O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat yong‘in nazorati hamda sanitariya-epidemiologiya sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatimizda aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish va fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, davlat yongin nazorati hamda sanitariya-epidemiologiya sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning aniq huquqiy asoslari mavjud emasligi, xizmat ko‘rsatish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmaganligi, ariza beruvchilar bilan muloqot an’anaviy tarzda amalga oshirilayotganligi aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun byurokratik talablarni hamda ortiqcha ovoragarchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish va ularning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-martdagi 169-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2024-y., 09/24/169/0260-son)
2. Raqamli texnologiyalar vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan reglamentlarga muvofiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali joriy etilishini ta’minlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
3. Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi yuzasidan YIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan reglamentlar talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazolarni qo‘llasin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Yong‘in xavfsizligi qoidalari quyidagi mazmundagi 41-band bilan to‘ldirilsin:
“41. “Litsenziya” axborot tizimi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimi, “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bino (inshoot) va xonalarning yongin xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosa ushbu Qoidalar va yongin xavfsizligi talablari belgilangan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga asosan beriladi.
Bunda mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan axborot tizimlari orqali bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosa 10 ish kuni ichida beriladi.
Bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablari ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmaganda, xulosa berish rad etiladi”.
5. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A.X. Qo‘ldoshev, adliya vaziri A.J. Tashkulov hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshlig‘i B.Q. Yusupaliyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 4-aprel,
142-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-martdagi 169-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2024-y., 09/24/169/0260-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-martdagi 169-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2024-y., 09/24/169/0260-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2023-y., 09/23/142/0197-son; 29.12.2023-y., 09/23/688/0996-son; 02.04.2024-y., 09/24/169/0260-son)