Farmonga muvofiq:
1) 2024 yil 1 martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilishi belgilandi;
2) Yoshlarning salohiyati, isteʼdodi va tashabbuslarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida:
2024 yil 1 martdan boshlab mahalla, taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamg‘armasi 600 million so‘m miqdorida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) bo‘yicha tanlovlar, kibersport musobaqalari va “Zakovat” intellektual o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etilishi;
Yoshlar ishlari agentligi va mahalliy hokimliklar tomonidan kasblar tanlovida g‘olib bo‘lgan yoshlarni o‘z hududlarida jihozlangan ustaxonalar bilan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taʼminlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilandi;
3) Ekologiya, sog‘lom turmushni targ‘ib qilish kabi ijtimoiy ahamiyatga molik 100 ta volontyorlik loyihalari bo‘yicha 1-bosqichda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha mablag‘ni tanlov asosida ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi;
4) 2024 yil 1 iyundan boshlab “Yosh tadbirkor” tanlovlarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
5) 2024 yil 1 martdan boshlab “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etiladi;
6) 2024 yil 1 martdan boshlab:
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish maqsadlariga yo‘naltirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi;
yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushirilishi va dastlabki bosqichda mazkur platforma orqali 250 ming nafar yoshlar qamrab olinishi taʼminlanishi;
yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushirilishi va bu orqali yosh xotin-qizlar uchun turli tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etilishi belgilandi;
7) 2024 yil 1 iyuldan boshlab nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga:
xalqaro standartlarni joriy etish va ekologik sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy qilinishi;
3 yil davomida nufuzli xalqaro brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyolar mahalliylashtirish darajasini kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan bojxona bojidan ozod etilishi;
nufuzli xalqaro brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berilganligi uchun to‘lovlar undirilishi bekor qilinishi belgilandi;
8) Quyidagilar:
a) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahrida) sinov tariqasida “Mening maktabim” loyihasi amalga oshirilishi hamda buning doirasida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘ 5 – 11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra, elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanishi;
umumiy o‘rta taʼlim muassasalari direktorlarini menejerlik bo‘yicha sertifikatsiyalash tizimi joriy etilishi belgilandi. Bunda, direktorlarga malakaviy talablar aniq belgilanib, ular har 5 yilda 1 marotaba attestatsiyadan o‘tkaziladi;
b) 2025 yil 1 yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilandi;
9) Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida:
2024 yilda nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilish texnik vositalari bilan taʼminlashning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinishi;
2024 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiya tayinlashda bir vaqtning o‘zida shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi pulni olish bilan bog‘liq harakatlar proaktiv tarzda amalga oshirilishi, nogironlikni belgilashda esa, nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida xabardor qilish tartibi joriy etilishi;
2024 yil 1 dekabrdan boshlab yolg‘iz yashayotgan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga Toshkent shahrida eksperiment tariqasida tegishli yo‘nalishdagi nodavlat tashkilotlar orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilandi;
10) Mamlakatimizda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish doirasida:
a) 2024 yil 1 martdan boshlab:
hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga taʼsirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi;
o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etilishi;
Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanishi;
2030 yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “YEVRO — 5” va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanishi belgilandi.