Qonun V ta bob, 27 ta moddadan iborat.
1. Qonunning maqsadi
jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalariga daxldor qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi ishtirokchilari
Fuqarolar, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi ishtirokchilari bo‘lishlari mumkin.
3. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi
Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari ommaviy axborot vositalari (OAV)da eʼlon qilinadi. OAV qonun loyihalari umumxalq muhokamasining borishini yoritadilar, qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalarini eʼlon qilib boradilar.
3. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolar ishtirok etishining ixtiyoriyligi
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolarning ishtirok etishi ixtiyoriydir. Fuqarolarni qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishga majburlash taqiqlanadi.
4. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishda fuqarolarning teng huquqliligi
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishda fuqarolar teng huquqqa egadirlar.
Fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeiga qarab qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etish huquqlarini cheklash taqiqlanadi.
5. Qonun loyihalarini muhokama qilish
Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari davlat organlarining majlislarida, fuqarolar yig‘inlarida, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalarida, harbiy xizmatchilarning yig‘ilishlarida, ommaviy axborot vositalari orqali muhokama qilinishi mumkin.
6. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi bo‘lib o‘tadigan til
Fuqarolar qonun loyihasiga doir taklif va mulohazalarini davlat tilida yoki o‘zlari bilgan istalgan boshqa tilda kiritishga haqlidirlar.
7. Qonun loyihalari umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalarini ko‘rib chiqish
Fuqarolar, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalaridan umumxalq muhokamasi davomida qonun loyihasi yuzasidan tushgan taklif va mulohazalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
8. Qonun loyihalari umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalarini umumlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qo‘mitalari umumxalq muhokamasi davomida tushgan taklif va mulohazalarni umumlashtiradilar hamda qonun loyihalarini maromiga yetkazadilar.
9. Shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini hisobga olish
Qonun loyihalarini maromiga yetkazish paytida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari aholi turli qatlamlarining, jamiyat siyosiy kuchlarining hamda davlatning manfaatlarini har tomonlama hisobga oladilar.
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi yakunlarini ko‘rib chiqish
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi yakunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.