[
OKOZ:
1.
09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.20.00.00 Energetika / 09.20.04.00 Neft mahsulotlarini sotish. Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari]
[
TSZ:
1.
Iqtisodiyot / Energetika]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NEFT MAHSULOTLARI, SUYuLTIRILGAN VA SIQILGAN GAZ SOTISh TIZIMINI TARTIBGA SOLISh, ULARDAN FOYDALANISh VA AVTOTRANSPORT VOSITALARINING IShLATILIShI USTIDAN NAZORATNI KUChAYTIRISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi
qaroriga
asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Avtotransport vositalari uchun neft mahsulotlari, suyultirilgan va siqilgan gaz sotish tizimini tartibga solish va yonilg‘i taqsimlashning talon tizimi keltirib chiqaradigan suiiste’mollarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Neft mahsulotlari, suyultirilgan va siqilgan gazni davlat taloni bo‘yicha sotish tizimi 1999-yil 1-fevraldan boshlab bekor qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda:
bir transport birligiga (maxsus avtotransportdan tashqari) oylik yo‘l bosish limitini va neft mahsulotlari sarfi normasini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
budjet mablag‘lari, budjetdan tashqari fondlar, korxonalarning xo‘jalik faoliyatidan ajratmalar hisobidan saqlanayotgan hamda tijorat va davlat tashkilotlarining ma’muriy-boshqaruv apparatiga xizmat ko‘rsatuvchi xizmat avtotransporti sonini qisqartirish to‘g‘risida ikki hafta muddatda taklif kiritsin;
xizmat safarlari uchun xodimlarning shaxsiy avtomobillaridan foydalanganligi uchun kompensatsiya miqdori va uni to‘lash tartibi to‘g‘risida ikki hafta muddatda taklif kiritsin.
3. “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi:
yonilg‘i-moylash materiallari, suyultirilgan va siqilgan gazning, yonilg‘i tegishli turining olingan hajmiga nazorat-kassa apparatining chekini majburiy ravishda taqdim etgan holda, ajratilgan limitlar doirasida vedomostlar asosida, yonilg‘i quyish shoxobchalari orqali sotilishini tashkil etsin;
bir hafta muddatda barcha yonilg‘i quyish shoxobchalarini nazorat-kassa apparatlari bilan jihozlasin;
“O‘zavtotrans” korporatsiyasi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda yonilg‘i-moylash materiallari, suyultirilgan va siqilgan gazni talonsiz sotish tartibini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Banklar uyushmasi bilan birgalikda yonilg‘i quyish shoxobchalarida yonilg‘i-moylash materiallari, suyultirilgan va siqilgan gazni tijorat banklarining so‘mlardagi elektron kartochkalari bo‘yicha sotib olish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun taqdim etsin.
Oldingi
tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-oktabrdagi 222-sonli
qaroriga
muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘R QHT, 2005-y., 40-son, 307-modda)
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi respublikaning barcha yonilg‘i quyish shoxobchalari nazorat-kassa apparatlari bilan o‘z vaqtida jihozlanishi va ulardan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zdavstandart” markazi bilan birgalikda ishlatilayotgan avtotransport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tishi, belgilangan davlat standartlariga rioya qilinishi, shuningdek spidometrlar tamg‘alanishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
7. Vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, konsernlar, kompaniyalar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlari:
bir oy muddatda xizmat yengil avtomobillari uchun belgilangan xarajatlar limiti doirasida ularning ishlash smenasini va foydalanish kunlarini belgilasinlar, bunda yonilg‘i-moylash materiallari ajratilgan limitlardan ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘ymasinlar;
yonilg‘i-moylash materiallari, suyultirilgan va siqilgan gazning belgilangan normativlari doirasida tejalgan qiymatning 50 foizigacha miqdordagi mablag‘larni haydovchilarni mukofotlashga yo‘naltirsinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonun hujjatlari va normativ hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida taklif tayyorlasin.
Vazirliklar va idoralar idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 31-dekabr,
542-son