O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“QIZILQUMNODIRMETALLOLTIN” DAVLAT KONSERNINING NAVOIY KON-METALLURGIYA KOMBINATINI KADRLAR BILAN TA’MINLASh HAMDA MEHNATKAShLARNING IJTIMOIY ShART-ShAROITLARINI YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatini (Navoiy KMK) malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, tibbiy sanatoriya-kurortda davolanish hamda oziq-ovqat bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni bilan birgalikda konsern korxonalarini yuqori malakali mutaxassislar va ishchilar bilan ta’minlash dasturini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
“O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda mintaqaning kon-metallurgiya, kimyo-texnologiya, energetika va mashinasozlik ixtisosliklari bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan uzoq muddatli ehtiyojini hisobga olgan holda bir oy muddatda Toshkent davlat texnika universitetining Navoiy filiali negizida Navoiy politexnika institutini tashkil etish to‘g‘risida takliflar tayyorlasin. Bunda tashkil etilayotgan institutning tuzilmasida ushbu oliy o‘quv yurti yo‘nalishi bo‘yicha korxonalarning rahbar xodimlari va mutaxassislari malakasini oshirish fakultetini tashkil etish, shuningdek, boshqa shahardan kelgan o‘qituvchilarni uy-joy bilan ta’minlagan holda uni professor-o‘qituvchi kadrlar bilan to‘ldirish nazarda tutilsin;
1994-yil fevral oyidan boshlab Zarafshon, Uchquduq, Navoiy shaharlarida muhandis-texnik ixtisosliklari bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun pulli tayyorlov kurslari tashkil etsin;
Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi buyurtmanomalari bo‘yicha mintaqa maktablari uchun 1994-1995 o‘quv yilidan boshlab Samarqand va Buxoro davlat universitetlarida tanlov asosida pedagog kadrlar tayyorlashni tashkil etsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi, “Qiziliqumnodirmetalloltin” konserni 1994-yilda Navoiy pedagogika instituti kompleksi qurilishini nihoyasiga yetkazsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
Navoiy kon-metallurgiya kombinatining davolash muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin, tanlov asosida Toshkent va Samarqand tibbiyot institutlaridan yosh mutaxassislar maqsadli yuborilishini tashkil etsin. Davolash muassasalarini zarur dori-darmonlar bilan ta’minlasin.
1994-1995-yillarda ishlab turgan sanatoriy yoki respublikaning davolash muassasi negizida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining kasb kasalliklariga duchor bo‘lgan xodimlarini davolash uchun sanatoriy tashkil etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Navoiy viloyati hokimligi bir oy muddatda 1994-1995-yillarda madaniy-ommaviy tadbirlarni o‘tkazish dasturini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni korxonalarida ixtisoslashtirilgan klinikalarda, sanatoriy-kurortlarda davolanishga, dafn marosimlariga, mehnat ta’tilini o‘tkazish uchun respublika tashqarisiga ketuvchilar, shuningdek, MDH davlatlarida istiqomat qilayotganlarga kasb kasalliklari va nogironlik bo‘yicha yetkazilgan zarar to‘lovlarini, alimentlarni to‘lash, korxonalarning yo‘llanmalari bilan ta’lim olayotgan talabalarga stipendiyalar to‘lash uchun so‘m-kuponlarni Rossiyaning 1993-yil namunasidagi rubllariga almashtirish punktlarini tashkil etsin hamda ularni Navoiy kon-metallurgiya kombinatining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankidagi korrespondentlik schyotiga naqd pulsiz hisob-kitoblar bo‘yicha o‘tkazilgan Rossiya Federatsiyasi rubllaridagi mablag‘lari hisobiga Rossiyaning 1993-yil namunasidagi rubllari bilan ta’minlasin.
7. Navoiy viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni korxonalarining, Navoiy viloyatining boshqa korxonalari hamda budjet tashkilotlari xodimlari bo‘lgan fuqarolarga shaxsiy mulk qilib berilgan kvartiralarni sotib olish tartibi to‘g‘risida Vaqtinchalik nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda uni 1994-yilning fevralidan boshlab amalga kiritsin.
8. Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga O‘zbekiston Respublikasining markaziy rayonlarida hamda MDH davlatlarida pensionerlar, kasb kasalliklariga duchor bo‘lganlar, mehnat jarohati olgan shaxslar uchun korxonaning foydasi hisobiga uy-joy qurishga hamda keyinchalik bo‘shab qolgan uylarni kombinatga bepul topshirgan holda ssudalar berishga ruxsat etilsin.
9. Navoiy, Samarqand, Buxoro viloyatlari hokimlari Uchquduq, Zarafshon, Navoiy, Sovetobod va Nurobod shaharlarida shaharlarning hokimliklari, “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni korxonalari, transport tashkilotlari hamda hududiy bojxona boshqarmalari vakillaridan iborat respublika tashqarisiga shaxsiy mol-mulklarini jo‘natayotgan fuqarolarga konsultativ yordam va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha jamoat komissiyalarini amaldagi qonunchilikka muvofiq tuzsinlar. Korxonalarning hududlarida shaxsiy mol-mulklarni ko‘zdan kechirish va ularni jo‘natish bo‘yicha bojxona postlari tashkil etsinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zbeksavdo” davlat-aksionerlik uyushmasi bilan birgalikda:
uzoq muddat saqlash uchun qo‘yiladigan kartoshka va sabzavot mahsulotlarining ikki oylik me’yori zaxirasini ta’minlash uchun Navoiy kon-metallurgiya kombinati Ishchilar ta’minoti boshqarmasining oborot mablag‘larini to‘ldirish;
tovarlarni qayta baholash paytida oborot mablag‘larni to‘ldirishga yo‘naltiriladigan farqni kombinat ishchilar ta’minoti boshqarmasi ixtiyorida qoldirish masalasini ko‘rib chiqsin.
11. “O‘zbeksavdo” davlat-aksionerlik uyushmasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro viloyatlari hokimliklari Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Ishchilar ta’minoti boshqarmasiga me’yorlashtirilgan oziq-ovqat tovarlarini hamda eng zarur narsalarni markazlashtirilgan fondlardan unga ajratilgan hajmlar bo‘yicha yetkazib berishni amalga oshirsinlar, shuningdek boshqa xalq iste’mol tovarlari birinchi navbatda ajratilishini ta’minlasinlar.
12. “O‘zdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasi “Qizilqumnodirmetalloltin” konserniga 1994-yil uchun ajratilgan kvotalar hajmini avtomobil benzini bo‘yicha 31,3 ming tonnadan 36,7 ming tonnagacha, dizel yoqilg‘isi bo‘yicha 56,3 ming tonnadan 86,4 ming tonnagacha ko‘paytirsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari A.N. Voznenko zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 25-yanvar,
33-son