O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari (“O‘zmontajmaxsusqurilish”) assotsiatsiyasini tashkil etish to‘g‘risida
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-iyundagi PF-4622-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari (“O‘zmontajmaxsusqurilish”) assotsiatsiyasini tashkil etish to‘g‘risida” 1992-yil 27-oktabrdagi PF-482-sonli Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Montaj va maxsus qurilish tashkilotlari hamda korxonalarini bozor munosabatlariga o‘tkazishning tashkiliy va iqtisodiy shart-sharoitlarini yaratish ularning xo‘jalik mustaqilligini kengaytirish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga oid tadbirlarni amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Montaj va maxsus qurilish ishlari vazirligi tugatilsin.
Ixtiyoriy asosda O‘zbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari (“O‘zmontajmaxsusqurilish”) assotsiatsiyasini tashkil etish to‘g‘risida, montaj, ixtisoslashtirilgan qurilish, sozlash, ilmiy-tadqiqot va loyiha tashkilotlari, metall konstruksiyalari tayyorlash zavodlari hamda boshqa korxonalar mehnat jamoalarining taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari assotsiatsiyasi:
ijara, kollektiv, aksionerlik tashkilotlarini hamda mulkchilikning boshqa shakllariga asoslangan montaj, ixtisoslashtirilgan qurilish, sozlash, ilmiy-tadqiqot va loyiha tashkilotlarini, sanoat va transport korxonalarini ixtiyoriy paychilik asosida birlashtiruvchi yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘lgan xo‘jalik assotsiatsiyasidir;
o‘z faoliyatini muassislar yig‘ilishi tasdiqlagan va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan assotsiatsiya Nizomiga muvofiq to‘la xo‘jalik hisobi va o‘zini-o‘zi boshqarish prinsiplari asosida tashkil etadi.
3. Quyidagilar “O‘zmontajmaxsusqurilish” assotsiatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari qilib belgilansin:
respublika xalq xo‘jaligi va aholisining yuqori sifatli qurilish mahsulotiga, maxsus qurilish-montaj ishlariga va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida assotsiatsiyaga kiruvchi trestlar, korxonalar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
yagona ilmiy-texnikaviy siyosat o‘tkazish, asosan materiallarning yangi turlarini, uskunalarni montaj qilish va ulardan foydalanishning ilg‘or sistemalarini, uy-joy, ijtimoiy-madaniy va sanoat inshootlarini qurish texnologiyalarini ishlab chiqish hamda joriy etish;
assotsiatsiyaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarga bozor munosabatlariga o‘tishda, ularni ijara, kollektiv, aksionerlik va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga aylantirishda ko‘maklashish;
assotsiatsiyaga a’zo bo‘lgan korxonalarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini belgilash, birgalikdagi investitsiya faoliyati, mehnat jamoalarining ijtimoiy ahvolini yaxshilash, ularning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash sohasida yagona strategiyani ro‘yobga chiqarish;
mahsulot yetkazib beruvchilar, jumladan tashqi iqtisodiy faoliyatda mahsulot yetkazib beruvchilar bilan uzoq muddatli bevosita aloqalar o‘rnatishda korxonalarga ko‘maklashish, ularga tijorat, marketing xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida O‘zbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari assotsiatsiyasi faoliyatini tashkil etish masalalariga oid qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 27-oktabr,
482-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 12-son, 454-modda)