OʻZBEKISTON SOVET SOTSIALISTIK JUMHURIYATI PREZIDENTINING
Farmoni
OʻZBEKISTON SSJ QIShLOQ AHOLISINI IChIMLIK SUV VA TABIIY GAZ BILAN TAʼMINLAShNI YaXShILASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloqni ijtimoiy jihatdan obod qilishda yuz bergan katta qoloqlikni bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni bajarish maqsadida respublika qishloq aholisini 1990—1992-yillarda ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlashni yaxshilash Davlat dasturini qabul qilish zarur deb hisoblayman:
Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Kengashi mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin, qishloq aholisini markazlashtirilgan tarzda suv va tabiiy gaz bilan taʼminlashni tubdan koʻpaytirishni koʻzda tutsin. Koʻrsatilgan davrda 1,7 million qishloq aholisiga vodoprovod tarmogʻidan ichimlik suv va qishloqdagi 330 mingta uy-joy hamda kvartiraga tabiiy gaz berish taʼminlansin. Shu maqsadda suv bilan taʼminlash ishlari hajmi 3 baravar va gazlashtirish ishlari hajmi 4 baravar oshirilsin.
Sovet va xoʻjalik idoralari respublikada gaz va vodoprovod tarmoqlarini qurishga qoʻshimcha moddiy-texnika resurslarini jalb etish uchun mamlakatning boshqa regionlari bilan bevosita shartnomalar tuzishni kengroq amalga oshirsin, dasturni roʻyobga chiqarishda ishtirok etayotgan mehnat jamoalari tashabbusi ragʻbatlantirilsin. Bu ijtimoiy dasturni moliyaviy va moddiy-texnikaviy resurslar bilan ustun darajada taʼminlash yuzasidan sharoit yaratilsin.
Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Kengashi 1991—1993-yillar davomida har yili yanvar oyida Oʻzbekiston SSJ Prezidentini jumhuriyat qishloq aholisini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlashni yaxshilash dasturi qanday bajarilayotganligidan xabardor qilib tursin.
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1990-yil 28-iyul,
PF-36-son
(Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyati Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1990-y., 25—27-son, 326-modda)