O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2006 YILDA QIShLOQ XO‘JALIGI KOOPERATIVLARI (ShIRKATLARI)NI FERMER XO‘JALIKLARIGA AYLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublikada fermer xo‘jaliklarini jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek zarar ko‘rib ishlayotgan, past rentabelli va istiqbolsiz qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari)ni fermer xo‘jaliklariga aylantirish Dasturiga muvofiq:
1. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tayyorlangan quyidagi:
1-ilovaga* muvofiq, zarar ko‘rib ishlayotgan, past rentabelli va istiqbolsiz qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari)ni 2006-yilda fermer xo‘jaliklariga aylantirish;
* 1-ilova berilmaydi
2-ilovaga* muvofiq, 2006-yilda qayta tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari) hududida ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlarini barpo etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
* 2-ilova berilmaydi
Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan holda qayta tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari) ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha tegishli o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermer xo‘jaliklari uyushmasi rahbarlari zimmasiga:
1-ilovaga muvofiq ikki oy muddatda qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari)ni fermer xo‘jaliklariga aylantirishni O‘zbekiston Respublikasining “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga to‘la muvofiq tarzda amalga oshirilishi;
fermer xo‘jaliklarini tashkil etishga da’vogarlar o‘rtasida ochiq va oshkora tanlovlar o‘tkazilishi, G‘oliblarni aniqlashda xolislik va haqqoniylik tamoyillari qat’iy ta’minlanishi;
shirkat xo‘jaliklarini tugatish ishlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z vaqtida va to‘liq yakunlanishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. Vazirlar Mahkamasi (Sh.M. Mirziyoyev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
2006-yilda qayta tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari) hududida barpo etiladigan ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlari 2-ilovaga qat’iy muvofiq ravishda joylashtirilishini bir oy muddatda aniqlasin va ularni tashkil qilish ustidan nazoratni ta’minlasin;
“O‘zdonmahsulot” AK bo‘linmalari bilan qayta tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari) o‘rtasida avval tuzilgan shartnomalarga teng hajmda davlat ehtiyojlari uchun 2006-yil hosilidan boshoqli don xarid qilish uchun yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar imzolanishini ta’minlasin;
1-ilovaga muvofiq qishloq xo‘jaligi korxonalarini qayta tashkil etish natijasida bo‘shaydigan xodimlar ish bilan ta’minlanishini tashkil etsin.
7. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermer xo‘jaliklari uyushmasi televideniye va ommaviy axborot vositalarida fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularning faoliyati, qishloqda ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini tashkil etish hamda rivojlantirish masalalarini yoritish bo‘yicha maxsus ko‘rsatuv va ruknlar tashkil etsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 8-noyabr,
PQ–215-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 45-son, 339-modda)