O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan
(11/6-sonli bayonnoma)
2000-yil 24-iyulda
472-son bilan
“TASDIQLANGAN”
TIJORAT BANKLARIDA KORPORATIV BOShQARISh TO‘G‘RISIDAGI
Nizom
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 5-iyulda 943-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/9-sonli “Tijorat banklarida korporativ boshqaruv to‘g‘risidagi nizomni, shuningdek unga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 943-6, 30.06.2020-y.) asosan 2020-yil 1-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ-2344-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-son “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq tijorat banklarida korporativ boshqaruvni tashkil etish asoslarini belgilab beradi.
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. “Korporativ boshqaruv” tushunchasi tijorat banki faoliyatini boshqarishda Kengash a’zolari va boshqa rahbar xodimlar tomonidan amalga oshiriladigan asosiy faoliyat hamda qoidalar majmuasi tushuniladi. Shu bilan birga korporativ boshqaruv konsepsiyasi biznes yuritish etikasining andozalari va aksiyadorlarga bo‘lgan munosabatlarda mas’uliyat hissi hamda bank faoliyat ko‘rsatayotgan jamiyat talablarini e’tiborga olishni o‘z ichiga oladi.
1.2. Tijorat korxonalarida bank kengashi a’zolari va rahbarlariga bankni boshqarish bo‘yicha erkin harakat qilish imkoni berilgan. Biroq, banklar faoliyati boshqa tijorat korxonalari faoliyatidan ancha farq qiladi. Misol uchun, agar tijorat korxonalari o‘z mablag‘lari asosida operatsiyalarni ko‘proq amalga oshirsalar, tijorat banklari, asosan, jalb qilingan mablag‘lar asosida operatsiyalarni amalga oshiradilar. Ayniqsa, banklar o‘z faoliyatini saqlash uchun aksiyadorlik kapitalidan foydalanishiga qaramasdan, bank faoliyati omonatchilar mablag‘larining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Banklarning o‘ziga xos roli natijasida, banklarda korporativ boshqaruvni tashkil etishga har tomonlama o‘ylab yondashish zarur.
1.3. Bankning asosiy maqsadi aksiyadorlarning manfaatlarini ko‘zlagan holda amaldagi qonunchilikda ruxsat etilgan hollarda bank faoliyati uning korporativ foydasini ko‘paytirishga yo‘naltirishdan iboratdir.
Banklar ustavidan kelib chiqib, o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan jamiyatning moliyaviy ehtiyojini qondirish kabi qo‘shimcha majburiyatlarga ega bo‘lishlari mumkin. Mazkur ehtiyojlarni qondirish davomida banklar o‘zlarining xavfsiz va ishonchli faoliyatlariga salbiy ta’sir etmaydigan faoliyat, xususan, jamiyatning farovon hayoti, gumanitar va xayriya maqsadlari uchun yetarli darajada mablag‘lar ajratishi mumkin.
Har bir bank, maqsadi samarali korporativ boshqaruvga yo‘naltirilgan mazkur Nizomga zid bo‘lmagan, bank korporativ boshqaruvi to‘g‘risidagi ichki hujjatlarni ishlab chiqishi va amalga kiritishi shart. Bank tomonidan ishlab chiqilayotgan korporativ boshqaruv to‘g‘risidagi ichki hujjat Nizomning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-iyuldagi 176-son qarori bilan tasdiqlangan, aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga bo‘lgan talablar haqidagi talablariga muvofiq korporativ veb-saytlarni yuritish tartibini ko‘zda tutishi shart.
2. AKSIYADORLARNING ROLI
2.1. Aksiyalarning turi (oddiy va imtiyozli)
Aksiyadorlik jamiyatlari shaklida tuzilgan banklar ikki turdagi aksiyalar: oddiy va imtiyozli aksiyalarni chiqarish huquqiga ega. Oddiy va imtiyozli aksiyalarga ega bo‘lgan aksiyadorlar o‘zlarining bank ustav kapitalidagi ulushlariga qarab bank “egasi” hisoblanadilar. Oddiy va imtiyozli aksiyalar egalarining huquqlari amaldagi qonunchilikka muvofiq farqlanadi.
Bank boshqaruvining yuqori organi bo‘lib aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi hisoblanadi.
Minoritar aksiyadorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida banklarda ulardan iborat minoritar aksiyadorlar qo‘mitasi tashkil etilishi mumkin.
Bank aksiyadorlari tomonidan bank faoliyatiga xavf tug‘diradigan harakatlar amalga oshirilsa va bu harakatlar bankning to‘lovga qobiliyatsizligiga olib kelsa, aksiyadorlar amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishlari mumkin.
2.2. Bank aksiyadorlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish
Oddiy va imtiyozli aksiyalarga ega aksiyadorlar quyidagi huquqlarga egadirlar:
bank aksiyadorlari ro‘yxatiga kirish;
olingan dividendlardan erkin foydalanish;
depozitariylardagi o‘z depo hisobvarag‘i bo‘yicha, bank foydasidan dividend olish;
bank tugatilgan taqdirda bank mulkining ma’lum qismiga egalik qilish;
bankni boshqarishda ishtirok etish;
bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar va mazkur xizmatlar bahosi to‘g‘risida ma’lumotlar olish;
bank nizomiga muvofiq uning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risida to‘liq va haqqoniy ma’lumotlarni olish;
sudda hamda qimmatli qog‘ozlarni tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organida o‘z huquqlarini himoya qilish;
o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida assotsiatsiya va boshqa jamoat tashkilotlariga birlashish;
olingan qimmatli qog‘ozlar va foyda bo‘yicha yuzaga kelish ehtimoli bor zararlar natijasida bo‘ladigan xatarlardan sug‘urta qilish;
Shuningdek aksiyadorlar amaldagi qonunchilik va bank nizomida ko‘zda tutilgan boshqa huquqlarga egadirlar.
2.3. Oddiy aksiyalar ovozga ega bo‘lib, o‘z egasiga dividendlar olish, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi va jamiyatni boshqarishda qatnashish huquqini beradi. Oddiy aksiyalar egalari bank ishlariga tegishli qarorlarni qabul qilish bo‘yicha alohida vakolatlarga egadirlar.
2.4. Imtiyozli aksiyalar bo‘lib o‘z egalariga aksiyalar bo‘yicha dividendlarni, shuningdek aksiyadorlar orasida — aksiyalarga sarflangan mablag‘larni (bank tugatilgan taqdirda) birinchi navbatda olish huquqini beruvchi aksiyalar hisoblanadi.
2.5. Bank Taftish komissiyasining roli
Taftish komissiyasi aksiyadorlar uchun bank faoliyati ustidan nazorat olib borishning asosiy vositasi bo‘lib hisoblanadi. Bank Nizomida Taftish komissiyasi a’zolarining aniq soni va vazifalari belgilab qo‘yilishi lozim. Bank Taftish komissiyasi bank Nizomiga muvofiq aksiyadorlar umumiy yig‘ilish tomonidan saylanadi.
Taftish komissiyasi:
Bank Nizomi va amaldagi qonunchilikda ko‘rsatilgan holatlarda bank moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini hisobot davriga tekshiruvdan o‘tkazadi;
Tekshiruv davomida Taftish komissiyasi ichki audit va mustaqil auditorlar tomonidan amalga oshirilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha materiallardan foydalanadi. Zaruriy holatlarda Taftish komissiyasi buxgalteriya hisobining boshlang‘ich hujjatlariga murojaat qilishi mumkin;
Taftish komissiyasining asosiy majburiyatlari bo‘lib, bankda tayyorlangan moliyaviy hisobotlarni tekshirish, bankning umumiy moliyaviy holati bo‘yicha xolisona xulosa tayyorlash va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida va unga qadar komissiya faoliyati bo‘yicha hisobot tayyorlash.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq Boshqaruv a’zolari Taftish komissiya a’zolari tarkibiga kirishlari mumkin emas.
3. BANK KENGAShINING UMUMIY MAJBURIYATLARI
3.1. Bank Kengashi a’zolari aksiyadorlik bankining umumiy yig‘ilishi tomonidan saylanadi. Bank Kengashi tarkibiga bankning minoritar aksiyadorlari manfaatlarini ifodalaydigan a’zolari kiritilishi lozim.
Bank Kengashining raisi bank Kengashi a’zolari tomonidan uning tarkibidan bank Kengashining saylangan a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan saylanadi (agar bank Ustavida boshqa hollar nazarda tutilmagan bo‘lsa).
Bank Kengashi raisi 50 foizdan ortiq davlat ulushi bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadi. Bank Kengashi raisining o‘rinbosari bank Kengashi raisi tomonidan bank Kengashi a’zolaridan tayinlanadi.
Bank Kengashi raisi bank Kengashi ishini tashkillashtiradi, bank Kengashi yig‘ilishlarini chaqiradi, bank Kengashi majlislarida raislik qiladi, bank Kengashi bayonnomalari yuritilishini ta’minlaydi va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishlarida raislik qiladi.
Bank Kengashi raisining ahamiyatli roliga qaramasdan, butun bank Kengashi bank faoliyati yuritilishi uchun ishonchli shaxslar sifatida birinchi navbatda javobgardir. O‘z majburiyatlarini bajarish uchun bank Kengashi quyidagilarga majbur:
kerakli malaka darajasiga ega bo‘lish va uni saqlash, shuningdek jamoa va individual nuqtai nazardan xabardorlikni namoyon qilish;
o‘z faoliyatini amalga oshirayotganda korporativ boshqaruv tamoyillariga rioya etish;
faoliyati ustidan samarali nazorat olib borishi shart bo‘lgan tavakkalchilikni boshqarish va ichki nazoratning asosli, ishonchli va mustaqil tizimiga tayanish;
adekvat nazoratni hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va bank siyosatlariga muvofiqlikni ta’minlash uchun bank operatsiyalari ustidan nazoratni amalga oshirish.
3.2. Bank Kengashining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
bank aksiyadorlari manfaatlarida o‘z vakolatlarini amalga oshirish;
xatarlarni, shu jumladan, xatarga chidamlilik maqsadli ko‘rsatkichlarini boshqarish;
bank faoliyati, mablag‘larning to‘g‘ri sarflanishi va kreditlanishi ustidan joriy nazoratni amalga oshirish (omonatchilar, kreditorlar va aksiyadorlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida);
bankning maqbul darajada kapitallashuvini saqlab turish;
bank faoliyati strategiyasini shakllantirish;
bankni rivojlantirishga oid qabul qilingan biznes-rejalar ijrosini nazorat qilish;
bank daromadliligini monitoring qilish;
bank faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobotni har chorakda tinglash.
3.3. Samaradorlikni oshirish va masalalarni puxta ishlab chiqish uchun bank Kengashi Tavakkalchilikni nazorat qilish qo‘mitasi, Mukofotlash qo‘mitasi, Etika qo‘mitasi va h.k. kabi ixtisoslashtirilgan qo‘mitalarni ta’sis etishi mumkin. Har bir qo‘mita uning vazifalari va ish tartibini aniqlab beradigan ustav asosida tuzilishi lozim. Faoliyatning ochiq-oydinligi va hisobdorlikni oshirish uchun bank Kengashi qo‘mitalar soni, ularning vazifalari va tarkibiga (jumladan, mustaqil a’zolariga) oid ma’lumotlarni oshkor etishi lozim.
31. KASBGA OID ETIKA VA MANFAATLAR TO‘QNAShUVINI BARTARAF ETISh
31.1. Bankning strategik maqsadlariga erishishining muhim omili bo‘lib, korporativ boshqaruvning quyidagi jihatlarini aniqlab beradigan bankning kasbga oid etikasi standartlarini (keyingi o‘rinlarda — bankning kasbga oid etikasi kodeksi) o‘rnatishga yo‘naltirilgan bank Kengashi va Boshqaruvi faoliyati hisoblanadi:
bank tashkiliy tuzilmalarining barcha darajalarida ichki nazoratning samarali tizimini ta’minlash, shu jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha;
(31.1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-fevraldagi 3/12-sonli qarori (ro‘yxat raqami 943-5, 26.02.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2019-y., 10/19/943-5/2670-son)
sog‘lom va xavfsiz bank amaliyotini o‘tkazish;
bank manfaatlarini bank aksiyadorlari, mansabdor shaxslari va bank faoliyatiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarning lozim bo‘lmagan yoki noqonuniy harakatlaridan himoya qilish;
qonunchilikka va banklarning o‘z ichki hujjatlariga rioya etish;
manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish hamda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlar va faoliyat sohalarini aniqlash;
nafaqat bank faoliyati natijalarini, balki bankning kasbga oid etikasi kodeksi va strategik maqsadlarga muvofiqligini ham hisobga olgan holda xodimlarga (jumladan bank Kengashi va Boshqaruviga) ish haqi, mukofot va rag‘batlantirish to‘lovini belgilash;
bank xodimlari va mansabdor shaxslarini kreditlashda bank xavfsizligi va ishonchliligi talablariga rioya etish;
xodimlarga rahbariyatning noqonuniy, axloqsiz yoki shubhali harakatlaridan tashvishda ekanliklarini bayon etish imkonini taqdim etuvchi va rahbariyat tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan salbiy munosabatdan himoyani ta’minlovchi mexanizmlarning mavjudligi.
31.2. Bankning kasbga oid etikasi kodeksi uning bank korporativ boshqaruvi darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida barcha xodimlarga yetkazilishi va unga bank tashkiliy tuzilmasining barcha tashkiliy darajalarida, jumladan bank Kengashi va Boshqaruvida rioya etilishi shart.
31.3. Bankda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlovchi hamda bank insaydyerlari va affillangan shaxslari bilan operatsiyalarni tartibga soluvchi mexanizmlar ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak.
31.4. Kadrlar siyosati borasida korporativ boshqaruv quyidagilarga taalluqli ichki hujjatlarning mavjudligi va ularga rioya etilishini ko‘zda tutadi:
xodimlarni (jumladan bank rahbariyatini) ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish;
kadrlar joyini o‘zgartirish va mansabda o‘sish;
xodimlarni (jumladan, bank Kengashi va Boshqaruvini) o‘qitish;
malakali va vakolatli xodimni (jumladan rahbariyatni) saqlab qolish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimi;
bank xodimi (jumladan, bank Kengashi va Boshqaruvi) tomonidan o‘z majburiyatlarining lozim darajada bajarilmasligi, bankning kasbga oid etikasi kodeksining buzilishi uchun choralar ko‘rish.
32. OShKORALIK VA AXBOROTNI OShKOR QILISh
32.1. Oshkoralik samarali korporativ boshqaruvning eng zarur sharti hisoblanadi. Banklarni boshqarish aksiyadorlar, omonatchilar, boshqa manfaatdor shaxslar va bozor ishtirokchilari uchun ochiq bo‘lishi lozim. Bankni boshqarishdagi oshkoralik aksiyadorlar, omonatchilar va bankning boshqa kreditorlari uchun boshqaruv organlari faoliyati monitoringini amalga oshirish, samarali korporativ boshqaruvni amalga oshirish borasida bank obro‘sini ushlab turish imkonini beradi, shuningdek bank Kengashi va Boshqaruvi ishining samarasini baholash uchun zarur axborotni yetkazib beradi.
Banklar xatarlarga chidamlilik ko‘rsatkichlariga taalluqli asosiy holatlar borasidagi axborotni (zarur bo‘lgan maxfiylikni buzmasdan), ushbu ko‘rsatkichlarni aniqlash tartibi va bank Kengashining ushbu jarayondagi ishtiroki darajasini bayon etgan holda oshkor qilishlari lozim.
Oshkor etilayotgan axborot aniq va ravshan bo‘lishi, undan aksiyadorlar, omonatchilar, boshqa manfaatdor taraflar va bozor ishtirokchilari oson foydalana olishi uchun tushunarli shaklda taqdim etilishi lozim. Banklar oshkor etilayotgan axborotni bankning korporativ veb-saytida, yillik hisobotida va oraliq moliyaviy hisobotlarida hamda boshqa yo‘llar bilan o‘z vaqtida nashr etishlari shart.
32.2. Bank faoliyati to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish bo‘yicha qonun hujjatlari bilan o‘rnatilgan talablarga qo‘shimcha ravishda bankning samarali korporativ boshqaruvi quyidagilarni o‘z ichiga olgan axborotni oshkor etishni ko‘zda tutadi:
bank boshqaruvi organlari tuzilmasini (tarkibi, malaka va tajribasi, vakolatlari, majburiyatlari, mutasaddilik qilinadigan sohalar, ish reglamenti va qo‘mitalarga a’zolik va b.);
bank mulki tuzilmasi (bankning yirik aksiyadorlari, bankning aksiyadorlik sarmoyasidagi xorijiy investorlar ulushlari va b.);
bankning tashkiliy tuzilmasi va, mavjud bo‘lsa, bank guruhining tuzilmasi;
bank insaydyerlari va affillangan shaxslari bilan operatsiyalarning turlari, shartlari va hajmlari;
bankning kasbga oid etikasi kodeksi;
manfaatlar to‘qnashuviga nisbatan bank siyosati.
4. BANK BOShQARUVINING ROLI
4.1. Bank Boshqaruvini bank joriy faoliyati rahbariyati amalga oshiradi. Boshqaruv raisining majburiyatlariga bank Kengashi va aksiyadorlar Umumiy yig‘ilishi qarorlarini bajarish kiradi.
Bank Boshqaruvi a’zolarining soni bank Ustavi bilan aniqlanadi.
Odatda, Boshqaruv tarkibiga bank raisi, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter va yuridik xizmat rahbari kiradi. Shuningdek Boshqaruv tarkibiga bankning asosiy bo‘linmalari rahbarlari kiritilishi mumkin.
Boshqaruv a’zolariga nomzodlar jinoiy, ma’muriy va fuqarolik javobgarligiga tortilgan bo‘lsalar, bu haqda Kengashga xabar berishlari shart.
4.2. Boshqaruv raisi lavozimga bank Kengashi qarori bilan tayinlanadi, keyinchalik aksiyadorlar Umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanadi. Bunda bank Boshqaruvi raisini tayinlash to‘g‘risidagi qaror, odatda, xorijiy menejyerlar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tanlov asosida qabul qilinadi. Boshqaruv a’zolari bank Kengashi tomonidan tayinlanadilar.
(4.2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-fevraldagi 3/12-sonli qarori (ro‘yxat raqami 943-5, 26.02.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2019-y., 10/19/943-5/2670-son)
Aksiyadorlar Umumiy yig‘ilishida bank Kengashi tomonidan saylangan Boshqaruv Raisini tasdiqlash haqidagi masala ko‘rib chiqiladi.
Boshqaruv Raisi bank ishlarini boshqarish uchun zarur malaka, vakolatga ega va tartibli bo‘lishi hamda bankning eng muhim xodimlari faoliyatini tegishli tarzda nazorat qilishi lozim.
4.3. Boshqaruv tomonidan bankning kunlik nazorati amalga oshirilishi lozim.
Boshqaruv a’zolari:
bank Kengashi tomonidan aniqlangan bank siyosatiga rioya etishga;
bankning ichki audit xizmati tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari bo‘yicha aniqlangan kamomadlar va qonunbuzilishlarni har chorakda ko‘rib chiqish va ularni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rishga;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan o‘tkazilgan tashqi audit tekshiruvlari va inspeksiyalar hisobotlari (tekshiruvlar) natijalarini batafsil tahlil qilishga majburdirlar.
4.4. Bank Boshqaruvi zimmasiga bank faoliyatini boshqarish uchun alohida siyosat turlarini ishlab chiqish mas’uliyati yuklangan, jumladan:
bank kredit siyosati;
bank likvidligini boshqarish siyosati;
investitsiya siyosati;
emissiya siyosati.
Shu bilan birga, Boshqaruv a’zolari bank Kengashi va bank aksiyadorlarining ishonchli shaxslari hisoblanadi va shu sabab bank va uning aksiyadorlari manfaatlarini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘yishlari shart.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV