Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IJRO IShINI RIVOJLANTIRISh JAMGʻARMASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 18-martdagi 147-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan, 1-band bundan mustasno.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda ijro ishini yanada takomillashtirish va sud ijrochilari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamentining Ijro ishini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin.
2. Belgilansinki:
Jamgʻarmaning daromadlari ijro hujjatlari boʻyicha majburiy tartibda davlat daromadiga undirilgan summadan 30 foiz ajratmalar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi;
Jamgʻarmaning mablagʻlaridan Departamentning hududiy boʻlimlari va sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlinmalari binolarini qurish, taʼmirlashda va ularning moddiy-texnik taʼminotini mustahkamlashda, shuningdek sud ijrochilari faoliyati samaradorligini oshirishda foydalaniladi.
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti direktori zimmasiga yuklanadi.
3. Ijro ishini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudoybergenov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 17-oktabr,
358-son
Ijro ishini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Ijro ishini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda matnda “Jamgʻarma” deb yuritiladi) “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamentida (keyingi oʻrinlarda matnda “Departament” deb yuritiladi) tashkil etilgan va sud ijrochilarini qoʻshimcha ravishda mablagʻ bilan taʼminlashga hamda ular faoliyatining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga moʻljallangan.
2. Jamgʻarma mablagʻlari:
a) ijro ishini amalga oshirish boʻyicha budjetga undirilgan summadan 30 foiz ajratmalar;
b) Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlari:
a) Departamentning hududiy boʻlimlari va sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlinmalari binolarini qurish, jihozlash, taʼmirlash, inventarlar, tashkiliy texnika vositalari bilan taʼminlash, kompyuterlashtirishga;
b) ijro ishlarini amalga oshirishdagi zarur xarajatlarga;
v) sud ijrochilari umumiy sonining 10 foizigacha doirada sud ijrochilari qoʻshimcha shtat birliklari taʼminotiga;
g) xizmat maqsadlari uchun avtotransport va texnika vositalari sotib olishga, ularni taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatishga;
d) sud ijrochilarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofaza qilish (Departament xodimlariga uy-joylar qurish, ularni sanatoriy-kurortda va tibbiy davolash, maoshlariga ustamalar va qoʻshimchalar belgilash, moddiy yordam koʻrsatish)ga;
e) Jamgʻarma zaxirasini yaratishga;
j) ijro ishini takomillashtirish bilan bogʻliq boshqa maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
4. Sud ijrochilarining qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish va ularning Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishuv boʻyicha amalga oshiriladi.
5. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlinmalarini rivojlantirish dasturlarini mablagʻ bilan taʼminlash vositasida amalga oshiriladi.
Sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlinmalarini rivojlantirish dasturlari, ularni mablagʻ bilan taʼminlash miqdorlari, shuningdek Jamgʻarmaning har yili zaxiraga qoʻyiladigan mablagʻlari miqdori Jamgʻarma Kengashi tomonidan belgilanadi.
6. Jamgʻarma Kengashiga Departament direktori rahbarlik qiladi, uning tarkibiga shuningdek Departament direktorining oʻrinbosari, Departament boʻlimlari boshliqlari va Departament hududiy boʻlimlari boshliqlari kiradi.
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha qarorlar Jamgʻarma Kengashi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Dasturlar boʻyicha xarajatlar smetalarini Jamgʻarma Kengashi tomonidan belgilangan limitlar doirasida tasdiqlash va ularga tuzatishlar kiritish, shuningdek Jamgʻarmaning zaxira mablagʻlaridan foydalanish Departament direktori zimmasiga yuklanadi.
7. Jamgʻarma mablagʻlarini toʻplash va sarflash boʻyicha joriy ishlar Departament tomonidan amalga oshiriladi.
8. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari budjetga olib qoʻyilmaydi va ulardan keyingi yilda foydalaniladi.
9. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobot har yili Jamgʻarma Kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi va Departament tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga hamda belgilangan tartibda Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 20-son, 154-modda; 2003-y., 5-6-son, 54-modda)