Ўзбекистон Республикаси Қонунчилик маълумотлари миллий базаси
ONLINE TRANSLATE
Xodim tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishda nimalarga ahamiyat berish lozim?

Ba’zida xodimlar ish joylarida yuzaga kelgan ayrim muammolar yoki ziddiyatlar sababli, ish beruvchi tomonidan bosimlar bo‘layotganligi, ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozishga majburlanayotganligi to‘g‘risida shikoyat qilayotganlariga guvoh bo‘lamiz. Yoki ayrim holatlarda ish beruvchilar xodimlari ariza yozib shu zahoti ishni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketayotganligi to‘g‘risida shikoyat qilishadi. Ushbu vaziyatlar qonunchilikka qay darajada muvofiq? Aslida xodim tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishda taraflar nimalarni inobatga olishlari lozim?

          Xodim ish beruvchini 14 kalendar kun oldin ogohlantirishi lozim!

Xodim tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishda ogohlantirish muddati umumiy qoidaga ko‘ra 14 kalendar kunni tashkil etadi.

Biroq, mehnat qonunchiligida ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning ishi xususiyatidan kelib chiqqan holda ogohlantirishning boshqa muddatlari belgilangan:

— tashkilot rahbari – 2 oy oldin;

— rahbar o‘rinbosarlari, tashkilotning bosh buxgalteri va tashkilot alohida bo‘linmasining rahbari – 1 oy oldin;

— mavsumiy xodimlar hamda vaqtinchalik ishlarda band bo‘lgan shaxslar – 3 kalendar kun oldin;

— mikrofirmalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar xodimlari hamda uy ishchilari – 7 kalendar kun oldin ogohlantrishlari lozim.

Lekin agar taraflar kelishsa, ogohlantirish muddatini qisqartirish, ya’ni mehnat shartnomasini ogohlantirish muddati tugashini kutmasdan ham bekor qilish mumkin.

 Ayrim holatlarda ish beruvchi xodim aytgan muddatda shartnomani bekor qilishi lozim!

Agar xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizada u tomonidan ishni davom ettirishning imkoniyati yo‘qligi asoslantirilgan bo‘lsa, masalan, xodim ta’lim tashkilotiga qabul qilingan, pensiyaga chiqqan, saylanib qo‘yiladigan lavozimga saylangan yoki boshqa uzrli sabablar bo‘lsa, ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilgan muddatda bekor qilishi shart.

Xodim ogohlantirish muddati davomida o‘z arizasini qaytarib olishga haqli!

Xodim tomonidan ariza ish beruvchiga taqdim etilgan kunning ertasidan tegishli ogohlantirish muddatining o‘tishi boshlanadi. Ogohlantirish muddatining so‘nggi kuniga qadar xodim shartnomani bekor qilish istagidan voz kechishi hamda arizasini chaqirib olishi mumkin. Masalan, xodim tomonidan 2025 yil 23 yanvar sanasida ariza taqdim etildi. Muddat o‘tishi  24 yanvar sanasidan boshlanadi. 2025 yil 6 fevral sanasi ogohlantirish muddatining so‘nggi kuni hisoblanadi. Mazkur sana ish vaqti tugagunga qadar xodim arizasini qaytarib olishi mumkin. Ish beruvchi tomonidan bunga to‘sqinlik qilinishi mumkin emas.

Ogohlantirish muddati tugagach, mehnat shartnomasi bekor qilinmasa, ariza kuchini yo‘qotadi!

Agar ogohlantirish muddati tugagan kunda xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq qabul qilinmasa hamda xodim ish joyida o‘z ishini davom ettiraversa, xodim tomonidan yozilgan ariza o‘z kuchini yo‘qotadi hamda mazkur ariza asosida mehnat shartnomasini bekor qilib bo‘lmaydi. Ogohlantirish muddati tugagan kun buyruq rasmiylashtirilishi lozim. Shu sababli, ish beruvchilarga muddatlar masalasiga alohida e’tibor qaratish tavsiya etiladi.

Xodim ogohlantirish muddati tugamasdan ishni tashlab ketishi mumkin emas!

Amaliyotda ayrim holatlarda xodimlar tomonidan ariza yozib, shu zahoti o‘zboshimchalik bilan ishni tashlab ketish holatlari kuzatiladi. Biroq, ogohlantirish muddati davomida ham xodimga tashkilotning barcha ichki lokal hujjatlari amal qiladi. Ular doirasida xodim o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi lozim. Yuqorida keltirilganidek, agar uzrli sabablar mavjud bo‘lmasa, xodim ish beruvchi bilan kelishgan holatda ogohlantirish muddatini qisqartirishi mumkin. Ish beruvchi rozi bo‘lmasa, 14 kun ishlab berishi lozim. Agar xodim tomonidan mehnat majburiyatlari lozim darajada bajarilmasa, ish beruvchi ogohlantirish muddati davomida xodimga intizomiy jazo choralarini qo‘llashi hamda yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, o‘z tashabbusiga ko‘ra xodim mehnat intizomini buzganligi asoslari bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.  

  Xodimni ariza yozishga majburlash qonunga zid!

 Xodim tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish xodim shu tashkilotdagi ishni haqiqatda tashlab ketish istagini bildirgan yozma arizasiga binoan amalga oshirilishi lozim. Ish beruvchi xodimni ariza yozishga majburlashi mumkin emas. Agar mazkur holatda nizo yuzaga kelgan taqdirda sudlarga arizani ish beruvchining qistovi natijasida berganligi to‘g‘risidagi vajlarini sinchkovlik bilan tekshirish hamda xodimni ariza yozishga nafaqat majburlash, bosim yoki tazyiq o‘tkazish, balki xodimda mehnat munosabatlarini tugatish istagi bo‘lmay turib, ish beruvchi tomonidan uni ariza yozishga faol ravishda undash harakatlari ham qistov sifatida baholanishi lozimligi lozimligi to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Shu sababli, xodimlardan ish beruvchi tomonidan majburlangan holatda ham, agar ishni tashlab ketish istagi bo‘lmasa, ariza yozmaslik so‘raladi. Agar tashkilotda mehnat huquqlaringiz buzilsa, tumaningizdagi mehnat inspektoriga, adliya bo‘limi, prokuratura organlari yoki tegishlicha fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqiga egasiz.
 

Yanada qiziqarli huquqiy tushuntirishlar bilan Hudud24.uz saytida tanishing.