Farmonga ko‘ra, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish;
Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish.
“Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida:
sudga ariza berishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;
murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;
sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi.
2025 yil yakunigacha sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturi yaratiladi.
2026 yil 1 yanvardan “my.sud.uz” interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchi yaratiladi, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud maʼlumotlari avtomatik yetkaziladi.
2026 yil yakunigacha fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi “Shaxsiy kabinet” platformasining foydalanuvchilar uchun yana-da qulay bo‘lgan yangi versiyasi ishlab chiqiladi.