O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibini takomillashtirish, zamonaviy axborot yechimlarini joriy etish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish, shuningdek, ushbu sohada ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Belgilansinki:
a) 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
Keyingi tahrirga qarang.
chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xaridni amalga oshirgan va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga ularning bank kartalariga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi respublika budjetidan qaytariladi, bundan avtomobil sotib olganlik uchun, temir yo‘l va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lov, shuningdek, to‘lov tizimi operatorlari orqali to‘lovni amalga oshirganda olingan xarid cheklari mustasno;
Keyingi tahrirga qarang.
sotib oluvchiga cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, shuningdek, identifikatsiya qilish vositalari bilan majburiy raqamli markirovka qilish nazarda tutilgan mahsulotlarda qalbaki markirovka qo‘llanilganligi yoki markirovka mavjud emasligi to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasi hisobidan qonunchilik hujjatlarida nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibining buzilishi bo‘yicha belgilangan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi. Bunda, jarimaning qolgan undiriladigan qismi belgilangan tartibda taqsimlanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
b) to‘lov tizimlari operatorlari o‘z to‘lov tizimlarini onlayn nazorat-kassa mashinalariga majburiy ravishda ulash va shu orqali soliq organlarining axborot tizimlariga integratsiyalashni ta’minlash talabi o‘rnatiladi.
2. Quyidagilar taqiqlansin:
a) 2022-yil 1-yanvardan boshlab Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi identifikatsiyalash kodlari aks ettirilmaydigan onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassa cheklarini taqdim etish.
Davlat soliq qo‘mitasi ushbu kichik bandning birinchi xatboshisida o‘rnatilgan talablar buzilgan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarni tegishli reyestrdan chiqarib tashlash choralarini ko‘rib borsin;
b) 2022-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lmagan onlayn nazorat-kassa texnikalarini davlat reyestriga kiritish hamda soliq organlarida ro‘yxatga olish, 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa ulardan aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda foydalanish:
bank kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilish;
onlayn nazorat-kassa mashinasining joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotni soliq organlariga taqdim etish (virtual kassalar va onlayn nazorat-kassa mashinasi sifatida foydalanilayotgan bank kartalarini qabul qiluvchi terminallar bundan mustasno);
shtrix-kodlar va raqamli markirovka kodlarini erkin o‘qish va aniqlash.
Keyingi tahrirga qarang.
3. 2022-yil 1-yanvardan boshlab raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari uchun onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassaga ulangan, shtrix-kodlar va raqamli markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qishni va aniqlashni ta’minlovchi maxsus qurilmalardan (2D-skanerlar, ma’lumotlarni yig‘uvchi terminallar yoki boshqa turdagi maxsus qurilmalar) majburiy foydalanish talabi o‘rnatilsin.
2023-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlariga onlayn nazorat-kassa mashinasi hamda mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan maxsus qurilmalarning har birini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bitta qurilma uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summalarini kamaytirish huquqi berilsin.
4. Davlat soliq qo‘mitasi Markaziy bank bilan birgalikda 2022-yil 1-aprelga qadar:
to‘lov terminali orqali amalga oshirilgan to‘lovlarning bir vaqtning o‘zida onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassa cheklarida ham aks ettirilishini;
barcha to‘lov tizimlarini onlayn nazorat-kassa mashinalari operatorlariga to‘liq ulashni ta’minlasin.
5. 2021-yil 1-dekabrdan boshlab elektron to‘lov tizimlari xizmatlari yordamida amalga oshirilgan tranzaksiyalarning (“P2P” to‘lovlari bundan mustasno) elektron cheklarida soliq organlari axborotlar tizimlariga integratsiyalashgan va avtomatik tarzda shakllanuvchi fiskal belgilarni majburiy aks ettirish talabi o‘rnatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Davlat soliq qo‘mitasi 2022-yil 1-martga qadar ishlab chiqaruvchilar va chakana savdo tarmoqlari tomonidan o‘z mijozlari o‘rtasida lotereya va yutuqli o‘yinlar o‘tkazish uchun mahsulotlarning chakana realizatsiyasi hajmlari va nomenklaturasi haqida ma’lumot berish imkoniyatiga ega axborot platformasini ishlab chiqishni yakunlasin.
7. Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasining o‘rnatilgan tartibdagi so‘rovi asosida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix-kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga xarid summasining 1 foizi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan belgilangan muddatlarda o‘tkazib borilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qaror mohiyati va mazmunining, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i orqali keng tushuntirilishini tashkil qilsin.
9. Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-oktabr,
PQ-5252-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2021-y., 07/21/5252/0928-son; 30.12.2021-y., 07/21/73/1227-son; 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son ; 10.02.2023-y., 06/23/21/0085-son; 10.01.2024-y., 07/24/13/0013-son; 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)