikda ikki hafta muddat ichida budjet tashkilotlari xodimlari ish haqini oshirish manbalarini aniqlash boʻyicha, shuningdek, bu xodimlar ish haqi miqdorini chakana narxlar va tariflarning oʻsishiga qarab har yarim yilda qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasining koʻrib chiqishiga kiritsin.
Ijtimoiy rivojlanish, fan va madaniyat kompleksi (oʻrtoq Samandarov):
aholining ijtimoiy jihatdan nochor qatlamlarini (pensionyerlar, nogironlar, oʻquvchi yoshlar va boshqa toifalarni) himoya qilish mexanizmini takomillashtirish;
goʻdaklar uylari, nogironlar va keksalar uylarini, baynalmilalchi jangchilarning salomatligini tiklash markazlarini, bolalar uylarini, internatlar va boshqa aholini ijtimoiy taʼminlash muassasalarini oziq-ovqat mollari, uskunalar, jihozlar va kiyim-kechaklar bilan barqaror taʼminlash yuzasidan takliflar kiritsin.
9. Davlat narxlar qoʻmitasi (oʻrtoq Ahmedov) bozor munosabatlariga oʻtishni hisobga olgan holda oʻz faoliyatini isloh, qilsin, Qoʻmitaning tuzilishini, funksiyalari va vazifalarini tubdan qayta koʻrib chiqsin, narx-navoni belgilash tamoyillarini oʻrganish ishlarini kuchaytirsin va Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddat ichida tegishli qaror loyihasini kiritsin.
Narx-navoning oʻzgarishini har tomonlama tahlil qilish asosida muntazam ravishda belgilangan narxlar boʻyicha sotiladigan mollar roʻyxatini qayta koʻrib chiqish, xalq isteʼmoli mollari asosiy turlari narxlarining eng yuqori darajasini belgilash boʻyicha takliflar kiritsin.
Moliya vazirligi bilan birgalikda narxlarni oshirish hisobiga olingan ortiqcha foydani olishga qaratilgan, korxonalarni soliqqa tortishni hamda xalq isteʼmoli mollari va bolalarbop buyumlar ishlab chiqaradigan korxonalarga imtiyozlar tizimini belgilashni takomillashtirish boʻyicha normativ hujjatlar loyihalarini oʻz vaqtida taqdim etsin.
10. Dehqonchilik-sanoat kompleksini ustun darajada rivojlantirishni taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirishni ragʻbatlantirish, qishloqda yashovchilarning moddiy ahvolini yaxshilash uchun dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari asosiy turlarining xarid narxlarini oshirish, qishloq xoʻjaligi korxonalari va xoʻjaliklarining yuqori rentabelli faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoit yaratish ishlarini davom ettirish zarur deb hisoblansin.
11. 1992-yilgi respublika budjetini shakllantirishda qarz asosida banklarning kredit resurslarini, korxonalar va aholining ishlatilmayotgan mablagʻlarini, oltin zaxirasi kafolati asosida chet el kreditlarini jalb qilish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
12. Oʻzbekiston davlat banki, Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, SSSR tashqi iqtisodiy bankining Toshkent boʻlimi 10 kun muddat ichida:
SSSR tashqi iqtisodiy banki Toshkent boʻlimi bilan Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankini birlashtirish haqidagi qaror loyihasini;
chet el banklarida korrespondentlik hisoblarini ochish haqidagi takliflarni kiritsin.
13. Iqtisodiyot qoʻmitasi (oʻrtoq Mahmudov), Davlat tashqi savdo va chet mamlakatlar bilan aloqalar qoʻmitasi (oʻrtoq Sultonov), Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (oʻrtoq Azimov) uch kun muddat ichida soʻmlarni xorijiy valyutaga erkin ayirboshlash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini tayyorlasinlar.
Savdo vazirligi (oʻrtoq Usmonov), Oʻzbekbirlashuv (oʻrtoq Volkov), Davlat narxlar qoʻmitasi (oʻrtoq Ahmedov), Oʻzbekiston jamgʻarmalar banki (oʻrtoq Rahmatullayev) bilan birgalikda xorijiy valyutaga xalq isteʼmoli mollarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsinlar, xorijiy valyutaga sotilmaydigan mollar roʻyxatini belgilasinlar, xorijiy valyutani ayirboshlash joylarini ochsinlar, ixtisoslashtirilgan valyuta magazinlari shoxobchalarini, boʻlimlarini va boshqa savdo korxonalarini kengaytirsinlar.
14. Moliya vazirligi (oʻrtoq Boqiboyev), Davlat tashqi savdo va chet mamlakatlar bilan aloqalar qoʻmitasi (oʻrtoq Sultonov) bir hafta muddat ichida xorijiy sarmoyalar bilan qoʻshma korxonalar, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarni tashkil etish, ularning faoliyati va roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasining tasdigʻiga kiritsinlar, ularni yuridik shaxs sifatida koʻpi bilan 10 kun, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida koʻpi bilan 7 kun muddat ichida roʻyxatga olishni belgilasinlar. Viloyat markazlarida, Toshkent va Nukus shaharlarida qoʻshma korxonalarni taʼsis etish va ularning samarali faoliyatini tashkil etishga yordam koʻrsatish yuzasidan komissiyalar tuzilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qoʻmitalari Vazirlar Mahkamasining komplekslari bilan birgalikda iqtisodiy hamjamiyat toʻgʻrisida Shartnoma doirasida tegishli bitimlarni tayyorlash chogʻida mintaqaviy rivojlanish va aholini ijtimoiy himoya qilish, katta tabiiy ofatlar va halokatlar oqibatlarini tugatish, Orol muammolari va boshqalar boʻyicha fondlarni shakllantirish masalalarini alohida puxtalik bilan ishlab chiqsinlar.
16. Bozorni isteʼmol mollari bilan toʻldirish, xomashyolarni jalb qilish, respublikani moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlash uchun resurslar, moddiy-texnika taʼminoti va bitimlar kompleksi (oʻrtoq Sharipov) 10 kun muddat ichida birja tizimini shakllantirish, faoliyatini muvofiqlashtirish va tuzish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tarmoq tovar-xomashyo birjalarini tashkil etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasining koʻrib chiqishiga kiritsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati 10 kun muddat ichida Respublika xalq nazorati qoʻmitasini qayta tashkil etish bilan bogʻliq masalalarni puxtalashtirsin va hal qilsin.
18. Oliy Kengash qoʻmitalari Iqtisodiyot qoʻmitasi, Moliya vazirligi, respublika banklari, Davlat narxlar qoʻmitasi, Mehnat vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddat ichida malakali mutaxassislardan ishchi guruhlari tuzsinlar hamda ularni narxlarni liberallashtirishni oʻtkazish, ichki bozorni va aholini himoya qilish choralarini ishlab chiqish boʻyicha tajribani oʻrganish uchun boshqa respublikalarga yuborsinlar.
19. Prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq bosh boshqarmasi narxlarni liberallashtirish sharoitlarida qonuniylikka, huquqiy tartibotga, ichki bozorni, isteʼmolchilarning huquqlari va mehnatkashlarning manfaatlarini himoya qilishga soʻzsiz rioya qilish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsinlar.
20. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oliy Kengashning tegishli qoʻmitalariga va Vazirlar Mahkamasining komplekslariga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Oliy Kengash Raisi Sh.YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1991-yil 12-noyabr,
289-son