National database of legislation of the Republic of Uzbekistan
ONLINE TRANSLATE
Meros tarkibiga nimalar kiradi va merosxo‘rlar orasidan ayrimlarini merosdan chetlatish mumkinmi?

Meros tarkibiga nimalar kiradi va merosxo‘rlar orasidan ayrimlarini merosdan chetlatish mumkinmi?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan, meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.

Meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar:

yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan bo‘lmasa;

hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;

aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;

mehnat va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonunchilik asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;

mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi.

Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.

Qonunchilikda belgilangan tartibda merosxo‘rlar orasidan ayrimlarini merosdan chetlatish mumkin. Bunda, meros qoldiruvchini yoki ehtimol tutilgan merosxo‘rlardan birortasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan shaxslar vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar. Vasiyat qiluvchi o‘z hayotiga suiqasd qilinganidan keyin vasiyatnoma bergan shaxslar bundan mustasno.

Meros qoldiruvchi o‘zining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga qasddan to‘sqinlik qilgan va shu orqali o‘zlarining yoki o‘zlariga yaqin shaxslarning vorislikka chaqirilishiga yoxud merosning o‘zlariga yoki o‘zlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi ko‘paytirilishiga imkon yaratgan shaxslar vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar.

Bolalariga nisbatan ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan va meros ochilgan paytda bu huquqlari tiklanmagan ota-onalar ana shu bolalardan qolgan mulkka voris bo‘lish huquqiga ega emaslar, shuningdek meros qoldiruvchiga ta’minlab turish yuzasidan qonunga ko‘ra zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlagan ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) va voyaga yetgan bolalar (farzandlikka olinganlar) qonun bo‘yicha vorislik qilish huquqiga ega emaslar.

Noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish uchun asos bo‘ladigan holatlar bunday chetlatish keltirib chiqaradigan vorislik bilan bog‘liq mulkiy oqibatlarga daxldor shaxsning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan belgilanadi.