Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
RESPUBLIKA VOLFRAM KONLARINING MINERAL-XOM AShYo BAZASINI YaNADA RIVOJLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika volfram konlarini qazish ishlarini davom ettirish hamda “Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati” OAJni eksportga moʻljallangan koʻp turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun mineral-xomashyo resurslari bilan taʼminlash, shuningdek kombinatning amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada toʻliq yuklash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Olmaliq KMK” OAJ hamda “Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati” OAJ tomonidan “Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati” OAJni istiqbolli rivojlantirish va volfram-molibden mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishning quyidagilarni nazarda tutuvchi prognoz yoʻnalishlari ishlab chiqilgan:
Samarqand viloyatidagi Yaxton konining “Shimoliy” uchastkasini 2009-yildan boshlab oʻzlashtirish va yillik volfram konsentrati ishlab chiqarish hajmini 870,0 tonnaga yetkazishni nazarda tutgan holda 2007-2008-yillarda kon-boyitish kompleksini qurish;
2010—2012-yillarda Navoiy viloyatidagi Sautboy konini ishga tushirish, 2013-yildan boshlab yiliga 1260,0 tonna hajmda qoʻshimcha volfram konsentrati ishlab chiqarish va 2014-yildan boshlab volfram mahsulotlari ishlab chiqaruvchi texnologik liniyalar quvvatlarini toʻliq yuklashni taʼminlash;
2007-yildan boshlab “Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati” OAJning yiliga 60,0 tonnagacha hajmdagi texnogen chiqindilarini jalb etish, 2011-yildan boshlab esa “Ingichki metals” qoʻshma korxonasi tomonidan yiliga 560 tonnagacha volfram konsentrati yetkazib berish hisobiga volfram xomashyosini qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirish;
2006-yildan boshlab 2011-yilga qadar “Olmaliq KMK” OAJdan yetkazib beriladigan molibden sanoat mahsulotini qayta ishlash hajmlarini bosqichma-bosqich yiliga 162,0 tonnadan 650,0 tonnagacha oshirib borish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti “OʻzGEOTEXLITI” institutini jalb etgan holda quyidagi loyihalarning dastlabki texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
2007-yilning 20-martigacha boʻlgan muddatda — Yaxton koni (“Shimoliy” uchastkasi) volfram rudalarini qazib chiqarish va boyitish;
2008-yilning 31-dekabrigacha boʻlgan muddatda — “Sautboy” koni volfram rudalarini qazib chiqarish va boyitish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi oʻn kun muddatda Yaxton va Sautboy konlarining volfram rudalari zaxiralarini mazkur konlardagi volfram rudalarini qazib chiqarish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirgan holda belgilangan tartibda “Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati” OAJ balansiga oʻtkazsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi bilan birgalikda oʻn kun muddatda:
ushbu investitsiya loyihalarining loyiha hujjatlarini tayyorlashni Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish masalalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlariga boʻlgan talab-ehtiyojni, shuningdek ushbu loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun boshqa manbalarni ularning iqtisodiy samaradorligini taʼminlashni hisobga olgan holda aniqlasin.
5. “Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati” OAJ Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi hamda “Olmaliq KMK” OAJ bilan birgalikda, “Yaxton koni(“Shimoliy” uchastkasi) volfram rudalarini qazib chiqarish va boyitish” loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlangandan soʻng, ikki oy muddatda asosiy texnologik uskunalarni yetkazib beruvchini tanlash boʻyicha hujjatlarni ishlab chiqsin va tender oʻtkazsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi “Yaxton koni(“Shimoliy” uchastkasi) volfram rudalarini qazib chiqarish va boyitish” loyihasini Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yilgi va keyingi yillardagi Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritsin.
7. “Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati” OAJ Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Yaxton koni volfram rudalarini sanoat miqyosida qazib chiqarish va boyitishni taʼminlash uchun olib kelinadigan import qilinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan materiallar, uskunalar va ular uchun ehtiyot qismlar, texnik hujjatlar 2009-yilning 31-dekabrigacha bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va E.R. Shoismatov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-dekabr,
PQ-530-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52-son, 505-modda)