O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi PQ-5280-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi PQ-5099-son qarori bilan tasdiqlangan Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, shuningdek, iqtidorli sportchilarni professional bokschilar sifatida tayyorlash, Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz faoliyatini keng targ‘ib etish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi (keyingi o‘rinlarda — boks maktabi) tashkil etilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)
2. Quyidagilar boks maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:
zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnika hamda o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish va turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda — Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqalarda O‘zbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan xalqaro darajadagi bokschilarni tayyorlash;
xalqaro darajadagi bokschilarni tayyorlash uchun yuqori malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilarni, shu jumladan xorijiy mamlakatlardan yetakchi mutaxassislarni keng jalb etish orqali boks bo‘yicha trenerlar tarkibini mustahkamlash;
bokschilarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilg‘or tajribani hisobga olgan holda, o‘quv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan ularni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish;
bokschilarning professional fazilatlarini rivojlantirish, shuningdek, boksni rivojlantirishning xalqaro talablariga muvofiq holda O‘zbekiston milliy terma jamoalariga yuqori mahoratli bokschilarni tayyorlash;
Oldingi tahrirga qarang.
yosh istiqbolli bokschilarni tanlash va tarbiyalash masalalari bo‘yicha sport maktablari, ixtisoslashtirilgan sport maktablari, olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari, boks bo‘yicha oliy sport mahorati maktablari, sport yakkakurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi va boshqa sport-ta’lim muassasalari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish;
(2-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
boks bo‘yicha milliy terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida o‘quv-mashq yig‘inlari, respublika va mintaqaviy sport musobaqalarini tashkil etish hamda muntazam ravishda o‘tkazib borish, trenerlar hamda bokschilarning kasb mahorati darajasini oshirish uchun tajriba almashish bo‘yicha xorijiy boks maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
boks maktabi o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi “Sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 410-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiradi, shu jumladan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi;
boks maktabi o‘z faoliyatini 2022/2023 o‘quv yilidan boshlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
boks maktabi o‘quvchilarining umumiy kontingenti jami 168 nafarni tashkil etib, ular 5 — 11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi;
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)
boks maktabi o‘quvchilarini umumta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish ularga eng yaqin joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
boks maktabi o‘quvchilarini yashash uchun jihozlar, sport kiyim-boshi va anjomlari, forma bilan ta’minlashda oliy mahorat sport maktablarining normativlari tatbiq etiladi;
(3-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)
boks maktabi o‘quvchilarini tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi hamda o‘quvchilar to‘liq Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat bilan ta’minlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
boks maktabi direktori, uning o‘rinbosarlari, pedagog xodimlar, trener-o‘qituvchilar, yo‘riqchi-uslubchilar, tarbiyachilar mehnatiga haq to‘lash hamda maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, pedagog xodimlar va tarbiyachilar mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 275-son qaroriga muvofiq
(3-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)
boks maktabi direktori, uning o‘quv va sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, trener-o‘qituvchilar, yo‘riqchi-uslubchilar, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 211-son qaroriga muvofiq;
boks maktabi tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar boks maktabini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Davlat budjeti mablag‘lari;
faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va maktabning ustavidagi vazifalarga muvofiq bo‘lgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
asosiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydigan vaqtda bo‘sh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi PF-94-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sport vazirligi (A. Ikramov):
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)
a) uch oy muddatda:
boks maktabining ustavini tasdiqlash, shuningdek, uni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
boks maktabini zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali pedagog kadrlar hamda trenerlar bilan bosqichma-bosqich to‘ldirish choralarini ko‘rsin;
b) O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston boks federatsiyasi bilan birgalikda boks maktabida sportchilarni tayyorlash sifati yuzasidan doimiy davlat nazoratini amalga oshirsin;
v) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda boks maktabining boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
g) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilarini boks maktabida shug‘ullanish uchun jalb etish choralarini ko‘rsin.
(5-bandning “g” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Toshkent shahar hokimligi 2022-yil 1-avgustga qadar Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 9-mavzeda joylashgan 259-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududida zamonaviy boks maktabi tashkil etilishini va 2023-yil yakuniga qadar to‘liq jihozlanishini ta’minlasin
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Boks maktabini tashkil etish va jihozlash uchun Davlat budjetidan jami 25 milliard so‘m yo‘naltirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati va sport, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bilan birgalikda mazkur band talablaridan kelib chiqib 2022 — 2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining tegishli parametrlarini qayta ko‘rib chiqsin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
7. Qurilish vazirligi (B. Zakirov) boks maktabining loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida eng maqbul me’moriy hamda texnik yechimlar qo‘llanilishini, maktabni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
8. Moliya vazirligi boks maktabi faoliyatini saqlash bilan bog‘liq zarur mablag‘larni 2022-yil respublika budjetida ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida, 2023-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutishni ta’minlasin.
9. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov hamda Toshkent shahar hokimi v.b. Sh.B. Umurzakov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-mart,
PQ-162-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 07/22/162/0215-son; 29.07.2022-y., 07/22/337/0690-son; 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son; 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)