Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh, RAQOBAT VA TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASh DAVLAT QOʻMITASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-fevraldagi PF-4191-sonli “Monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish va raqobatni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiyotning xususiy sektorini jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirish, tabiiy monopoliya korxonalari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, bankrot va monopolist korxonalarni qayta tashkil etish, raqobat muhitini shakllantirish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning bozor tizimini yaratish boʻyicha qatʼiy chora-tadbirlarni amalga oshirishni, shuningdek isteʼmolchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
xususiy sektorni jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, jumladan xususiy tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish;
korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holati va raqobatchilik qobiliyatini chuqur tahlil etish, Monopoliyadan chiqarish sohasida, jumladan yirik monopolist korxonalarni kichiklashtirish va tarkibiy jihatdan oʻzgartirish, ular negizida ichki va tashqi bozorlarda samarali raqobat qila oladigan xususiy mustaqil ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha amaliy tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
tabiiy monopoliya tarmoqlarini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish va ulardan raqobat muhiti sharoitida faoliyat koʻrsata oladigan korxonalarni ajratib olish va xususiylashtirishni nazarda tutadigan dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
tabiiy monopoliya korxonalari oʻzlarining ichki bozordagi monopol mavqeidan foydalanib, ishlab chiqarayotgan mahsulot va koʻrsatilayotgan xizmatlar narxlarini asossiz ravishda sunʼiy oshirishlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ular ustidan nazoratni amalga oshirish;
yirik monopoliyalarning raqobatga zid harakatlarini, nopok raqobatchilar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan nohalol raqobatni, tovarlar va xizmatlar bozorlari monopoliya qilib olinishini cheklash hamda payini qirqishni taʼminlaydigan raqobat muhiti uchun huquqiy maydonni takomillashtirish;
iqtisodiy nochor korxonalar toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish chogʻida davlat manfaatlarini ifoda etish, korxonalarni tarkibiy jihatdan oʻzgartirish va ularning bankrotligi sohasida davlat boshqaruvi vazifalarini amalga oshirish;
isteʼmolchilar huquqlarini davlat tomonidan himoya qilish tizimini isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi jamoat tuzilmalari bilan mustahkam muvofiqlashtirgan holda tashkil etish;
reklama sohasida nopok raqobatga yoʻl qoʻymaslik maqsadida reklama bozorini tartibga solish.
3. Belgilansinki, quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan hududiy organlari hisoblanadi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiy nochor korxonalar ishlari hududiy boshqarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻlimi negizida tashkil etiladigan Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash qoʻmitasi;
viloyatlar va Toshkent shahrida — Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari, iqtisodiy nochor korxonalar ishlari hududiy boshqarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi hududiy boshqarmalarining kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻlimlari negizida tashkil etiladigan monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hududiy boshqarmalari.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasiga quyidagi huquqlar berilsin:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda ularning mansabdor shaxslariga, oʻz vakolati va Qoʻmita toʻgʻrisidagi tasdiqlangan Nizom doirasida, ular chiqargan qarorlarni bekor qilish yoki monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish, bankrotlik, raqobat va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi qonunchilikni buzadigan xatti-harakatlarni toʻxtatish va uning oqibatlarini tugatish toʻgʻrisida taqdimnomalar berish, shuningdek berilgan taqdimnomalar ijrosini nazorat qilish;
nopok raqobatchilar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mansabdor shaxslari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslari tomonidan monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish, bankrotlik, raqobat va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi qonunchilik buzilgan hollarda ularga qarshi sudlarda daʼvo qoʻzgʻatish;
monopolist korxonalarga, iqtisodiy nochorlik alomatlari mavjud boʻlgan yoki bankrotga uchrash holatiga kelib qolgan korxonalarga ularni kichiklashtirish va tarkibiy jihatdan oʻzgartirish zarurligi toʻgʻrisida taqdimnomalar berish, shuningdek sudning qaroriga binoan shunday taqdimnomalarning qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy bajarilishini amalga oshirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ularning mansabdor shaxslariga, shuningdek davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda jarimalar solish;
isteʼmolchilik huquqlari kamsitilgani toʻgʻrisida isteʼmolchilarning ariza va shikoyatlari yuzasidan, nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi bilan kelishilgan holda, ana shu huquqlarni buzgan korxona va tashkilotlarni tekshirish (ularning moliya-xoʻjalik faoliyati bundan mustasno).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin, unda mazkur qoʻmita tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyat erkinligi kamsitilishi va cheklanishiga yoʻl qoʻyilmasligi nazarda tutilgan holda uning huquq va vakolatlari aniq belgilab qoʻyilishi koʻzda tutilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi oʻzi taqdim etadigan daʼvolar yuzasidan koʻrib chiqish uchun xoʻjalik sudlariga kiritiladigan ishlar boʻyicha boj toʻlashdan ozod qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 2-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-2676-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 11-dekabrdagi “Korxonalarning bankrotligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi PF-1658-son Farmonining 3—9-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga, xususan raqobat toʻgʻrisidagi hamda tovar bozorlaridagi monopolistik faoliyatni cheklash, tabiiy monopoliyalar, bankrotlik, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunlarga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgarish va qoʻshimchalar haqida takliflar kiritsin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 30-aprel,
PF-3602-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 17-18-son, 127-modda)