Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT ShAHRINING KONSERT ZALLARI VA SAROYLARINI BOShQARISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2778-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toshkent shahrida joylashgan konsert zallari va saroylarini boshqarishni tashkil etish samaradorligini oshirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ommaviy tadbirlar oʻtkazish chogʻida jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi va “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi “Xalqlar doʻstligi” saroyi va “Turkiston” saroyini 2004-yil 1-fevraldan boshlab belgilangan tartibda Toshkent shahar hokimligi ixtiyoriga bersinlar.
2. Belgilansinki, “Xalqlar doʻstligi” saroyi va “Turkiston” saroyini moliyalashtirish saroylar faoliyatidan olinadigan oʻz daromadlari, shuningdek homiylar mablagʻlari va davlat budjetidan ajratiladigan maqsadli mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi:
har yili Toshkent shahri shahar budjeti parametrlarida “Xalqlar doʻstligi” va “Turkiston” saroylari uchun ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xodimlarga ish haqi toʻlash va binolarni qoʻriqlash xizmatlariga haq toʻlash xarajatlarini moliyalashtirishga budjet mablagʻlari ajratilishini nazarda tutsinlar;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
Toshkent shahri shahar budjetidan maqsadli mablagʻlar ajratishda saroylarning xarajatlari smetasini, shtatdagi xodimlar sonining asoslanganligini oʻrganib chiqsinlar hamda budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga taʼminlanishi kerak boʻlgan shtat lavozimlarining aniq roʻyxatini belgilasinlar.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
4. Toshkent shahar hokimligi:
koʻrsatib oʻtilgan saroylarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zarur maxsus asbob-uskunalar, shuningdek xavfsizlik va himoyaning texnik vositalari bilan jihozlash chora-tadbirlarini koʻrsin;
“Xalqlar doʻstligi” va “Turkiston” saroylarining daromadlari shakllantirilishi, mablagʻlardan oqilona va maqsadli foydalanilishi ustidan muntazam nazoratni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent shahridagi yirik madaniyat saroylari, konsert zallari va stadionlarning binolari va inshootlari, muhandislik kommunikatsiyalari texnik holatini, ularning yongʻin xavfsizligi vositalari bilan jihozlanganligini oʻrganib chiqsin;
oʻrganishlar natijalari boʻyicha Toshkent shahridagi madaniyat saroylari, konsert zallari va stadionlarida ommaviy tadbirlarni oʻtkazish vaqtida yongʻin xavfsizligini, jamoat tartibini va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyundagi 272-son qarori bilan tuzilgan Estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi bilan birgalikda respublika madaniyat saroylarida, konsert zallarida va stadionlarida oʻtkaziladigan madaniy-maʼrifiy va konsert tadbirlarining mavzulari, repertuar rejasi va dasturlarini takomillashtirish ishlarining muvofiqlashtirilishini taʼminlasin
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 156-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 27-son, 191-modda)
6. Belgilab qoʻyilsinki, respublika madaniyat saroylarida, konsert zallarida va stadionlarida ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun binolarning ijaraga berilishiga faqat tadbirlarni tashkil etuvchilarda jamoat tartibini va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan ichki ishlar organlari bilan shartnomalar mavjud boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Moliya vazirligi bir oy muddatda:
Respublika teatr va tomosha muassasalari binolarini chet tashkilotlarga ijaraga berish va ijara haqini belgilash tartibini;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda — respublika teatr va tomosha muassasalarida chiptalar boʻyicha ishlarni yuritish tartibini ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Azizxoʻjayev va Toshkent shahar hokimi R.M.Shoabdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 30-yanvardagi,
43-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 4-son, 44-modda; 2005-y., 27-son, 191-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda)