Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
QASHQADARYO VILOYATINING BAHORISTON VA USMON YUSUPOV TUMANLARINI BIRLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Qashqadaryo viloyatining Bahoriston va Usmon Yusupov tumanlarining iqtisodiy salohiyati va ijtimoiy infratuzilmasidan, mehnat va moddiy resurslaridan yanada samarali va oqilona foydalanish maqsadida, mazkur tumanlarda yashovchi aholining fikr-mulohazalarini inobatga olib, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli taklifini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Qashqadaryo viloyati tarkibida Bahoriston va Usmon Yusupov tumanlari negizida umumiy maydoni 3,13 ming kvadrat kilometr boʻlgan Mirishkor tumani tuzilsin.
2. Mirishkor tumani tarkibiga Bahoriston tumanidagi Guliston, Zafar, Pomuq, Chamanzor, Chandir, Shodlik va Yangi Jeynov hamda Usmon Yusupov tumanidagi Avazchoʻl, Ayzabod, Buluch, Vori, Guliston, Gulshanbogʻ, Jeynov, Mirishkor, Obod, Elobod, Yangi Mirishkor va Yangiobod aholi punktlari oʻtkazilsin.
3. Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining chegaralari grafik chizmasiga muvofiq tasdiqlansin.
4. Mirishkor tumanining markazi deb Yangi Mirishkor qishlogʻi belgilansin.
5. Tugatilgan Bahoriston va Usmon Yusupov tumanlari hududida joylashgan saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatlari yangitdan tashkil etilgan xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashi deputatlari ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimiyat ijroiya organlarini tuzish va ularning faoliyat koʻrsatishiga doir masalalarni koʻrib chiqsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2003-yil 25-aprel,
485-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 38-modda)