Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
JINOIY FAOLIYATDAN OLINGAN DAROMADLARNI LEGALLASHTIRISHGA OID ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTINING AYRIM MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyotida masalalar kelib chiqqanligi munosabati bilan hamda mazkur toifadagi ishlarni koʻrib chiqishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (bundan buyon matnda — daromadlarni legallashtirish) jamiyat hayotining turli sohalarida uyushgan jinoyatchilik tugʻilishi va faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoit yaratishi tufayli milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, JK 243-moddasida nazarda tutilgan daromadlarni legallashtirish tariqasidagi jinoyatning predmeti bu jinoiy faoliyat natijasida topilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk hisoblanadi. Qonun mazmuniga koʻra, ushbu pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk ularni legallashtirishdan oldin qasddan sodir etilgan ijtimoiy-xavfli qilmish (bundan buyon matnda asosiy jinoyat deb yuritiladi) orqali topiladi.
Asosiy jinoyatlarga, jumladan, quyidagilar kiradi:
shaxsga qarshi haq evaziga sodir etiladigan jinoyatlar (masalan, gʻaraz niyatlarda odam oʻldirish, fohishaxonalar saqlash, odam savdosi);
iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar (masalan, oʻgʻirlik, bosqinchilik, tovlamachilik, talonchilik, firibgarlik, oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilish, soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash);
hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlari faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar (masalan, pora olish, qonunga xilof ravishda mulkiy manfaatdor boʻlish);
jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar (masalan, kontrabanda, oʻqotar qurol yoki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni, giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish va h.k.).
Bunda bir yoki bir necha asosiy jinoyat sodir etilganligi, ular alohida bir shaxs, uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi yoxud boshqa mamlakat hududida sodir etilganligi, legallashtirilayotgan mulk sodir etilgan jinoyat natijasida bevosita yoki bilvosita qoʻlga kiritilganligi ahamiyat kasb etmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10 iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2.1. “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar” atamasi Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasiga muvofiq, jumladan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
jinoiy yoʻl bilan topilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan daromad yoki foyda (daromaddan daromad);
jinoiy yoʻl bilan topilgan pul mablagʻlari yoki mol-mulk boshqa mulkka aylantirilgan yoki oʻzgartirilgan (masalan, koʻchmas mulkni jinoiy yoʻl bilan topilgan qurilish materiallaridan barpo etish);
jinoiy yoʻl bilan orttirilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkni qonuniy manbalar hisobidan topilgan mol-mulkka qoʻshish yoʻli bilan olingan mol-mulk. Bunday hollarda mol-mulkning faqat qoʻshilgan pul summasi yoki qoʻshilgan mol-mulk qiymatiga tegishli qismigina jinoiy yoʻl bilan topilgan deb eʼtirof etiladi.
Pul mablagʻlariga milliy yoki chet el valyutasi tariqasidagi naqd pullar, shuningdek naqd boʻlmagan pul mablagʻlari, shu jumladan, elektron pullar kiradi.
Boshqa mol-mulk deganda, koʻchar va koʻchmas mulk tushunilishi lozim boʻlib, u mulkiy huquqlar, narsalar, qimmatli qogʻozlar, xizmatlar, intellektual faoliyat natijalarini, shu jumladan, ularga boʻlgan mutlaq huquqlarni (intellektual mulk) oʻz ichiga oladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhining (FATF) 15-Tavsiyasiga koʻra, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarga kripto-aktivlar (kripto-valyuta) ham kiritilishi mumkin.
(2.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
3. JK 243-moddasi mazmuniga koʻra, daromadlarni legallashtirish deganda, aybdor tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkning kelib chiqishiga ularni oʻtkazish, mulkka aylantirish yoki almashtirish, shuningdek, ularning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, koʻchirish usulini, pul mablagʻlariga yoki boshqa mulkka nisbatan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirish yoxud sir saqlash yoʻli bilan qonuniy tus berilishi tushunilishi lozim.
Jinoiy faoliyatdan olingan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkning kelib chiqishiga qonuniy tus berilishi, odatda, bunday pul mablagʻlari yoki mulkka nisbatan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish va/yoki bitimlar tuzishda ifodalanadi.
Moliyaviy operatsiyalarga pul mablagʻlari bilan amalga oshiriladigan har qanday operatsiyalar (naqd va naqd pulsiz hisob-kitoblar, kassa operatsiyalari, shu jumladan, pul mablagʻlarini hisobvaragʻiga kiritish, ularni turli banklardagi omonatlarga boʻlib joylashtirish, boshqa valyutaga oʻtkazish, qimmatli qogʻozlar sotib olish, pul mablagʻlarini chegaradan tashqariga oʻtkazish va keyinchalik ularni bankdagi omonatga qayta tushirish va h.k.).
Legallashtirish amalga oshirilishi mumkin boʻlgan bitimlarga, fuqarolik huquq va majburiyatlarini vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki tugatishga, shuningdek, fuqarolik huquq va majburiyatlarining paydo boʻlganligi yoki oʻtganligi tasavvurini shakllantirishga qaratilgan (masalan, oldi-sotdi, qarz, hadya, garov, ijara, ayirboshlash va h.k. shartnomalarni tuzish) harakatlar kiradi.
Qonun mazmuniga koʻra, jinoiy yoʻl bilan orttirilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan hatto bitta operatsiya yoki bitim amalga oshirilgan hollarda ham daromadlarni legallashtirish uchun javobgarlik kelib chiqadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
3.1. Moliyaviy operatsiyalar oʻtkazish orqali sodir etilgan daromadlarni legallashtirish shaxs jinoiy yoʻl bilan topilgan pul mablagʻlaridan tovarlar uchun hisob-kitob qilishda yoki maydalashda foydalangan yoxud pul mablagʻlarini oʻtkazish va h.k. haqida bankka farmoyish taqdim etgan (bergan) vaqtdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Daromadlarni legallashtirish bitim tuzish orqali amalga oshirilgan hollarda, jinoyat aybdor shaxs tomonidan bitim natijasida vujudga kelgan majburiyatlarning hech boʻlmaganda bir qismi bajarilgan yoki huquqlarning hech boʻlmaganda bir qismidan foydalangan paytdan (masalan, aybdor tomonidan shartnoma boʻyicha boshqa tarafga legallashtirilayotgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkni, bitim boʻyicha majburiyatni boshqa taraf bajarganligidan qatʼiy nazar, topshirilgan paytdan) boshlab tugallangan hisoblanadi.
Agar jinoiy yoʻl bilan topilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkning kelib chiqishiga qonuniy tus berish maqsadida, mulk bilan faqat nomigagina bitim tuzilgan boʻlib, amalda u boʻyicha mulkni oʻtkazish yoki xizmatlar koʻrsatish (ishlarni bajarish) nazarda tutilmagan boʻlsa, JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat aybdor va boshqa shaxs oʻrtasida shartnoma rasmiylashtirilgan paytdan (masalan, pul mablagʻlari jinoiy yoʻl bilan topilganligini yashirish uchun tuzilgan xizmatlarga haq toʻlash toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan paytdan) boshlab tugallangan hisoblanadi”;
(3.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
3.2. Shuni nazarda tutish lozimki, jinoiy yoʻl bilan topilgan daromadlarni legallashtirish faktini isbotlashda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki bunday pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk nomiga rasmiylashtirilgan uchinchi shaxslarda daromadlarning qonuniy manbalari mavjud emasligidan dalolat beruvchi holatlar shaxs tomonidan JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning obyektiv tomonini tashkil etuvchi harakatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi dalillar majmui bilan birga inobatga olinishi lozim.
(3.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Sudning pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk kelib chiqishining jinoiyligi haqidagi xulosasi, jinoyat ishidagi boshqa materiallar bilan bir qatorda, quyidagilarga asoslanishi mumkin:
asosiy jinoyat boʻyicha chiqarilgan ayblov hukmiga;
JPK 84-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra, ishning asosiy jinoyat boʻyicha tugatish toʻgʻrisidagi dastlabki tergov organi qarori yoki sudning ajrimiga, basharti jinoyat ishi materiallarida asosiy jinoyat hodisasi va jinoyat tarkibi borligi toʻgʻrisida dalillar mavjud boʻlsa.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
5. Sudlar daromadlarni legallashtirishni jinoiy yoʻl bilan topilgan mulkni olish yoki oʻtkazish jinoyatidan farqlashlari lozim. Jumladan, jinoyat (masalan, oʻzganing mulkini talon-toroj qilish) natijasida topilgan mulkni olish yoki oʻtkazish, agar bundan mulkka qonuniy egalik koʻrinishi berilmayotgan boʻlsa (masalan, texnik pasport yoki oʻgʻirlangan avtomobilni sotish uchun beriladigan ishonchnoma qalbakilashtirilgan), daromadlarni legallashtirish (JK 243-moddasi) tarkibini tashkil etmaydi.
Ishning muayyan holatlaridan (jumladan, talon-toroj qilingan mulk bilan amalga oshirilgan bitim oldiga qoʻyilgan maqsaddan) kelib chiqqan xolda bunday harakatlar oʻzganing mulkini talon-toroj qilishda ishtirokchilik (yordamchi shaklida) yoki jinoiy yoʻl bilan topilgan mulkni olish yoki oʻtkazish (JK 171-moddasi) sifatida, bunga asoslar mavjud boʻlganda esa, hujjatlarni qalbakilashtirish sifatida ham kvalifikatsiya qilinishi mumkin.
6. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkka nisbatan mulkiy huquq va majburiyatlarni vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki tugatishga qaratilgan harakatlarni sodir etishda ishtirok etgan shaxsning harakatlarini kvalifikatsiya qilish masalasini hal etishda, har bir holatda bu shaxs mazkur mol-mulk jinoiy faoliyat natijasida orttirilganligini aniq bilgan-bilmaganligi aniqlanishi shart. Masalan, agar shaxs jinoiy faoliyat natijasida topilgan mulkni legallashtirishni xohlab oldi-sotdi shartnomasi tuzgan boʻlsa va oluvchi sotuvchida mazkur mulkka qonuniy tus berish maqsadi borligini anglagan holda bu mulkni sotib olsa, oluvchining harakatlari daromadlarni legallashtirishga koʻmaklashish sifatida JK 28, 243-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday hukm keyinchalik mulkni oldi-sotdi shartnomasi fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida haqiqiy emas deb topilishi uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Notarius tomonidan mansab vakolatlaridan pul mablagʻlari yoki boshqa mulkni legallashtirishga qaratilgan bitimni oʻzi bila turib tasdiqlash uchun foydalanilishi daromadlarni legallashtirishga koʻmaklashish sifatida (JK 28, 243-moddalari) bilan, bunga asoslar boʻlganda esa, Jinoyat kodeksining boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi boshqa moddalari bilan ham bilan kvalifikatsiya qilinadi,
Oldingi tahrirga qarang.
7. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, daromadlarni legallashtirishdan olingan mulk JPK 211-moddasi 5-bandiga koʻra, JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat predmeti hisoblanadi va Fuqarolik kodeksi 204-moddasiga asosan jismoniy yoki yuridik shaxsga asosiy jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zarar qoplangandan soʻng konfiskatsiya qilinishi kerak.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
Agar shaxsni JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblashga doir ishni koʻrish chogʻida pul mablagʻlari yoki mulkning muayyan qismi jinoiy yoʻl bilan orttirilmaganligi aniqlansa, ular JPK 211-moddasi 4-bandiga asosan qonuniy egasiga qaytarilishi lozim.
8. Daromadlarni legallashtirish jinoyatini sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan jazo belgilashda, sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorida bayon etilgan tushuntirishlarga qatʼiy rioya etishlari lozim.
Shu bilan birga, JK 243-moddasi dispozitsiyasida daromadlarni legallashtirish uchun jinoiy javobgarlik kelib chiqadigan miqdor belgilanmaganligini, mazkur moddaning sanksiyasi esa, faqat ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni nazarda tutishini inobatga olib, sudlar, insonparvarlik va odillik prinsiplariga amal qilib jazo mutanosibligini JK sakkizinchi boʻlimida berilgan miqdorlar (ancha, koʻp, juda koʻp miqdor)ga doir tushunchalarga tayangan holda belgilashlari lozim.
9. Daromadlarni legallashtirishga koʻmaklashuvchi omillardan biri jinoyatlarning oʻz vaqtida ochilmasligi ekanligini inobatga olgan holda, aybdor jinoyat natijasida qonunga xilof tarzda mulkni qoʻlga kiritgan har bir ishni koʻrishda sudlar bunday faktlarga nisbatan xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan munosabat bildirishlari kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi daromadlarni legallashtirishga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar boʻyicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etishlari lozim.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
Toshkent sh.,
2011-yil 11-fevral,
1-son