O‘zbekiston Respublikasining qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY-HUDUDIY TUZILIShIGA DOIR MASALALARNI HAL QILISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 30-avgustdagi 277-I-son “O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida” qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘laklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, nohiya, shahar, shahardagi nohiya, qishloq, ovul va shahar posyolkasidan iboratdir.
I. VILOYaTLAR, NOHIYALAR, ShAHARLARDAGI NOHIYALAR, QIShLOQLAR HAMDA OVULLAR TUZISh VA ULARNI TUGATISh
1-modda.
Viloyatlarni tuzish va ularni tugatish xalq deputatlari tegishli viloyat Sovetlarining iltimoslari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Zarurat bo‘lgan hollarda ushbu masalalar bo‘yicha tegishli viloyatlarda referendum o‘tkazilishi mumkin.
2-modda.
Nohiyalar, shahar nohiyalari tuzish va ularni tugatish xalq deputatlari bo‘linayotgan (tugatilayotgan) nohiya, shahardagi nohiya va tegishli viloyat, Toshkent shahar Sovetlarining iltimoslari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
3-modda.
Qishloqlar va ovullar tuzish hamda ularni tugatish xalq deputatlari bo‘linayotgan (tugatilayotgan) qishloq, ovul Sovetlari hamda xalq deputatlari tegishli nohiya Sovetlari rayosatlarining iltimoslari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari viloyat Sovetlari rayosatlari tomonidan amalga oshiriladi.
II. AHOLI PUNKTLARINI ShAHARLAR, ShAHAR POSYoLKALARI TURKUMIGA KIRITISh, QAYTA TUZISh VA ULARNING BO‘YSUNUVINI O‘ZGARTIRISh
4-modda.
O‘zbekiston Respublikasining aholi punktlari shahar va qishloq joylariga bo‘linadi. Shahar joylariga shaharlar va shahar posyolkalari, qishloq joylariga esa qishloqlar va ovullar kiradi.
Shaharlar respublikaga, viloyatga yoki nohiyaga bo‘ysunuvchi shaharlar bo‘lishi mumkin.
Shahar posyolkalari nohiyalar tarkibida yoki xalq deputatlari shahar, shahardagi nohiya Sovetlarining ma’muriy bo‘ysunuvida bo‘lishi mumkin.
5-modda.
Respublikaga bo‘ysunuvchi shaharlar turkumiga yirik iqtisodiy, madaniy va ma’muriy markaz hisoblangan, aholisi 500 ming kishidan ortiq bo‘lgan shaharlar kiritilishi mumkin.
Shaharlarni respublikaga bo‘ysunuvchi shaharlar turkumiga kiritish xalq deputatlari tegishli shahar va viloyat Sovetlarining iltimosi asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
6-modda.
Viloyatga, respublikaga (Qoraqalpog‘iston Respublikasiga) bo‘ysunuvchi shaharlar turkumiga kamida 30 ming aholisi bo‘lib, muhim sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan, iqtisodiy va madaniy markaz hisoblangan shaharlar kiritilishi mumkin.
Shaharlarni viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlar turkumiga kiritish yoki ularni qayta tuzish xalq deputatlari tegishli shahar, nohiya va viloyat Sovetlarining iltimosi asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan amalga oshiriladi. Shaharlarni respublikaga (Qoraqalpog‘iston Respublikasida) buysunuvchi shaharlar turkumiga kiritish esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
7-modda.
Nohiyaga bo‘ysunuvchi shaharlar turkumiga sanoat korxonalari, kommunal xo‘jaligi, davlat uy-joy fondi, rivojlangan sotsial-madaniy muassasalar tarmog‘i, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari bo‘lgan, aholisi kamida 7 ming kishidan iborat bo‘lib, ularning hech bo‘lmaganda uchdan ikki qismini ishchilar, xizmatchilar va ularning oila a’zolari tashkil qilgan shahar posyolkalari va boshqa aholi punktlari kiritilishi mumkin. Bunda aholi punktining ma’muriy ahamiyati va kelgusida rivojlanish istiqbollari ham e’tiborga olinmog‘i lozim.
Shahar posyolkalari va boshqa aholi punktlarini nohiyaga bo‘ysunuvchi shaharlar turkumiga kiritish va qaytadan tuzish xalq deputatlari tegishli posyolka, qishloq Soveti hamda nohiya va viloyat Sovetlari rayosatlarining iltimoslari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan amalga oshiriladi.
8-modda.
Shahar posyolkalari turkumiga sanoat korxonalari, qurilishlar, temir yo‘l stansiyalari va boshqa xil muhim obyektlar yonida joylashgan va aholisi kamida 2 ming kishi bo‘lib, ularning hech bo‘lmaganda uchdan ikki qismini ishchilar, xizmatchilar va ularning oila a’zolari tashkil qilgan aholi punktlari kiritilishi mumkin.
Shahar posyolkalari turkumiga, shuningdek sanatoriy va dam olish uylari joylashgan, aholisining umumiy soni 2 ming kishidan kam bo‘lmagan aholi punktlari ham kiritilishi mumkin. Lekin bu yerdagi sanatoriy va dam olish uylariga kelgan kishilarning soni shu aholi punktida doimiy yashab turgan aholining kamida 50 foizini tashkil etishi shart.
Alohida hollarda shahar posyolkalari turkumiga aholisi 2 ming kishidan kam, lekin 500 kishidan ko‘p bo‘lgan, juda muhim obyektlar yonida barpo etilgan aholi punktlari, shuningdek borish qiyin bo‘lgan yerlarda joylashgan, iqtisodiy jihatdan yanada rivojlanish va aholisining soni ortishi istiqboliga ega bo‘lgan aholi punktlari ham kiritilishi mumkin.
Aholi punktini shahar posyolkalari turkumiga kiritish xalq deputatlari tegishli qishloq Soveti hamda nohiya Sovetlari rayosatlarining iltimoslari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari viloyat Sovetlari rayosatlari tomonidan amalga oshiriladi.
9-modda.
Qishloq nohiyasi tarkibida bo‘lgan shahar posyolkalarini xalq deputatlari shahar, shahardagi nohiya Sovetlarining ma’muriy qaramog‘iga berish yoki xalq deputatlari shahar, shahardagi nohiya Sovetlarining ma’muriy qaramog‘ida turgan shahar posyolkalarini qishloq nohiyasi tarkibiga olib berish xalq deputatlari tegishli posyolka Soveti hamda shahar va nohiya Sovetlari rayosatlarining iltimosiga ko‘ra xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Sovetlari rayosatlari tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan amalga oshiriladi.
III. QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI, VILOYaTLAR, NOHIYALAR, ShAHARLARDAGI NOHIYALAR, QIShLOQLAR VA OVULLARNING ChEGARALARINI O‘ZGARTIRISh HAMDA MA’MURIY MARKAZLARINI KO‘ChIRISh
10-modda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining chegaralari faqat uning roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin.
11-modda.
Viloyatlarning chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek ma’muriy markazlarini belgilash va ko‘chirish xalq deputatlari tegishli viloyat Sovetlarining iltimosi asosida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
12-modda.
Shaharlardagi nohiyalar chegaralarini o‘zgartirish xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Sovetlari rayosatlari tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan xalq deputatlari tegishli shahardagi nohiya va shahar Sovetlari rayosatlarining iltimoslariga ko‘ra amalga oshiriladi.
13-modda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar doirasida nohiyalarning chegaralarini o‘zgartirish, ya’ni nohiyaga bo‘ysunuvchi shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar, ovullar va ayrim aholi punktlarini bir nohiyadan ikkinchisiga o‘tkazish, shuningdek qishloqlar, ovullarning chegaralarini o‘zgartirish va ma’muriy markazlarini ko‘chirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati, xalq deputatlari tegishli viloyat Sovetining rayosati tomonidan xalq deputatlari tegishli shahar, shahar posyolkasi, qishloq, ovul Sovetlari hamda nohiya Soveti rayosatining iltimosiga muvofiq amalga oshiriladi.
Alohida hollarda ayrim qishloqlar va ovullar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining Farmoni va xalq deputatlari viloyat Sovetlari rayosatlarining xalq deputatlari tegishli qishloq, ovul Soveti hamda nohiya Soveti rayosatining iltimoslariga asoslangan qarorlari bilan nohiya tarkibidan xalq deputatlari shahar Sovetining ma’muriy qaramog‘iga olib berilishi mumkin.
Alohida hollarda xo‘jalik va iqtisodiy jihatdan shahar yoki shahar posyolkasi bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim qishloq aholi punktlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining Farmoni, viloyat Sovetlari rayosatlarining xalq deputatlari tegishli qishloq Sovetining iltimosiga asoslangan qarorlari bilan xalq deputatlari tegishli shahar yoki shahar posyolkasi Sovetining ma’muriy qaramog‘iga olib berilishi mumkin.
14-modda.
Nohiyalarning markazlarini belgilash va ko‘chirish xalq deputatlari tegishli nohiya Soveti hamda viloyat Soveti rayosatining iltimoslari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan amalga oshiriladi.
IV. AHOLI PUNKTLARINI BIRLAShTIRISh
15-modda.
Qishloq joylaridagi bir-biri bilan o‘zaro tutashib ketgan bir necha aholi punktlarini bitta aholi punktiga birlashtirish xalq deputatlari tegishli qishloq, ovul Soveti va nohiya Soveti rayosatining iltimoslariga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari viloyat Sovetlari rayosatlari tomonidan amalga oshiriladi. Birlashtirilgan aholi punktining nomi qilib, odatda, birlashtirilayotgan aholi punktlaridan birining nomi saqlab qolinadi yoki unga ushbu Qonunda belgilangan tartibda yangi nom beriladi. Birlashtirib yuborilgan boshqa aholi punktlari esa hisobdan chiqarib tashlanadi.
V. ShAHARLAR VA ShAHAR POSYoLKALARINING ChEGARALARINI BELGILASh VA KENGAYTIRISh
16-modda.
Shaharlarning chegaralarini belgilash va kengaytirish xalq deputatlari tegishli qishloq, ovul Soveti hamda nohiya, shahar va viloyat Sovetlari rayosatlarining iltimoslari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan amalga oshiriladi.
17-modda.
Shahar posyolkalarining chegaralarini belgilash va kengaytirish xalq deputatlari tegishli qishloq, ovul Soveti va nohiya, shahar Sovetlari rayosatlarining iltimosiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati va xalq deputatlari viloyat Sovetlari rayosatlari tomonidan amalga oshiriladi.
VI. MA’MURIY-HUDUDIY BO‘LAKLARGA, AHOLI PUNKTLARIGA, KORXONALAR, MUASSASALAR, TAShKILOTLAR VA BOShQA OBYEKTLARGA NOM BERISh VA ULARNING NOMINI O‘ZGARTIRISh
18-modda.
Viloyatlar, nohiyalar, shaharlar, shaharlardagi nohiyalarga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan xalq deputatlari tegishli Sovetlarining iltimosiga muvofiq amalga oshiriladi.
Shahar posyolkalari, qishloqlar, ovullar va aholi punktlariga nom berish, ularning nomini o‘zgartirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari viloyat Sovetlari rayosatlari tomonidan xalq deputatlari tegishli Sovetlarining sessiyalarida qabul qilingan qarorlar mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
19-modda.
Ma’muriy-hududiy bo‘laklar va aholi punktlariga nomlar umumdavlat manfaatlari, jug‘rofiy, tarixiy, milliy, tabiiy va boshqa mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda beriladi va o‘zgartiriladi.
Ma’muriy-hududiy bo‘laklar va aholi punktlarining nomi faqat alohida hollardagina o‘zgartirilishi mumkin.
20-modda.
Ma’muriy-hududiy bo‘laklar va aholi punktlariga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish chog‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki mazkur viloyatda bor bo‘lgan, shaharlar va nohiyalarga esa — O‘zbekiston Respublikasida bor bo‘lgan nomlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
21-modda.
Viloyat, shahar, nohiya, shahardagi nohiya, qishloq, ovul, shahar posyolkalari va aholi punktlariga odamlarning nomi, shuningdek siyosiy voqea va hodisalar bilan bog‘liq bo‘lgan nomlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
22-modda.
Korxonalarga, temir yo‘l stansiyalariga, aeroportlarga, muassasalarga, tashkilotlarga, o‘quv yurtlari va boshqa obyektlarga, shuningdek mahallalar, prospektlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, maydonlar, hiyobonlar, istirohat bog‘lari va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga davlat, jamoat arboblari, siyosiy arboblar, Vatan himoyachilari, Mehnat Qahramonlari, fan, madaniyat arboblarining hamda boshqa xizmat ko‘rsatgan kishilarning nomlarini berish faqat ularning vafotidan keyin amalga oshirilishi mumkin.
23-modda.
Respublikaga va mahalliy idoralarga bo‘ysunuvchi korxonalar, temir yo‘l stansiyalari, aeroportlar, muassasalar, tashkilotlar va o‘quv yurtlariga, jamoa xo‘jaliklari, shirkatlar va boshqa xil birlashmalarga, shuningdek tabiiy-jug‘rofiy obyektlarga nom berish, ularning nomini o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
24-modda.
Xalq deputatlari shahar, posyolka, qishloq, ovul Sovetlariga bo‘ysunuvchi hududda joylashgan mahallalar, prospektlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, ko‘priklar va boshqa inshootlarga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish tegishli xalq deputatlari Sovetlari rayosatlari (nohiyaga bo‘ysunuvchi shahar, shahar posyolkasi, qishloq va ovullarga — xalq deputatlari tegishli Sovetlari ijroiya qo‘mitalari) tomonidan amalga oshiriladi.
25-modda.
Mahallalar, prospektlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari va aholi punktining boshqa tarkibiy qismlariga odamlarning nomini berish xalq deputatlari tegishli Sovetlar rayosatlarining iltimoslari asosida xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Sovetlari rayosatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan amalga oshiriladi.
VII.AHOLI PUNKTLARINI HISOB QILIB BORISh VA RO‘YXATGA OLISh
26-modda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyat doirasida mavjud aholi punktlarini hisob qilib borish va yangi paydo bo‘lgan aholi punktlarini ro‘yxatga olish ishlari, xalq deputatlari nohiya (shahar) Sovetlari rayosatlarining iltimoslariga muvofiq, tegishlicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari viloyat Sovetlarining rayosatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Vaqtinchalik ahamiyatga ega bo‘lgan va aholisi doimiy bo‘lmagan kichik (xo‘jaliklari soni 10 tadan oshmaydigan) aholi punktlari alohida hisobga olinmaydi, balki xo‘jalik, ma’muriy yoki hududiy jihatdan ular qaysi aholi punkti bilan bog‘liq bo‘lsa, o‘sha aholi punktiga qo‘shib hisobga olinadi.
Aholisi ko‘chib ketgan yoki boshqa joyga ko‘chirilgan aholi punktlari xalq deputatlari nohiya (shahar) Sovetlari rayosatlarining iltimosnomalariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari tegishli viloyat Sovetlari rayosatlari tomonidan hisobdan chiqariladi. Qonunda belgilangan tartibda shahar, shahar posyolkasi doirasiga kirgan yoki boshqa aholi punktlari bilan birlashtirilgan aholi punktlari ham hisobdan chiqarilgan hisoblanadi.
27-modda.
Ma’muriy-hududiy bo‘laklarni ifodalovchi atamalar O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida va zarur hollarda autentik tarjimada rus va boshqa tillarda yoziladi.
28-modda.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishiga doir masalalarni hal qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatiga, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Sovetlari rayosatlariga ushbu Qonunga ilova qilingan ro‘yxatda ko‘rsatilgan hujjat va ma’lumotnomalar topshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Sovetlarining rayosatlari ma’muriy-hududiy bo‘linishda ushbu Qonunga muvofiq yuz bergan o‘zgarishlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatiga har oyda xabar berib turadilar.
Ma’muriy-hududiy birliklar va aholi punktlarini tuzish, tugatish, ularga nom berish, nomini o‘zgartirish, aholi punktlarini shaharlar, shahar posyolkalari toifasiga o‘tkazish, qayta tuzish va ularning bo‘ysunishini o‘zgartirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlar, nohiyalar, shaharlardagi nohiyalar, qishloqlar, ovullar chegaralarini o‘zgartirish hamda ularning ma’muriy markazlarini ko‘chirish, aholi punktlarini birlashtirish, hisobga olish va qayd etish, shaharlar va shahar posyolkalarining chegaralarini belgilash va kengaytirish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining qarorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining qarorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining farmonlari, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Sovetlari rayosatlarining qarorlari “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Axborotnomasi”da e’lon qilinishi shart.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 20-noyabr,
431-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 82-modda)