Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONLARIDA SUYUQ UGLEVODORODLAR QAZIB CHIQARISHNI KOʻPAYTIRISH TOʻGʻRISIDA
Suyuq uglevodorodlar zaxiralarini toʻla kavlab olishni taʼminlovchi ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash yoʻli bilan Shimoliy Oʻrtabuloq konida va respublikaning boshqa konlarida suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish hajmlarini koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzgeoneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzneftniqaytaishlash” aksiyadorlik kompaniyasi va “Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasi oʻrtasida Shimoliy Oʻrtabuloq konida suyuq uglevodorodlar qazib chiqarishni koʻpaytirishga doir, keyinchalik respublikada qayta ishlagan va xalqaro bozorda sotgan holda, ishlar majmuini bajarish yuzasidan kontrakt (bundan keyin qazib chiqarishni koʻpaytirish kontrakti deb ataladi) tuzilishiga rozilik berilsin.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga va qazib chiqarishni koʻpaytirish kontraktiga muvofiq “Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasi:
8,1 mln AQSH dollari miqdorida atrofidagi oʻz mablagʻlari hisobiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs yoki filial tashkil etmasdan qazishni, rezervuarni geologik tadqiq qilishni, quduqlarni toʻliq taʼmirlashni va “Oʻzgeoneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasiga Shimoliy Oʻrtabuloq konida suyuq uglevodorodlar qazib chiqarishni jami 472,9 ming tonnagacha koʻpaytirish imkonini beradigan boshqa ishlarni amalga oshiradi;
qazib chiqarilishiga koʻra, investitsiyalardan olinadigan daromad sifatida, mazkur loyihani roʻyobga chiqarish yoʻli bilan qoʻshimcha ravishda olinadigan suyuq uglevodorodlarning har bir quduqdan qazib chiqarishda oʻsishga erishilgan vaqtdan boshlab dastlabki uch yilda 50 foizi miqdoridagi va keyingi besh yilda 20 foizi miqdoridagi ulushiga mulk egasi huquqini oladi;
“Oʻzgeoneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzneftniqaytaishlash” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda, qayta ishlangan suyuq uglevodorodlardagi oʻz ulushini vakolatli diler orqali sotadi;
buxgalteriya hisobini AQSH dollarida yuritadi, bunda hisobot davri yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining buxgalteriya hisobi tuzilgan sanadagi rasmiy kursi boʻyicha soʻm ekvivalentida taqdim etadi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
“Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasining ushbu loyiha boʻyicha, suyuq uglevodorodlardagi oʻz ulushini sotishdan oladigan daromadlariga 16 foizli stavka boʻyicha faqat foyda soligʻi solinadi va “Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasida soliqlar va toʻlovlar, shu jumladan olib kelinadigan asbob-uskunalar uchun bojxona toʻlovlari boʻyicha boshqa majburiyatlarga ega emas;
“Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasining ushbu loyihani roʻyobga chiqarish doirasida jalb etiladigan xorijiy subpudratchilari barcha soliqlar, bojlar, yigʻimlar toʻlashdan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida olinadigan boshqa majburiy toʻlovlardan ozod qilinadilar;
“Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasi foydasidan soliq toʻlashda soliq solinadigan bazadan uning ushbu loyiha boʻyicha faoliyati bilan bogʻliq barcha xarajatlar, shu jumladan banklar va boshqa tashkilotlar kreditlari foizlari boʻyicha toʻlovlar summasi chiqarib tashlanadi;
“Oʻzgeoneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzneftniqaytaishlash” aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasining respublika va mahalliy budjetlariga barcha soliqlar va ajratmalarni suyuq uglevodorodlarni qazib olishning koʻpaygan butun hajmi hamda ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar boʻyicha toʻlaydilar, “Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasi tomonidan toʻlanadigan suyuq uglevodorodlar ulushi boʻyicha foyda soligʻi bundan mustasno.
4. “Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasiga joriy davrda koʻrilgan zararlarni, ularni soliq solinadigan bazadan chiqarib tashlash maqsadida, keyingi yillarga koʻchirishiga ruxsat berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi qazib chiqarishni koʻpaytirish toʻgʻrisidagi kontraktni eksportga yoʻnaltirilgan investitsiya shartnomasi sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Shimoliy Oʻrtabuloq konida suyuq uglevodorodlar qazib chiqarishni koʻpaytirish loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzgeoneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi buyurtmanomalariga binoan, “Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasi hamda uning xorijiy subpudratchilari xodimlari uchun koʻp martalik vizalarni bir yildan kam boʻlmagan muddatga, vizalarni rasmiylashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimlari undirmasdan, rasmiylashtirishni taʼminlasin.
8. Belgilansinki:
qazib chiqarishni koʻpaytirish kontrakti boʻyicha “Beyker Xyuz (Kipr) Limited” kompaniyasi tomonidan ilgari keltirilgan, “Oʻzgeoneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi balansiga beriladigan asbob-uskunalar va materiallar foyda soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq solish, shuningdek bojxona toʻlovlari obyekti hisoblanmaydi, bojxona rasmiylashtirishlari uchun yigʻimlar bundan mustasno;
qazib chiqarishni koʻpaytirish kontrakti tomonlarga, ular oʻzaro kelishishgan taqdirda, Shimoliy Oʻrtabuloq konida qazish ishlarini amalga oshirish uchun ushbu qaror bilan berilgan investitsiya shartlarida kelgusida Odamtosh, Janubiy Kemachi va Umid konlarida qazish ishlarini amalga oshirish huquqini beradi.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 2-iyul,
322-son