Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KAFOLATLANGAN SUV TAʼMINOTINI YaXShILASh VA SIRDARYoNING MAVJUD SUV RESURSLARIDAN OQILONA FOYDALANISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sugʻoriladigan yerlarni, ayniqsa qishloq xoʻjaligi ekinlarini ommaviy sugʻorish davrida suv bilan kafolatli taʼminlash, shuningdek Sirdaryoning respublika hududidagi mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga 2003-yil 1-iyulgacha Namangan viloyatidagi Rezaksoy va Kenkulsoy suv omborlari qurilishini ularni loyihalash bilan bir paytda olib borishga ruxsat etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Rezaksoy va Kenkulsoy suv omborlari qurilishini 2003-yilda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga ajratilgan markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar doirasida 2003-yilgi qurilishlarning aniq roʻyxatiga kiritsin.
“Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Rezaksoy va Kenkulsoy suv omborlari qurilishi texnik-iqtisodiy asoslanishini va ishchi loyihasini belgilangan tartibda idoradan tashqari davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini tashkil etsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi asosiy inshootlarni (toʻgʻonlar, nasos stansiyalari, kanallar, avtoyoʻllar, koʻpriklar va boshqalarni) loyihalash va qurish boʻyicha buyurtmachi etib;
“Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi gaz quvurini suv bosadigan zonadan oʻz mablagʻlari hisobiga koʻchirish boʻyicha buyurtmachi va pudratchi etib;
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi elektr uzatish liniyasini suv bosadigan zonadan oʻz mablagʻlari hisobiga koʻchirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan beriladigan mablagʻlar hisobiga yangi elektr uzatish liniyalarini va transformator yordamchi stansiyalarini qurish boʻyicha buyurtmachi va pudratchi etib;
“Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni avtomobil yoʻllarini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan beriladigan mablagʻlar hisobiga suv bosadigan zonadan koʻchirish boʻyicha buyurtmachi va pudratchi etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Namangan viloyatidagi Rezaksoy va Kenkulsoy suv omborlarini qurish uchun pudrat tashkilotlarini tanlab olish boʻyicha tanlov savdolari (tender) sifatli oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2003-yil I yarim yilligida markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalarni oʻzlashtirish natijalariga koʻra Rezaksoy va Kenkulsoy suv omborlari qurilishiga respublikaning 2003-yilgi Investitsiya dasturida tasdiqlangan kapital qoʻyilmalar umumiy limitlari doirasida qoʻshimcha kapital qoʻyilmalar limitlari ajratish imkoniyatini koʻrib chiqsinlar.
5. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Namangan viloyati hokimligi avtotashuvchilar hududiy uyushmalari bilan birgalikda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Suv omborlarini qurish va ulardan foydalanish direksiyasi, koʻrsatib oʻtilgan qurilish obyektlariga jalb qilingan boshqa vazirliklar va idoralar buyurtmanomalariga koʻra yuklar tashib berilishini belgilangan tartibda taʼminlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, boshqa pudrat tashkilotlari koʻrsatib oʻtilgan obyektlarda zarur texnik va moddiy resurslarni jamlasinlar, ishga tushiriladigan komplekslarning 2005-yil vegetatsiya davrigacha foydalanishga topshirilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.H. Joʻrabekov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 25-yanvar,
46-son