ONLINE TRANSLATE
Document passport
Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 04.02.2026 yildagi PF-17-son

Farmonga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi (Agentlik);

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi boshqaruv kengashi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifa, funksiya va vakolatlari Agentlikka o‘tkaziladi.

2026 yil 1 iyuldan:

Agentlik respublika va mintaqa bozorini tahlil qilib, milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymat zanjirlarini oshirishga xizmat qiluvchi o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatini sohalar kesimida bosqichma-bosqich shakllantiradi va eʼlon qilib boradi;

o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan mahsulotlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlar bilan o‘rnatilgan tartibda kafolatli xarid shartnomalari tuziladi;

Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini shakllantirishda mahsulotlarni ishlab chiqarishda yaratilgan qo‘shilgan qiymat ulushi qo‘shimcha ball beruvchi ko‘rsatkichlarga kiritiladi.

2027 yil 1 yanvardan:

kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat xaridlarida xarid predmetini texnologik zanjirlar, funksional bosqichlar va ish turlari kesimida alohida lotlarga bo‘lish amaliyoti joriy etiladi;

korporativ buyurtmachilarda “professional xaridor” sertifikatiga ega mutaxassislar mavjud bo‘lmagan taqdirda, 2028 yil 1 yanvardan boshlab ular davlat xaridlarida ishtirok etishi taqiqlanadi.

2026 yil 1 iyuldan vositachi-broker va (yoki) dilerlarga ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzish orqali ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni davlat xaridlarida sotish huquqi beriladi.

2026 yil 1 apreldan boshlab byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan taklif etilgan eng past import tovarlarining narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz;
1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz miqdorida.