ONLINE TRANSLATE
Паспорт документа
Farmatsevtika tarmogʻida ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 05.03.2026 yildagi PF-35-son

Farmonga ko‘ra, 2026 yilda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

ishlab chiqarish hajmini 8,5 trln so‘mga yetkazish;

qiymati 1 mlrd AQSH dollari bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish;

800 mln AQSH dollarlik yangi investitsiya loyihalarini boshlash.

Farmonga ko‘ra, original dori vositalarining patent muddati tugagandan so‘ng 1 yil ichida:

ushbu dorilarning ishlab chiqaruvchilariga texnologiyalar transferi xarajatlarining 50 foizi, biroq 50 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi; 

yoki mahsulotni yaratishdagi ilmiy tadqiqot xarajatlarining 50 foizi, biroq 100 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

2027 yil 1 yanvardan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatiga ega bo‘lgan korxonalarga ularning ishlab chiqarish liniyalarida sertifikat amal qilish muddatida biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha BHMning 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qarzdorlik mavjud bo‘lganda, qarzdorlik ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan holatlarda esa qarzdorlik shakllangan kundan boshlab 10 kun muddatda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2028 yil 1 yanvardan boshlab:

biologik faol qo‘shimchalarga ruxsatnoma berishda Xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (HAACP) tizimi joriy etilganligi talab etiladi;

biologik faol qo‘shimchalar majburiy raqamli markirovkalashdan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti va “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti (Institut) tashkil etiladi.