Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KICHIK VA OʻRTA BIZNES LOYIHALARINI MABLAGʻ BILAN TAʼMINLASH UCHUN BANK OF NYU-YORK (AQSH)NING KREDIT LINIYASINI JALB ETISH VA UNDAN FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
AQSH Eksport-import bankining sugʻurta qoplamasi ostida Bank of Nyu-York tomonidan beriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan kredit liniyasidan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2002-yil 12-martda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Bank of Nyu-York va AQSHning Eksport-import banki oʻrtasida kredit bitimi tuzilganligi;
AQSHning Eksport-import bankining sugʻurta qoplamasi ostida Bank of Nyu-York tomonidan beriladigan 54,97 million AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasi Oʻzbekiston Respublikasining kichik va oʻrta biznes subyektlari loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashga yoʻnaltirilishi;
kredit liniyasi doirasida import kontraktlar boʻyicha AQSHda ishlab chiqarilgan texnologiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va xizmatlar sotib olinishi nazarda tutilayotganligi;
AQSH Savdo va taraqqiyot agentligi orqali ish koʻruvchi Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati tomonidan kredit liniyasini jalb etish dasturi doirasida kichik va oʻrta biznes korxonalariga texnik yordamni mablagʻ bilan taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga 250 ming AQSH dollari miqdorida grant berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Bank of Nyu-York va AQSHning Eksport-import banki oʻrtasidagi kredit bitimini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
3. Quyidagilar:
Bank of Nyu-York, AQSHning Eksport-import banki hamda kredit bitimi va grant toʻgʻrisidagi bitim doirasida boshqa xorijiy qatnashchilarning daromadlari Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov manbaida daromad (foyda) soligʻi toʻlashdan;
Bank of Nyu-York tomonidan beriladigan mazkur kredit liniyasi boʻyicha mablagʻ bilan taʼminlanadigan investitsiya loyihalari doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelinadigan texnologiya asbob-uskunalari, materiallar va xizmatlar qoʻshilgan qiymat soligʻi va import bojxona poshlinalari toʻlashdan ozod qilinsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.'
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 9-avgust,
286-son