Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING 2010 YILGI DAVLAT BUDJETI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan taqdim etilib, muhokama qilish mobaynida Qonunchilik palatasi deputatlarining fikr-mulohazalari va takliflari hisobga olingan holda maromiga yetkazilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi Davlat budjeti loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi Davlat budjeti hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
2009 — 2012-yillarga moʻljallab qabul qilingan Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlarining oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha inqirozga qarshi dasturni amalga oshirish, shu asosda iqtisodiy oʻsishning uzoq muddatli barqaror surʼatlarini va iqtisodiyotning muvozanatli rivojlanishini, inflatsiya darajasining belgilangan eng yuqori darajadan oshmasligini taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
iqtisodiyotning xalqaro sifat standartlariga mos keladigan hamda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan eng muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnika va texnologiya jihatidan qayta jihozlash orqali iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlarni va uning diversifikatsiya qilinishini davom ettirsin;
saʼy-harakatlarini qishloq joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirishga, bandlikni taʼminlashga, qishloq aholisining turmushi sifatini oshirishga, fermer xoʻjaligi rivojlantirilishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratsin;
iqtisodiyot zimmasidagi soliq yukini kamaytirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirsin;
budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi va ularning asossiz sarflanishiga barham berish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin;
ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini inflatsiya surʼatlariga nisbatan ildam oshirib borish orqali aholining farovonligini izchil yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini bundan buyon ham davom ettirsin;
vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari fondlari (budjet tashkilotlarini rivojlantirish fondlari ham shunga kiradi) mablagʻlariga Davlat budjetining gʻazna ijrosi mexanizmini tatbiq etsin, shuningdek Davlat bojxona qoʻmitasi boʻyicha tushumlarni gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazsin;
Davlat budjeti taqchilligini respublika budjetining zaruriy aylanma kassa mablagʻidan ortiq boʻlgan boʻsh qoldiqlari hamda boshqa noinflatsiyaviy manbalar hisobiga moliyalashtirilishini nazarda tutsin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari budjet daromadlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasin, mintaqalarning soliq solinadigan bazasini kengaytirish va moliyaviy salohiyatini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
4. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2009-yil 30-oktabr,
1083-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 10-son, 391-modda)