ONLINE TRANSLATE
Document passport
Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 19.05.2025 yildagi PQ-185-son

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan 15 ta tuman (shahar)larda, 2026 yil 1 yanvardan Samarqand viloyatida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modelini (Tajriba-sinov loyihasi) joriy etish doirasida sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish orqali oilaviy poliklinikalarda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;

tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ular mehnatiga munosib haq to‘lash tizimini joriy qilish.

Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish maqsadida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi. 

Quyidagilar tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlarining asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:

ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarni markaziy shifoxonalarning maslahat-diagnostika bo‘linmalariga aylantirish;

tibbiyot xodimlari faoliyatini tasdiqlangan mehnat samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha nazorat qilish hamda natijalar asosida ularni rag‘batlantirish.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida maxsus ko‘nikmalarni talab qiladigan davolash choralarini ko‘rgan hamda yuqori xavf darajasiga ega bo‘lgan amaliyotlarni samarali amalga oshirgan shifokorlarning oylik maoshlariga 25 foizdan 100 foizgacha ustama to‘lanadi.

2025 yil 15 iyungacha Tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan hududlarda, 2025 yil yakunigacha qolgan hududlarda aholi “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda tibbiyot brigadalariga biriktiriladi.

Shuningdek, “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, 2025 yil 1 iyundan Dastur doirasida qisqa muddatda tibbiyot muassasalarida aholi uchun qulay sharoitlar maqsadida quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi, jumladan:

tibbiyot muassasalarida kutish zallari tashkil qilinib, o‘rindiqlar bilan taʼminlanadi;

aholi, bemorlar, nogironlar harakatlanishi uchun qulayliklar yaratiladi;

“Ona va bola” xonalari tashkil qilinadi, xonalar va yo‘laklar tejamkor zamonaviy yoritish qurilmalari bilan jihozlanadi.