Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Arxivlar toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 15-iyundagi OʻRQ-252-sonli “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Qonunning maqsadi va vazifalari
Ushbu Qonun arxivlarni shakllantirish, saqlash va ulardan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlarni hamda Oʻzbekiston Respublikasi arxiv muassasalari faoliyatini tartibga soladi.
Qonun Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlgan barcha arxiv hujjatlarini toʻliq qamrab olishga, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining yaxlitligini saqlab qolishga va fuqarolar, jamiyat va davlatning ijtimoiy, madaniy, ilmiy va boshqa ehtiyojlarini qondirish maqsadida arxiv hujjatlarini hisobga olish, ekspertiza qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, butlash hamda ulardan foydalanishning yagona tartibini belgilashga qaratilgandir.
2-modda. Arxivlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Oʻzbekiston Respublikasining arxivlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida arxiv ishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining arxivlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
arxiv — arxiv hujjatlari majmui, shuningdek arxiv muassasasi yoki korxona, muassasa va tashkilotning arxiv hujjatlarini qabul qiluvchi, saqlovchi va ulardan foydalanuvchi tarkibiy boʻlinmasi;
arxiv hujjatlari — qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli ekspertiza asosida arxiv ahamiyatiga molik deb topilgan matnli, qoʻlyozma va mashinada oʻqiladigan hujjatlar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari, chizmalar, sxemalar, xaritalar, shuningdek turli moddiy ashyolardagi yozuvlar;
arxiv fondi — tarixiy yoki mantiqiy jihatdan bir-biri bilan aloqador arxiv hujjatlari majmui;
arxiv ishi — arxiv hujjatlarini qabul qilish, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etishga oid faoliyat;
arxiv hujjatlarini doimiy saqlash — ularni arxivda, muzeyda, kutubxonada cheklanmagan muddatlarda saqlash;
arxiv hujjatlarini vaqtincha saqlash — ularni arxivlarda qonun hujjatlarida belgilangan davr mobaynida saqlash;
arxiv hujjatlarini depozitar saqlash — ularni hujjatlar mulkdori bilan arxiv, muzey, kutubxona oʻrtasidagi kelishuv (shartnoma) boʻyicha belgilanadigan shartlar asosida mulkdorning arxiv hujjatlariga nisbatan mulk huquqini saqlab qolgan holda arxivda, muzeyda, kutubxonada saqlash.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi
Hujjatlarida Oʻzbekiston xalqining moddiy va maʼnaviy hayoti aks ettirilgan barcha arxiv fondlarining majmui Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi davlat va nodavlat arxiv fondlaridan tashkil topadi.
Davlat arxivlarida va davlatning boshqa hujjatxonalarida doimiy saqlanayotgan hujjatlar, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, prokuraturalar, sudlar, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida, banklarda, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida vaqtincha saqlanayotgan arxiv hujjatlari davlat arxiv fondini tashkil etadi.
Nodavlat yuridik shaxslarning faoliyati natijasida toʻplangan arxiv hujjatlari, shuningdek fuqarolarning shaxsiy arxivlari nodavlat arxiv fondini tashkil etadi.
Hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasining Milliy arxiv fondiga kiritish yoki hujjatlarni undan chiqarish ekspert komissiyasining xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash mezonlarini, ekspert komissiyalarini tuzish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi belgilaydi.
(4-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondiga kiritish masalasini hal qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar davlat arxiv muassasasining talabiga binoan hujjatlarni ekspertizaga taqdim etishlari shart.
5-modda. Arxiv hujjatlariga boʻlgan mulkdorlik
Davlat arxiv fondining hujjatlari davlat mulkidir va ular davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, oldi-sotdi yoki mulk huquqini berish bilan bogʻliq boshqa bitimlar obyekti boʻlishi mumkin emas hamda faqat vaqtincha foydalanish uchun beriladi.
Nodavlat arxiv fondlarining hujjatlari nodavlat yuridik shaxslarning — fond egalarining mulkidir. Jismoniy shaxslarning arxiv hujjatlari shu shaxslarning xususiy mulkidir.
Vafot etgan fuqarolarning arxiv hujjatlari, qonun boʻyicha yoki vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻrlar boʻlmasa, shuningdek arxivning egasini aniqlash imkoniyati boʻlmasa, davlat mulkiga oʻtadi.
6-modda. Arxivlar tuzish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari arxivlar tuzish huquqiga egadir.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat arxivlari (ularning filiallari) tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tuziladi.
Viloyatlar davlat arxivlari (ularning filiallari) hamda Toshkent shahar davlat arxivi tegishli viloyat va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tuziladi.
Maxfiy arxivlar tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7-modda. Arxiv hujjatlarini doimiy saqlash huquqi
Davlat arxiv fondining hujjatlari davlat hujjatxonalarida doimiy saqlanishi kerak. Hujjatlarni qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshiradigan, ularning asralishi va ulardan foydalanishni taʼminlaydigan davlat arxivlari va ularning filiallari davlat arxiv fondi hujjatlarining asosiy hujjatxonalari hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat arxiv fondi hujjatlarini vazirliklar va idoralarda doimiy saqlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi bilan kelishilgan idoraviy normativ hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Davlat arxiv fondining hujjatlarini doimiy saqlash vazifasi topshiriladigan vazirliklar va idoralarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
8-modda. Idoraviy arxivlar
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar arxiv hujjatlarini vaqtincha saqlash, ulardan xizmat, ishlab chiqarish, ilmiy va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun idoraviy, birlashgan idoraviy yoki idoralararo arxivlar tuzishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlanayotgan hujjatlarni roʻyxatdan oʻtkazishni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi va u vakolat bergan davlat arxiv muassasalari amalga oshiradi. Roʻyxatdan oʻtkazish tartibi va roʻyxatdan oʻtish guvohnomasining shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Davlat arxiv fondining hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatining meʼyorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qoʻyiladi.
Idoraviy arxivda vaqtincha saqlash muddatlari oʻtganidan keyin doimiy saqlanishi kerak boʻlgan arxiv hujjatlari belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
Idoraviy arxivlarning arxiv hujjatlarini saqlash va ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan nizomda belgilanadi.
9-modda. Fuqarolarning shaxsiy arxivlari
Xususiy mulkida arxiv hujjatlari boʻlgan fuqarolar ularning asralishini taʼminlaydilar va arxiv hujjatlarini doimiy yoki depozitar saqlash uchun davlat arxivlari, muzeylari va kutubxonalariga topshirishlari mumkin.
Depozitar saqlash uchun topshirilgan arxiv hujjatlari, ularning mulkdorlari hujjatlarni saqlash shartnomasini oʻz vaqtida uzaytirmagan boʻlsalar va mazkur hujjatlar arxivga, muzeyga va kutubxonaga topshirilgan paytdan boshlab yuz yil mobaynida ularni talab qilib olmasalar, davlat mulkiga oʻtadi.
10-modda. Qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv fondlari
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qayta tashkil etilganda ularning arxiv hujjatlarini kelgusida saqlash ular tomonidan tegishli davlat arxiv muassasalari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tugatilganda ularning arxiv fondi hujjatlari tegishli davlat arxivlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda topshiriladi.
11-modda. Arxiv ishini davlat tomonidan boshqarish
Oldingi tahrirga qarang.
Arxiv ishini davlat tomonidan boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan arxivlar ishini boshqarish vakolatli davlat organlari orqali amalga oshiriladi.
(11-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Arxiv ishini boshqarish vakolatli davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalaridir.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasining davlat arxivlari (ularning filiallari), viloyatlar davlat arxivlari (ularning filiallari) va Toshkent shahar davlat arxivi bevosita arxiv ishini boshqarish vakolatli davlat organlariga boʻysunadi.
Arxiv ishini boshqarish vakolatli davlat organining faoliyatini tashkil etish tartibi hamda tuzilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Davlat arxiv muassasalarini moliyalash
Davlat arxiv muassasalarini moliyalash tegishli budjetlar mablagʻlari hisobiga, shuningdek budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
Pulli xizmatlar koʻrsatishdan hamda moliyalashning boshqa qoʻshimcha manbalaridan olinadigan mablagʻlar arxiv muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga hamda ularning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
13-modda. Arxiv muassasalarining xizmatlari
Davlat arxiv fondi muassasalari va idoraviy arxivlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda xizmatlar koʻrsatadi.
Fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini ijtimoiy himoya qilish uchun zarur boʻlgan arxiv maʼlumotnomalarini, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga arxiv maʼlumotnomalarini va hujjatlarning nusxalarini berish bepul amalga oshiriladi.
14-modda. Arxivlarni butlash
Davlat arxivlari davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining faoliyati jarayonida vujudga kelgan hujjatlardan, shuningdek ular tomonidan qoʻlga kiritilgan yoki ularga boshqa yuridik va jismoniy shaxslar topshirgan hujjatlardan butlanadi.
Davlat arxivlari fuqarolarning shaxsiy arxiv hujjatlarini shartnoma asosida mulk qilib olishlari mumkin. Fuqarolarning arxiv hujjatlari sotilayotganda davlat arxivi ularni mulk egasi eʼlon qilgan narxida sotib olishda ustuvor huquqqa ega.
Nodavlat yuridik shaxslarning arxivlari va fuqarolarning shaxsiy arxivlari davlat arxiv fondi hujjatlaridan butlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondiga butlash maqsadida topshirilishi lozim boʻlgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
(14-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
15-modda. Hujjatlar saqlanishini taʼminlash yuzasidan hujjatlar mulkdorlarining majburiyati
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondiga kiritilishi lozim boʻlgan hujjatlarning mulkdorlari ularning saqlanishini taʼminlashlari va koʻpayib borishiga koʻmaklashishlari shart.
Alohida qimmatli va noyob arxiv hujjatlarining sugʻurta nusxalari tayyorlab qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Arxiv hujjatlarini alohida qimmatli va noyob hujjatlar jumlasiga kiritish, shuningdek ularning sugʻurta nusxalarini tayyorlash va saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Qimmatli, noyob arxiv hujjatlarining lozim darajada asralishini taʼminlamayotgan nodavlat yuridik shaxslar sud qarori bilan hujjatlarga boʻlgan mulk huquqidan mahrum etilishlari mumkin, shundan soʻng bu hujjatlar saqlash uchun tegishli davlat arxiviga topshiriladi.
16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat hisobiga olish
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining hujjatlari, ularning saqlanayotgan joyidan qatʼi nazar, davlat hisobiga olinishi kerak. Mazkur hujjatlarni davlat hisobiga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
(16-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
17-modda. Arxiv hujjatlaridan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar davlat arxiv fondining arxiv hujjatlaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanadilar.
Nodavlat arxiv fondining hujjatlari, shu jumladan jismoniy shaxslarning xususiy mulki sifatida oʻzida saqlanayotgan arxivlar yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi uchun fond egalarining roziligi bilan berilishi mumkin boʻlib, ular arxiv hujjatlarining asralishini taʼminlash maqsadida ulardan foydalanishni cheklashlari mumkin. Cheklashlar xizmat topshirigʻini bajarayotgan huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi organlarning xodimlariga nisbatan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda tatbiq etilmaydi.
Arxiv hujjatlarining mahfiylik darajasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining davlat va tijorat sirini oʻz ichiga olgan hujjatlaridan foydalanishga doir cheklashlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi yoki ularning hayoti va xavfsizligiga tahdid tugʻdiruvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan arxiv hujjatlaridan foydalanishga doir cheklashlar, hujjatlar tayyorlangan vaqtdan eʼtiboran yetmish besh yil muddatga belgilanadi. Ushbu muddatdan oldin ana shunday hujjatlardan foydalanishga fuqaroning oʻzi tomonidan, uning vafotidan soʻng esa — uning merosxoʻrlari tomonidan ruxsat berilishi mumkin.
Davlat arxiv muassasalari davlat arxiv fondi hujjatlaridan foydalanishni ular ilmiy-texnik ishlovdan oʻtkazilayotgani yoki qayta tiklanayotgani munosabati bilan cheklab qoʻyish huquqiga egadir.
18-modda. Arxiv ishi sohasidagi xalqaro hamkorlik
Oʻz arxivlariga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar arxiv ishi sohasidagi xalqaro hamkorlikda qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasidan chetga olib ketilgan arxiv hujjatlarini qaytarish xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining Oʻzbekistondan olib chiqilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining asl nusxalarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi nusxalarini Oʻzbekistondan olib chiqilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining hujjatlarini chet elda koʻrgazmaga qoʻyish yoki qayta tiklash maqsadida Oʻzbekistondan vaqtincha olib chiqilishiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi ruxsati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
20-modda. Nizolarni hal etish
Arxivlardan foydalanish masalalariga doir nizolar sud tomonidan hal etiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar arxivlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun yetkazilgan zarar oʻrnini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplashlari shart. Zarar oʻrnining qoplanishi aybdorlarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod etmaydi.
21-modda. Arxivlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Arxivlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-aprel,
768-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 120-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y.,25-son, 287-modda)