ONLINE TRANSLATE
Document passport
Yer qaʼridan foydalanish, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 24.05.2024 yildagi PF-79-son

Farmonga muvofiq:

1) Quyidagilar:

a) Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi negizida:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasini (Qo‘mita);

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasini (Inspeksiya);

b) Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligini (Agentlik) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar maʼqullandi;

2) Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi funksiyalari va shtat birliklarini taqsimlash tartibi tasdiqlandi;

3) Quyidagilar:

Qo‘mita atom energetikasi va yadro texnologiyalari obyektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanishi;

Agentlik atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanishi;

Inspeksiya yer qaʼridan foydalanish va muhofaza qilish sohasida davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanishi belgilandi.