1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.20.00.00 Energetika / 09.20.02.00 Elektrotaʼminot]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Energetika]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali energetika sohasini yanada rivojlantirish hisobiga elektr energiyasini uzatish quvvatlarini kengaytirish, energetika tizimining ishonchliligini va xavfsizligini oshirish, shuningdek, isteʼmolchilarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida elektr energiyasi taʼminoti barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 29-iyuldagi PQ-4791-son qaroriga muvofiq “Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) moliyalashtirish maqsadida Jahon banki bilan kredit shartnomasini tuzish belgilanganligi;
b) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Jahon bankining energetika loyihalari boʻyicha missiyasi bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar doirasida:
2021-yilning I choragida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanuvini (keyingi oʻrinlarda — TIA) ishlab chiqilishini yakunlashi, Energetika vazirligi va Moliya vazirligi TIAni kelishish jarayonlarini jadallashtirishi;
2021-yilning I yarmida loyihani moliyalashtirish masalasi “Elektr energiyasini uzatish tizimini modernizatsiya qilish va bozorini rivojlantirish” loyihasining komponenti sifatida Jahon bankining Direktorlar kengashida koʻrib chiqilishi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-iyuldagi PQ-3857-son qaroriga muvofiq xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida soliq va bojxona imtiyozlari taqdim qilinishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda investitsiya loyihasi doirasida uskunalar, jihozlar va qurilmalar oʻz vaqtida ishlab chiqarilishi va yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida qisqa muddatda loyihani moliyalashtirish yuzasidan Jahon banki bilan kredit (qarz) bitimi tuzilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Jahon banki kreditidan foydalanish va uni oʻz vaqtida qaytarish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oʻrtasida tuziladigan qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan belgilangan tartibda imzolash vakolati berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) istisno tariqasida investitsiya loyihasining qiymatini maqbullashtirish maqsadida elektr energiyasini uzatish tarmogʻi qurilishi uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bogʻliq qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari undirilmaydi;
investitsiya loyihasi doirasida elektr energetika obyektlarini qurishda yer uchastkalari mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilarining koʻrgan zararlari, boy berilgan foyda, xarajatlari hamda ularni baholash xarajatlari “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
b) investitsiya loyihasining dastlabki umumiy qiymati 171,36 mln AQSh dollariga teng boʻlib, shu jumladan:
3,97 mln AQSh dollari — “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning oʻz mablagʻlari;
140,26 mln AQSh dollari — Jahon bankining krediti;
27,13 mln AQSh dollari — Oʻzbekiston Respublikasining soliq va bojxona imtiyozlari sifatidagi ulushi;
v) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ investitsiya loyihasini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, Jahon banki qarzidan maqsadli va samarali foydalanish, qarzlar va foizlarni oʻz vaqtida qaytarish uchun masʼul va tashabbuskor hisoblanadi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 21-aprel,
227-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 227-son qaroriga
ILOVA
“Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy
* loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichlari yakuniy loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilganidan keyin hamda tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalariga koʻra belgilanadi.
** moliyaviy xarajatlar kreditning haqiqatda ishlatilish miqdori va jalb qilish sanasidan kelib chiqib oʻzgarishi mumkin;
*** soliq va bojxona imtiyozlari.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 09/21/227/0362-son)