ONLINE TRANSLATE
Document passport
Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 09.09.2025 yildagi PQ-280-son

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan BHMning 1 000 baravarigacha bo‘lgan quyidagi nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi:

notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;

yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud bo‘lgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti bo‘lgan ko‘char mol-mulkka qaratish to‘g‘risida talab;

ijara to‘lovlari, ko‘p kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badal va to‘lovlar, kommunal va aloqa xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida talablar.

Shuningdek, 2026 yil 1 apreldan O‘zbekistonda notarius lavozimida bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi.

Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi  tomonidan o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra notarius o‘z roziligi bilan ish faoliyatini 70 yoshgacha amalga oshirishi mumkin.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini berish bo‘yicha malaka imtihoni o‘rniga axborot texnologiyalaridan foydalanib, 2 bosqichli yagona tanlov tartibi joriy etiladi:

1-bosqichda talabgorlar davlat va jamiyat boshqaruvi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi sohalari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadi. 

2-bosqichda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar Oliy malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan amaliy imtihonda notarial harakatlarning loyihalarini maxsus elektron platformada tayyorlaydi va muammoli masalaga (kazusga) javob beradi.

Shuningdek, 2026 yil 1 apreldan:

xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius kasbiy faoliyatini uzrli sabablarga ko‘ra bajara olmaganda, uning arizasiga asosan litsenziyasining amal qilish muddati to‘xtatib turiladi;

notarius litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatishdan tashqari ogohlantirish va jarima ko‘rinishidagi muqobil taʼsir choralarini qo‘llash mexanizmi joriy etiladi;

notarial rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar notariusning imzosi, muhri va/yoki QR kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlanadi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan respublikada notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini “Notarius” axborot tizimi (Tizim) ga majburiy yuklash tartibini joriy etish orqali ularning aslini notariuslar tomonidan talab qilish bekor qilinadi. 

Bunda notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar elektron qurilmalarda saqlanadi hamda ularni Tizimda to‘g‘ridan-to‘g‘ri notarial harakatga biriktirish va saqlash imkoniyati yaratiladi.