Iste’molchining mol-mulkiga yoki hayotiga yetkazilgan zararni kim qoplaydi?
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, Iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.
Ishlab chiqaruvchi tovarning xizmat muddati yoki yaroqlilik muddati mobaynida, agar bunday muddat belgilanmagan bo‘lsa, tovar iste’molchiga sotilgan kundan e’tiboran o‘n yil mobaynida uning xavfsiz bo‘lishini ta’minlashi shart.
Iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug‘diruvchi tovar ishlab chiqarganlik uchun qonunchilikka muvofiq:
- ishlab chiqaruvchi (ijrochi);
- normativ hujjatlarni tasdiqlagan organ;
- muvofiqlik sertifikati bergan organ;
- sog‘liqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, veterinariya xizmati organlari yoki xavfli tovarni ishlab chiqarish yoxud realizatsiya qilishga ruxsat bergan boshqa organlar javobgar bo‘ladi.
Agar tovardan foydalanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilish, ish natijalari iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulkiga yoki atrof-muhitga zarar yetkazayotganligi yoxud zarar yetkazishi mumkinligi aniqlansa, ishlab chiqaruvchi zarar keltiruvchi sabablar bartaraf etilgunga qadar ularni ishlab chiqarishni darhol to‘xtatishi, muomaladan chiqarish va iste’molchilardan qaytarib olish choralarini ko‘rishi shart.
Tovarni qaytarib olish, ishni bajarishni va xizmat ko‘rsatishni taqiqlab qo‘yish munosabati bilan iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.
Agar ishlab chiqaruvchi xavfli xossalarga ega bo‘lgan tovarni qaytarib olish yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rgan bo‘lsa, u iste’molchi mazkur tovardan foydalanishni davom ettiraverishi tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.