Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
HARBIY TRIBUNALLAR VA HARBIY PROKURATURA ORGANLARI TOʻGʻRISIDA
“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 14-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy taʼlim muassasalari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq respublikaning Qurolli Kuchlarida qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy tribunallar sud tizimining tarkibida ekanligi belgilansin va respublika hududidagi barcha strategik va umumiy maqsadli harbiy qismlar, qoʻshilmalar, birlashmalarda, shuningdek harbiy taʼlim muassasalari va boshqa harbiy tuzilmalarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan odil sudlovni amalga oshiradi.
Sobiq Turkiston harbiy okrugi Harbiy tribunali negizida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy sudi tashkil etilsin.
2. Respublika hududida joylashgan Harbiy prokuratura organlari Oʻzbekiston Respublikasi prokuroriga boʻysundirilsin va sobiq Turkiston harbiy okrugi Harbiy prokuraturasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy prokuraturasi tashkil etilsin.
Ularning zimmasiga respublika hududidagi barcha strategik va umumiy maqsadli harbiy qismlar, qoʻshilmalar, birlashmalarda, shuningdek harbiy taʼlim muassasalari va boshqa harbiy tuzilmalarda prokuror nazoratini amalga oshirish yuklansin.
3. Yangi qonunchilik hujjatlari qabul qilingunga qadar harbiy sudlar va harbiy prokuratura organlari oʻz faoliyatlarida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga hamda sobiq SSSR qonunchilik hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid boʻlmagan qismiga amal qiladilar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga Oliy sudning Harbiy hayʼatini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga takliflar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasiga bir oy muddatda Harbiy prokuratura toʻgʻrisidagi nizom loyihasini tayyorlab, Respublika Oliy Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari boʻyicha vazirligiga harbiy sudlar va harbiy prokuratura organlarini zaruriy moliyalashtirish, moddiy-texnik taʼminoti nazarda tutilsin shaxsiy tarkibda harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomi va barcha turdagi pul va boshqa taʼminotlari saqlanib qolinsin.
Mazkur Farmon imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 28-fevral,
PF-355-son