Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKINING TAKLIFLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bank tizimini yuqori malakali mutaxassislar va tajribali rahbarlar bilan yanada mustahkamlash, bank axborotlarini himoya qilish, mablagʻlarning oʻgʻirlanishiga olib keluvchi ijozat berilmagan xatti-harakatlarning oldini olish, shuningdek, bu sohadagi korrupsiya, poraxoʻrlik va taʼmagirliklarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining:
respublika barcha bank tizimining viloyat, shahar va tuman boʻlim (filial)lari rahbarlarining faqat Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan vazifaga tayinlanishlari va vazifadan boʻshatilishlari tartibini belgilash toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki apparati tarkibida Ichki xavfsizlik maxsus boshqarmasini tashkil etish va uning zimmasiga korrupsiya, poraxoʻrlik, taʼmagirlik va boshqa salbiy holatlarning oldini olish va ularga qarshi kurash masalalarini yuklash haqidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil19-yanvar,
15-son