O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Jinoyat ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi munosabati bilan, shuningdek, qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, jinoyat ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish sud protsessi ishtirokchilarining birinchi instansiya sudining qarorlari ustidan shikoyat berishga bo‘lgan huquqini kafolatlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining (bundan buyon matnda JPK deb yuritiladi) 4972, 499-moddalariga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish mahkum, oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili, jabrlanuvchi va uning vakili, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining shikoyati, shuningdek, tegishli prokuror yoki uning o‘rinbosari protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi.
Apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish JPK 4972-moddasining to‘rtinchi qismi va 499-moddasining beshinchi qismiga muvofiq hukmning o‘z huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga daxldor qismi ustidan shikoyat berish huquqiga ega boshqa shaxslar tomonidan ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Bunday shaxslar jumlasiga ishda taraf bo‘lmagan, biroq o‘zining haqiqiy holatiga ko‘ra ish bo‘yicha hukmining o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan qismida sud himoyasiga muhtoj bo‘lgan (garov beruvchi, mulki xatlangan shaxs va boshqalar) shaxslar kiradi.
Shu munosabat bilan birinchi instansiya sudi shikoyat (protest)ni qabul qilish paytida apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning bunday huquqqa egaligini tekshirishi shart.
3. Qonunga ko‘ra apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) hukm chiqargan sud orqali beriladi.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi, (fuqaroviy da’vogar) tomonidan esa, ularga hukm nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shuncha muddat ichida beriladi.
Belgilangan muddatlarda bevosita apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlariga berilgan shikoyat (protest) JPK 479-moddasi hamda 4976-moddasi, shuningdek, 503-moddasi talablarini bajarish uchun hukm chiqargan sudga yuborilishi kerak.
Har bir apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) kelib tushgan sana ko‘rsatilgan holda ro‘yxatga olinishi shart.
4. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma sud majlisida JPK 4975-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi va bu haqda ajrim chiqariladi.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan JPK 49711 moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq o‘n kun ichida xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat (protest) berilganda, apellyatsiya instansiyasi sudi xususiy shikoyatni (protestni) asosli deb topsa, birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklaydi (bunda muddatni o‘tkazib yuborishning sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablari ajrimda ko‘rsatilishi kerak) va ishni apellyatsiya shikoyati, protesti (xususiy shikoyat yoki xususiy protest) bo‘yicha mazmunan ko‘radi. Bunda, ko‘rsatilgan muddatni tiklash to‘g‘risidagi ajrim e’lon qilingandan so‘ng apellyatsiya instansiyasi sudining majlisi JPK 479-moddasi talablarini bajarish uchun keyinga qoldiriladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual harakatni amalga oshirishga obyektiv to‘sqinlik qiluvchi holatlar uzrli sabablar deb topilishi mumkin (masalan, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, karantin).
Shaxsning kasalligi, oilaviy ahvoli (oila a’zolarining o‘limi yoki og‘ir kasalligi), shuningdek, boshqa holatlar, agar ular qonunda belgilangan muddatda apellyatsiya shikoyati berishni istisno etgan yoxud jiddiy tarzda qiyinlashtirgan bo‘lsa, uzrli holatlar deb topilishi mumkin.
5. Qonunda kassatsiya shikoyati (protesti) berish uchun biron-bir muddat belgilanmagan. Shu bilan birga, JPK 501-moddasining mazmuniga ko‘ra, hukm (ajrim) qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir yil o‘tgandan so‘ng berilgan shikoyat (protest), basharti unda og‘irroq jinoyatga doir qonun moddalarini qo‘llash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini og‘irlashtiradigan boshqa o‘zgarishlar (mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topish, jazoni ijro etish koloniyasining qattiqroq turini belgilash, shartli hukmni bekor qilish, undiruv miqdorini ko‘paytirish, basharti bu jinoyat kvalifikatsiyasi mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi tomonga o‘zgartirilishiga olib kelsa va h.k.), shuningdek, oqlov hukmini yoxud ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini bekor qilish nazarda tutilgan bo‘lsa, sud tomonidan qanoatlantirilishi mumkin emas. Bunda bir yillik muddat tegishli hukm, ajrim qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilingan kun qo‘shilgan holda hisoblanishi kerak. Bir yillik muddat o‘tgandan so‘ng berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ko‘rib chiqilmaydi va uni bergan shaxsga qaytariladi.
Agar kassatsiya shikoyati (protesti) JPK 501-moddasida ko‘rsatilgan bir yillik muddat o‘tgunga qadar berilgan bo‘lib, mazkur muddat ish bo‘yicha qaror qabul qilingunga qadar o‘tib ketsa, u qanoatlantirilmasdan qoldiriladi va bu haqda shikoyat (protest) bergan shaxsga ma’lum qilinadi.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish predmeti bo‘yicha alohida muayyan istisnolar belgilangan. Jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan sud muhokamasi chog‘ida chiqarilgan va dalillarni tekshirish tartibiga, protsess ishtirokchilarining iltimosnomalariga, ehtiyot chorasini tanlash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga, shuningdek sud majlisi zalida tartib saqlashga oid hamda JPK 416, 417-moddalari tartibida chiqarilgan ajrimlar ustidan shikoyat (protest) berilishi mumkin emas. Ushbu ajrimlar bo‘yicha e’tirozlar apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)ga kiritilishi mumkin.
Hukm chiqarilgandan so‘ng qabul qilingan amnistiya aktini tatbiq etish, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalalari yuzasidan, shuningdek, mahkumga nisbatan ijro etilmagan bir necha hukm mavjud bo‘lib, keyingi hukmni chiqargan sud bundan bexabar bo‘lgan va h.k. hollarda berilgan shikoyat (protest), agar unda ayni bir paytda jinoyat ishining mazmuni yoki hukm (ajrim)ning qonuniyligi va asosliligi bo‘yicha boshqa masalalar qo‘yilgan bo‘lmasa, apellyatsiya, kassatsiya tartibida alohida ko‘rilmaydi. Bu masalalar birinchi instansiya sudi tomonidan JPK 540-moddasi va 541-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq hal etiladi. Bunday masalalar yuzasidan chiqarilgan sud ajrimi ustidan umumiy asoslarda xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin.
JPK 5461-moddasiga muvofiq sudning hukmini, ajrimini va qarorlarini ijro etish chog‘ida yuzaga kelgan masalalarni hal qilish to‘g‘risidagi ajrim sud tomonidan o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi. Shu sababli sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) kassatsiya tartibida ko‘rib chiqiladi.
7. JPK 480-moddasida apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)ning mazmuni yuzasidan muayyan talablar belgilanganligi tufayli, birinchi instansiya sudi shikoyat (protest) beruvchi shaxs tomonidan ularni bajarganligini tekshirishi shart.
Agar shikoyat (protest)ning mazmuni qonun talablariga javob bermasa va bu keyinchalik ishni mazmunan ko‘rishga to‘sqinlik qilsa, sudya shikoyat (protest)ni ajrim bilan uni bergan shaxsga qaytaradi. Bunday holda shikoyat (protest)ni qayta tuzish uchun JPK 4977, 502-moddalarida belgilangan doirada muddat belgilanadi.
Agar shikoyat (protest) bergan shaxs sud tomonidan belgilangan muddatda ajrimda ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etsa, shikoyat (protest) sudga dastlab taqdim etilgan kundan boshlab berilgan hisoblanadi. Sud ko‘rsatmalari bajarilmagan taqdirda shikoyat (protest) berilmagan hisoblanadi.
8. JPK 4974, 501-moddalarida belgilangan muddatlar o‘tgandan so‘ng berilgan, mahkumning ahvolini og‘irlashtirish haqidagi talablar apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan e’tiborga olinmasligi kerak.
9. JPK 49710, 5041-moddalariga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs o‘z shikoyati (protesti)ni, mahkum esa, himoyachisi bergan shikoyatni ham qaytarib olish huquqiga ega. Protestni qaytarib olish huquqi yuqori turuvchi prokurorga ham tegishli.
Bunday holatda apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari maslahatxonaga kirgunga qadar qaytarib olinishi mumkin.
Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)ning qaytarib olinishi, agar ish bo‘yicha boshqa protsess ishtirokchilari tomonidan berilgan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘lmasa, apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish tugatilishiga olib keladi. Bunda, agar shikoyat (protest) apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari majlisi boshlangunga qadar qaytarib olingan bo‘lsa, u shikoyat (protest) nusxasi, shuningdek uni qaytarib olish to‘g‘risidagi hujjat ishda saqlangan holda shikoyat (protest) bergan shaxsga xat orqali qaytariladi, boshqa hollarda esa, sud, qaytarib olingan shikoyat (protest) bo‘yicha apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ish yuritish tugatilishi mazkur shaxs tomonidan qayta kassatsiya shikoyati (protesti) berilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
10. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, shikoyat (protest) bilan kelib tushgan jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisini tayinlash chog‘ida JPK 49715 va 5095-moddalarida nazarda tutilgan masalalar hal etiladi va ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran uch sutka ichida protsess ishtirokchilariga sud majlisi tayinlanganligi haqida xabarnoma yuboriladi.
Jinoyat ishini o‘rganish chog‘ida birinchi instansiya sudi tomonidan JPK 4976-moddasining ikkinchi qismi va 503-moddasi talablari bajarilmaganligi aniqlansa, sudya apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishni ko‘rib chiqishga monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etish uchun jinoyat ishini shu sudga qaytaradi.
11. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlanayotgan va apellyatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish istagini bildirgan mahkumning ishtirokini ta’minlash ushbu sudning majburiyati hisoblanadi. Shuning uchun jinoyat ishi kelib tushgandan so‘ng mahkumning apellyatsiya instansiyasi sudida ishtirok etish istagini bildirgan yoki bildirmaganligi aniqlanishi va natijasiga qarab, uni sud majlisida bevosita yoki videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali ishtirok etish huquqi ta’minlanadi.
Qo‘llanilgan ehtiyot chorasi turidan qat’iy nazar, mahkumning apellyatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish huquqidan mahrum etilishi jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi deb baholanadi va sud ajrimining bekor bo‘lishiga asos bo‘ladi.
Mahkum (oqlangan shaxs)ning kassatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish masalasini hal etish sudning huquqiga tegishlidir. Shuning uchun jinoyat ishi kelib tushgandan so‘ng mahkum (oqlangan shaxs)ning kassatsiya instansiyasi sudida ishtirok etishiga zarurat borligi aniqlanishi va natijasiga qarab, uning sud majlisida bevosita yoxud videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali ishtirok etishi choralari ko‘rilishi lozim.
12. JPK 481-moddasining birinchi qismi mazmuniga ko‘ra apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari mazkur instansiyada davlat ayblovini quvvatlash vakolatiga ega bo‘lgan prokurorni har bir ish bo‘yicha oldindan xabardor etish choralarini ko‘rishi shart.
13. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari majlisida ishtirok etish huquqiga ega shaxslar doirasi qonunda belgilangan (JPK 479-moddasining to‘rtinchi qismi).
Ishning ko‘rilish joyi, sanasi va vaqti to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning uzrli sabablarsiz sud majlisiga kelmasligi uni ko‘rish uchun to‘siq bo‘lmaydi.
Ayni paytda, qonunga ko‘ra apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarida prokurorning ishtiroki shart bo‘lib, bunday holda JPK 25-moddasining birinchi qismi hamda 51-moddasi birinchi qismining 6, 9-bandlari mazmunidan kelib chiqib, ushbu instansiyada himoyachining ishtiroki ham ta’minlanishi shart. Shu sababli prokuror yoki himoyachi kelmagan hollarda ishning muhokamasi keyinga qoldirilishi kerak.
14. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari xolislik va beg‘arazlikni saqlagan holda taraflarga o‘z protsessual huquqlarini amalga oshirishga va majburiyatlarini bajarishga zarur sharoit yaratib berishi shart.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarida ishning muhokamasi, JPK 483, 49717 va 5097-moddalarida nazarda tutilgan istisnolarni inobatga olgan holda, birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida olib boriladi.
15. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari qisman yoki to‘liq sud tergovi o‘tkazishi, shu jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirib chiqishi va ularga sud majlisida aniqlangan yangi holatlarni inobatga olgan holda huquqiy baho berishi mumkin (JPK 483-moddasining uchinchi qismi).
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari taraflarning iltimosnomalarini (yangi guvohlarni so‘roq qilish, ekspertizalar o‘tkazish, ashyoviy dalillar va hujjatlarni talab qilib olish va boshqalar haqida), ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas. Zarur hollarda sud qo‘shimcha dalillarni talab qilib olishda tashabbus ko‘rsatishi lozim.
Qonunga ko‘ra, qo‘shimcha materiallarni talab qilib olishda muayyan tergov harakatlarini o‘tkazish zarurati tug‘ilsa, bu haqida apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ajrim chiqarishi va ijro uchun tegishli tergov organiga yuborishi mumkin. Ishning muhokamasi esa, keyinga qoldiriladi.
16. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyatida protsess ishtirokchilarining sud majlisi bayonnomasida qayd etilgan ko‘rsatuvlari ularning birinchi instansiya sudida aslida bergan ko‘rsatuvlariga mos emasligi to‘g‘risida keltirilgan vajlari bu shaxslarni apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari majlisida so‘roq qilish yo‘li bilan tekshirilishi mumkin.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ishni ko‘rishda, ilgari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (bundan buyon matnda JK deb yuritiladi) 238-moddasi bilan bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilgan protsess ishtirokchisining bir-biridan jiddiy farq qilgan ko‘rsatuvlariga, tegishli munosabat bildirishlari shart.
17. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarida taraflar muzokaralari tegishlicha JPK 49718, 5097-moddalari qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi.
Ish bo‘yicha bir necha apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) mavjud bo‘lganda, birinchi bo‘lib ayblov tarafiga tegishli protsess ishtirokchilari so‘zga chiqadi.
18. Qonunga ko‘ra, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari majlisida ishtirok etayotgan mahkumga oxirgi so‘z berilmasligi, jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi sanaladi va apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi ajrimining bekor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
19. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari qanchalik to‘g‘ri aniqlanganligini, jinoyat va jinoyat-protsessual qonuni normalari qanchalik to‘g‘ri qo‘llanilganligini tekshiradi.
JPK 494-moddasining birinchi qismiga muvofiq, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari sudning hukmini bekor qilishga va mahkumga jazoni kuchaytirgan yoki unga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan e’lon qilingan ayblov doirasida (ayblovning ayrim qismlari birinchi instansiya sudi tomonidan muhokama qilinmagan holatlarda ham) og‘irroq jinoyat to‘g‘risidagi qonunni qo‘llagan holda yangi ayblov hukmi chiqarishga haqli.
JPK 494-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari jazoni kuchaytirishga, shuningdek, og‘irroq jinoyatga doir qonunni qo‘llashga faqat shu asoslarga ko‘ra jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilgan yoki prokuror tomonidan protest bildirilgan va JPK 4974, 501-moddalarida belgilangan muddatlar o‘tib ketmagan hollardagina haqli.
Agar ishni ko‘rish vaqtida sudlanuvchi tomonidan ayb e’lon qilinmagan boshqa jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari JPK 416-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq qaror qabul qiladi.
Agar ishni ko‘rish vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari JPK 417-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq qaror qabul qiladi.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari faqat prokuror tomonidan protest bildirilgan, jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili tomonidan shikoyat berilgan hollardagina oqlov hukmini bekor qilib, ayblov hukmi chiqarishga haqli.
20. JPK 483-moddasiga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari shikoyat (protest)da bayon etilgan vajlar bilangina chegaralanmasdan, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini to‘la hajmda tekshirishi shart.
Ish bo‘yicha bir necha mahkum (oqlangan shaxs) o‘tgan bo‘lib, hukm ustidan ulardan ayrimlari shikoyat bergan hollarda ham apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarida ish barcha mahkumlarga (oqlangan shaxslarga) nisbatan ko‘riladi.
Biroq agar bu mahkum (oqlangan shaxs)ning ahvolini og‘irlashuviga olib kelsa, prokuror protesti yoki jabrlanuvchining shikoyati bo‘lmagan hollarda, sud shikoyat (protest)da keltirilgan vajlar doirasidan chetga chiqishga, shuningdek, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati bermagan mahkumlar (oqlangan shaxslar)ga nisbatan ishni ko‘rishga haqli emas (JPK 494-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari).
Apellyatsiya tartibida shikoyat bermagan shaxs, agar apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimida uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor xulosalar qilinmagan bo‘lsa, sud qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqini saqlab qoladi.
21. Muayyan sababga ko‘ra, ayrim mahkumlarga nisbatan qonunda belgilangan muddatda berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) boshqa mahkumlarga nisbatan ish ko‘rilgandan so‘ng kelib tushsa yoki o‘tkazib yuborilgan muddat JPK 4975-moddasi tartibida tiklansa yoxud mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining apellyatsiya shikoyati shu mahkumga nisbatan protsessning boshqa ishtirokchisi tomonidan berilgan shikoyat (protest) ko‘rilgandan so‘ng kelib tushsa, apellyatsiya instansiyasi sudi JPK 49735-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilishi kerak.
Agar muayyan sababga ko‘ra ayrim mahkumlarga nisbatan qonunda belgilangan muddatda berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) boshqa mahkumlarga nisbatan ish ko‘rilgandan so‘ng kelib tushsa yoki mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining kassatsiya shikoyati shu mahkumga nisbatan protsessning boshqa ishtirokchisi tomonidan berilgan shikoyat (protest) ko‘rilgandan so‘ng kelib tushsa, kassatsiya instansiyasi sudi JPK 50913-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilishi kerak.
22. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari, agar chiqarilgan hukm JPK 455-moddasi talablariga muvofiq ekanligini aniqlasa, uni o‘zgarishsiz qoldiradi.
Hukm o‘zgarishsiz qoldirilganida apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari quyidagilarga haqli:
JPK 533-moddasi birinchi qismining 1 — 4-bandlarida ko‘rsatilgan asos mavjud bo‘lganda, hukmning ijrosini kechiktirishga;
amnistiya aktini qo‘llashga.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan quyi instansiyasi sudi hukmi, ajrimining tavsif yoki qaror qismiga o‘zgartirish kiritilganda ham, basharti bu ayblov hajmi, qilmishning kvalifikatsiyasi, tayinlangan jazo turi va miqdori o‘zgarishiga olib kelmasa, sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
23. JPK 485-moddasida hukm, ajrimni bekor qilinishi va o‘zgartirilishi uchun umumiy asoslar belgilangan bo‘lib, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ularni ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda qo‘llashi mumkin.
Hukm quyidagi hollarda o‘zgartirilishi shart, agar:
sud tergovi to‘liq bo‘lmasa yoki bir yoqlama olib borilgan bo‘lib, biroq yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘ldirilganidan so‘ng apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari jinoyat kvalifikatsiyasi o‘zgartirilishi zarurligi haqida xulosaga kelsa;
hukmda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq bo‘lmay, biroq apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ularga, shu jumladan, mahkumning ahvolini og‘irlashtirmagan holda tegishli baho bera olsa;
ish bo‘yicha JPK normalari buzilgan bo‘lib, ularning apellyatsiya, kassatsiya instansiyasida bartaraf etilishi hukmning o‘zgartirilishiga olib kelsa;
sud tomonidan JK normalari noto‘g‘ri qo‘llanilgan bo‘lib, biroq apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari bu xatoni, shu jumladan, mahkumning ahvolini og‘irlashtirmagan holda tuzatishi mumkin bo‘lsa;
apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tayinlangan jazo yengillashtirilishi lozim deb hisoblasa.
24. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari hukmni o‘zgartirish uchun asoslar mavjud bo‘lganda quyidagilarga haqli:
qilmishni JK boshqa moddasiga (bir necha modda yoki qismlariga) qayta kvalifikatsiya qilishga;
hukmdan ayblovning bir qismini (ayrim epizodlarini) yoki mahkumning javobgarligini og‘irlashtiruvchi belgilarni chiqarishga;
hukmdan jinoyatlarning ideal majmui tariqasida qilmishni noto‘g‘ri baholash tufayli ortiqcha e’lon qilingan JK moddasini chiqarishga;
JK 70 — 72, 87-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, mahkumni jazodan ozod qilishga;
jazo miqdorini o‘zgartirib, JK Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida yengilroq yoxud JK 57-moddasini qo‘llagan holda jazo tayinlashga;
jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplash miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirishga, shuningdek, ushbu masala birinchi instansiya sudi tomonidan hal etilmagan hollarda, bunday zararni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishga;
mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topishga yoki hukmdan uni o‘ta xavfli retsidivist deb topish haqidagi qarorni chiqarishga;
mahkumga nisbatan jazoni ijro etish koloniyasining boshqa, shu jumladan, qattiqroq turini belgilashga;
JK 96-moddasiga muvofiq mahkumga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashga;
ashyoviy dalillar, protsessual chiqimlar to‘g‘risidagi masalalarni va boshqa masalalarni hal etishga.
25. JPK 494-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari talablariga rioya etgan holda mahkumning qilmishini JK bir moddasidan ikki va undan ortiq moddalariga yoki bir moddaning bir necha qismlariga qayta kvalifikatsiya qilganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari hukmga jazoni kuchaytirmagan holda tegishli o‘zgartirishlar kiritish va JK 59-moddasida belgilangan qoidalarga muvofiq jazo tayinlashga haqli.
Bunda yangi jazo hukm bo‘yicha tayinlangan jazodan og‘irroq bo‘lishi faqat shu asoslarga ko‘ra jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilgan yoki prokuror tomonidan protest bildirilgan hollardagina mumkin.
Agar JK bir moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi shart bo‘lgan ikki yoki undan ortiq qilmish Kodeksning bir necha moddasi bilan noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan bo‘lsa, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ushbu qilmishlarni JK tegishli moddasiga qayta kvalifikatsiya qilib, shu modda bo‘yicha ilgari tayinlangan jazoni kuchaytirmagan holda yangi jazo belgilashga haqli.
26. Birinchi instansiya sudi tomonidan jazolarni qoplash qoidalari (JK 59-moddasining uchinchi qismi) noto‘g‘ri qo‘llanilganligi aniqlanganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari jazolarni qo‘shish tartibini qo‘llashi mumkin. Bunda, agar shu asoslarga ko‘ra jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilmagan yoki prokuror tomonidan protest bildirilmagan bo‘lsa, yangi jazo hukm bo‘yicha tayinlangan uzil-kesil jazo miqdoridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
27. Boshqa epizodlar bilan umumiy kvalifikatsiya qilingan bir yoki bir necha epizod (masalan, bir necha marta pora olganlik) bo‘yicha ish holatlari to‘liq tekshirilmagan deb topilganda, agar yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni to‘ldirish uchun imkoniyat bo‘lmasa, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari hukmni o‘zgartirib, ularni hukmdan chiqarishi lozim.
Agar mahkum JKning turli moddalari bo‘yicha kvalifikatsiya qilingan bir necha jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan bo‘lsa, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari hukmning bir yoki bir necha jinoyatga oid qismini o‘zgartirib, o‘sha mahkumga nisbatan hukmning qolgan qismini o‘zgarishsiz qoldirishi mumkin.
28. Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm so‘zsiz bekor qilinishiga sabab bo‘ladigan darajada jiddiy buzilishi tushunchasi JPK 488-moddasida belgilangan. Bunday qonun buzilishi aniqlaganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari jinoyat ishi kimning shikoyati (protesti)ga ko‘ra, ko‘rilayotganligidan qat’iy nazar, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi daxl etgan barcha mahkumlarga nisbatan hukmni bekor qilishi shart.
Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat-protsessual qonuni normalari jiddiy buzilganligining aniqlanishi apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarini shikoyat, protestda keltirilgan boshqa vajlarni ham (ayblovning isbotlanganligi, kvalifikatsiyaning to‘g‘riligi, jazoning adolatliligi to‘g‘risida va h.k.) mazmunan ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha ajrimda tegishli xulosa chiqarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Jinoyat ishi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan JPK ning jiddiy buzilishi hollari apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan hukm bekor qilinib, yangi hukm (ayblov yoki oqlov hukmi) chiqarilishiga yoki ishning JPK 84-moddasiga muvofiq tugatilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
29. Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tgandan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hollarda, hukm, garchi unda mahkum jazodan ozod qilingan bo‘lsa-da, bekor qilinib, ish tugatilishi kerak.
Agar apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari mahkumning harakatlarini JK boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish kerakligi to‘g‘risida xulosaga kelsa va bu modda shaxsni jazodan ozod etishni nazarda tutuvchi yoki jazo qo‘llanilishini istisno etuvchi amnistiya akti ta’siri doirasiga tushsa, birinchi instansiya sudi qabul qilishi shart bo‘lgan qarorni chiqarishi kerak. Mahkumning harakatlari JKning boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilinib, ushbu modda bo‘yicha shaxs JPK 463-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi hamda uchinchi qismining 2 va 5-bandlariga muvofiq jazodan ozod qilinishi lozim bo‘lgan yoki unga nisbatan jazo tayinlanishi istisno etilgan hollarda ham shunday qaror qabul qilinishi lozim.
30. JPK 494-moddasining ikkinchi qismi mazmuniga ko‘ra, hukm apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi tomonga faqat jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyatida, prokuror protestida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha bekor qilinishi mumkin.
Boshqa mahkumlar yoki ular himoyachilarining og‘irroq jinoyatga doir qonunni qo‘llash zarurligi yoki jazoning yengilligi to‘g‘risidagi shikoyatlari hukmni mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi tomonga bekor qilish uchun asos bo‘la olmaydi.
31. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari hukmni bekor qilish uchun asoslar mavjud bo‘lganda quyidagilarga haqli:
1) ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmi chiqarishga;
2) ayblov hukmini bekor qilish va yangi ayblov hukmi chiqarishga;
3) oqlov hukmini bekor qilish va ayblov hukmi chiqarishga;
4) ayblov hukmini bekor qilish va jinoyat ishini tugatishga;
5) JPK 493-moddasining 4-qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, sudning ayblov hukmini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborishga.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ushbu bandning 1 — 3-kichik bandlarida nazarda tutilgan hollarda apellyatsiya, kassatsiya hukmini chiqaradi.
32. JPK 49734, 50911-moddalariga muvofiq, ishni xususiy shikoyat (protest) bo‘yicha ko‘rganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari quyidagilarga haqli:
1) birinchi instansiya sudining ajrimini o‘zgarishsiz, xususiy shikoyatni (xususiy protestni) esa, qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni yangidan sudda ko‘rib chiqish uchun yuborishga;
3) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni umumiy qoidalar bo‘yicha surishtiruv yoki dastlabki tergovni o‘tkazish uchun prokurorga yuborishga;
4) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va amnistiya aktini qo‘llashga;
5) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga;
6) birinchi instansiya sudining xususiy ajrimini bekor qilishga;
7) birinchi instansiya sudining ajrimini o‘zgartirishga.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarining birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) bo‘yicha chiqarilgan ajrimi uzil-kesil hisoblanib, bundan JPK 308, 317-moddalarida va 59-bobida nazarda tutilgan hollar mustasno.
33. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, oqlov hukmining asosi bu haqda shikoyat berilgan hollardagina o‘zgartirilishi mumkin (JPK 495-moddasining ikkinchi qismi).
Oqlov hukmi apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan, faqat shaxsning asossiz oqlanganligi to‘g‘risida jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyati yoki prokurorning protesti bo‘lgan hollarda bekor qilinishi mumkin.
Ayrim oqlangan shaxslarga nisbatan shikoyat (protest) berilishi boshqa oqlangan shaxslarga nisbatan hukmning bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi uchun asos bo‘lmaydi.
34. Agar mahkumning o‘zi yoki protsessning boshqa ishtirokchilari tomonidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berilgandan so‘ng, biroq ish apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rilgunga qadar vafot etsa, ish yuritish umumiy asoslarda davom ettiriladi.
Marhumni reabilitatsiya qilish uchun asoslar bo‘lgan taqdirda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ayblov hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqaradi, boshqa hollarda esa, hukmni bekor qilib, ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishini JPK 84-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq tugatadi.
Ish tugatilganda, ashyoviy dalillar taqdiri haqidagi masala JPK 211-moddasiga muvofiq, ularning tegishliligi to‘g‘risida nizo kelib chiqqanda esa — fuqarolik ish yurituvi tartibida ko‘rilishi mumkin. Marhumning harakatlari bilan yetkazilgan zararni undirish masalasi ham jabrlanuvchi yoki prokuror tomonidan marhumning vorislariga yoki uning mulkini boshqarish huquqini o‘ziga olgan shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan da’vo bo‘yicha fuqarolik ish yurituvi tartibida ko‘riladi.
35. Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlari jinoyat ishini ko‘rib chiqishda ilgari aniqlangan holatlar bilan birga ish bo‘yicha JPK 83-moddasi hamda 84-moddasining birinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlangan bo‘lsa yoki ish bo‘yicha to‘plangan dalillar mahkumni aybdor deb topish uchun yetarli bo‘lmasa, shuningdek, qo‘shimcha dalillarni to‘plash imkoniyati qolmagan bo‘lsa, JPK 496-moddasiga muvofiq, sud qarorini bekor qiladi va jinoyat ishini tugatadi.
36. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari jinoyat ishini ko‘rish natijalariga ko‘ra:
JPK 49726, 5099-moddalari birinchi qismining 1-bandida, 5 — 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda — ajrim;
JPK 49726, 5099-moddalari birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan hollarda — hukm;
bir vaqtning o‘zida har ikkala holat yuzasidan qaror qabul qilish lozim bo‘lsa, tegishlicha alohida hukm va ajrim chiqaradi.
37. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimi JPK 49731, 50910-moddalari talablariga muvofiq bo‘lishi, jumladan, unda apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)da keltirilgan har bir vaj muhokama etilib, uning asosliligi yoki asossizligi yuzasidan xulosalar bayon etilishi shart.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarining hukmi, ajrimi e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va JPK 49731-moddasining sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlari hamda 50910-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida ko‘rsatilgan muddatlarda ijro etiladi.
38. JPK 298-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, shuningdek, surishtiruv, dastlabki tergov yuritilgan yoki sud muhokamasi vaqtida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligini aniqlagan taqdirda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari JPK 49732, 50911-moddalariga asosan xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan tegishli organ yoki mansabdor shaxsning e’tiborini bunga qaratishi mumkin.
Sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari uning qonuniyligi va asosliligini shubha ostiga qo‘yuvchi xususiy ajrim chiqarishga haqli emas.
39. Qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishi holatini tahlil qilib borish maqsadida viloyat va ularga tenglashtirilgan sudlarga jinoyat ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini har yarim yilda umumlashtirish tavsiya etilsin.
40. Mazkur qaror qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida” 2021-yil 20-apreldagi 13-sonli hamda “Jinoyat ishlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida” 2021-yil 27-noyabrdagi 37-sonli qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2024-yil 25-mart,
7-son